Yangi yil muborak, aziz zamondosh!

Yangi yil bayrami arafasida inson umrining bir sanasi sarhisob qilinadi. Yakuniga yetgan yil vatanimiz, sohamiz va umuman har birimiz uchun shiddatli o‘zgarishlar yili bo‘lganini har birimiz his qildik. Bir yoshga ulg‘aydik, dunyoqarashimiz va tajribamiz 2017-yilning yutuq va kamchiliklari bilan boyidi. Yurtimiz tinchligida, ulkan islohotlar ostonasida yakuniga yetgan bu yil hali tarix faniga kiradi – O‘zbekistonning burilish nuqtasi bo‘lganligi bilan ta’riflanadi.
Ona yurt taraqqiyotiga, har bir vatandosh O‘zbekiston degan davlatdan iftixor tuyishiga erishish uchun ulkan rejalarni amalga oshirishga bel bog‘langani hammamizning ko‘z o‘ngimizda sodir bo‘lmoqda. Yil davomida biror kun yo‘qki, hammani qiziqtirgan yangilik e’lon qilinmagan bo‘lsa. Bu xabarlar ko‘lamini yoritish, uzluksiz yetkazib berishning o‘zi katta mehnat talab qildi, chunki bugungi mushtariy kechagisidan keskin farq qiladi.
2017-yilning 20-dekabrida test rejimida ishga tushirilgan «Xabar.uz» axborot-tahliliy portali ham aynan mana shu qaynoq jarayonga munosib hissa qo‘shishni maqsad qilgan. Faoliyatimizning dastlabki o‘n bir kunida siz azizlardan iborat o‘n ming nafardan ortiq doimiy o‘quvchiga ega bo‘la olganimizdan benihoya baxtiyormiz. Kelgusida sizning safingiz yuz minglarga, millionlarga yetishiga ishonamiz, umid qilamiz va intilamiz.
2018-yilni qarshi olarkanmiz har bir kunimizga shukronalik hissini tuyishimiz kerak. Chunki kelajak bugundan boshlanadi. Uni siz yaratasiz, obod qilasiz!
Kirib kelgan yil yakunida barchangizni 2019-yil bilan tabriklash nasib qilsin!
«Xabar.uz» axborot-tahliliy portali
ijodiy jamoasi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter