Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yo‘lmi yoki xirmon?

Yo‘lmi yoki xirmon?

Kuz  kelishi bilan Xonqa tumanida yo‘llar sholikorlar xirmonga aylantirishi natijasida torayib qoladi.

— Xorazm viloyatining barcha tumanlarida sholi yetishtiriladi, faqat Xonqada emas, — deydi kuyunchaklik bilan haydovchi P.Qadamboyev. — Lekin xonqaliklar  serqatnov yo‘llardan xirmon sifatida foydalanishadi. Ba’zan mashinani qayerdan haydashni bilolmasdan garang bo‘lasan kishi.

Xonqaliklar mirishkor xalq. Ular erta ekib, erta yig‘ishadi. Kuzgi bug‘doy ekish maqsadida barvaqt kombaynda o‘rib-yanchib olingan sholining namlik darajasi yuqori bo‘ladi, albatta. Bunday g‘allani omborda saqlashning  iloji yo‘q. Shu bois sholikorlar ularni xirmonlarda yoyib, quritib olishadi.

Bunday holat iyun oyida — bug‘doy o‘rimi mavsumida ham ko‘zga tashlanadi. Namligi yuqori holda o‘rilgan g‘alla yo‘llarga yoyilib, quritilib, so‘ng omborga qamaladi.

Sholi quritish holati viloyatning barcha tumanlarida avj olmoqda. Biroq boshqa hududlarda serqatnov yo‘llarga sholi yoyish holatlari ko‘zga tashlanmaydi. Ular bunday muhim ishni maxsus xirmonlarda amalga oshirmoqdalar. Xonqada esa...

Xonqa tumanining 34-suv inshootiga eltuvchi yo‘l  Al-Xorazmiy qishlog‘idan o‘tadi. Ushbu yo‘l aslida unchalik keng emas. Avtomobillar harakati uchun torroq bo‘lgan mazkur yo‘lda tez-tez yo‘l harakati hodisasi yuz berib turadi. Yaqinda bu yo‘lda Hazorasp tumani Bo‘ston qishlog‘idagi Aminovlar oilasidan ikki nafar shaxs: ota-bola avariyaga uchrab vafot etgan edi.

Olaja, Tomadurvadik, G‘alaba kabi qishloqlarning tuman markaziga olib boruvchi serqatnov yo‘llarida ham aynan shunday manzarani kuzatish mumkin.

— Arzimas qoidabuzarlikni deb yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari miyani rosa achitishadi. Salbiy holatlarning oldini olish maqsadida o‘zboshimcha sholikorlarga esa g‘ing deyishmaydi, — deydi kuyunchaklik bilan keksa haydovchi G‘.Ahmedov. — Axir bu holat ham yo‘l qoidalarini buzish sanaladi-ku!

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring