Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xorijda uzoq vaqt yashab qaytganlar OIVga majburiy tekshiruvdan o‘tadi

Xorijda uzoq vaqt yashab qaytganlar OIVga majburiy tekshiruvdan o‘tadi

Foto: «chet-elda-ishlash.uz»

Qayd etilishicha, OIV infeksiyasi aniqlangan mehnat migrantlarining 94,1 foiziga kasallik jinsiy yo‘l bilan yuqqanligi aniqlangan. Oqibatda kasallik ularning turmush o‘rtog‘i va tug‘ilajak farzandlariga yuqishiga sabab bo‘lmoqda.

Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan «Odamning immunitet tanqisligi virusiga tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida» hukumat qarori loyihasi tayyorlanib, muhokamaga qo‘yildi.

Qaror loyihasiga Odamning immunitet tanqisligi virusiga tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish qoidalari ilova qilingan. Uch oydan ortiq xorijda bo‘lgan shaxslar O‘zbekistonga qaytgach 24 soat ichida OIVga majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. «Tibbiyot muassasasi fuqarolarni o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan tibbiyot muassasasiga yo‘naltirilgan, uch oydan ortiq muddatda xorijiy davlatlarda bo‘lib qaytgan shaxslarni OIVga ekspress usulida tibbiy tekshiruvdan o‘tishlarini ta’minlasin», — deyiladi hujjatda. Bu amaliyot avval ham bor edi, ammo majburiy bo‘lmagani uchun samara bermadi, deb xabar bermoqda Sog‘liqni saqlash vazirligi.

«Muhojirlar xavfli xulq-atvorni o‘zida sinab ko‘rishga ko‘proq moyil bo‘ladi, ularning jinsiy yo‘l bilan OIV infeksiyasini yuqtirib olish ehtimoli muqim (turg‘un) aholiga nisbatan yuqoriroqdir. Boshqa davlatda bo‘lish davrida orttirilgan xavfli xulq-atvor va yangi odatlar ular o‘z yurtiga qaytib kelganidan keyin migrantlarni yanada xavfli guruhga aylantirishi mumkin. Mehnat migrantlarining OIV infeksiyasi bo‘yicha bilim saviyasining pastligi esa kasallikni o‘z yurtida tarqatishiga imkon yaratadi», – deyiladi SSV axborotida.

Respublikada mehnat migrantlari orasida OIV bilan kasallanish ko‘rsatkichi yildan-yilga ortib bormoqda. Masalan, 2018-yili mehnat migrantlarida OIV infeksiyasi aniqlanishi 2017-yilga nisbatan 8 foiz ortgan. 20 foiz migrantlarning doimiy jinsiy sherigi bo‘lmagan, 17 foiz migrantlar fohishaga borgan, 2,8 foizi bir marta bo‘lsa ham narkotik moddalarni qabul qilgan (narkotik modda qabul qilganlarning 79 foizi uni tomir orqali olgan).

Sog‘liqni saqlash vazirligining qayd etishicha, mehnat migrantlari kasallikni yuqtirib olgandan so‘ng, o‘z yurtiga qaytganida uni oila-a’zolariga yuqtirishi ehtimoli mavjud. O‘z yurtiga deportatsiya qilingan OIV infeksiyasini yuqtirib olgan shaxslar o‘zining OIV bo‘yicha maqomini sir tutadi, bu bilan o‘z turmush o‘rtoqlarini xavf ostiga qo‘yadi. Natijada OIV infeksiyali farzandlarning tug‘ilishi va kasallik aholining umumiy qatlamiga o‘tishiga sabab bo‘ladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring