Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Yupatish operatsiyasi». Qashqadaryo viloyati hokimligiga ochiq xat

«Yupatish operatsiyasi». Qashqadaryo viloyati hokimligiga ochiq xat

Foto: Xabar.uz

Martning ikkinchi yarmida karantin boshlanishi bilanoq oilam bilan qishloqqa ketdim. Ota hovli Shahrisabz tumani Paxtakor mahalla fuqarolar yig‘ini Yangi qishlog‘ida joylashgan. Chiroqchiga chegara, tuman markazidan 14 kilometrni tashkil qiladi. Yig‘inga uch qishloq qaraydi – Yangi qishloq, Xonobod, Nushkent. 6400 nafardan ortiq aholi istiqomat qiladi.

Bugungi kunning muammolari – ijtimoiy ob’yektlar, suv, yo‘l, kommunal xizmatlar bu yerga ham begona emas. Ichimlik suvini odamlar amallayapti, suyultirilgan gaz tarqatiladi. Lekin ijtimoiy masalalarga kelganda, yechim topish qiyin kechmoqda.

Bu qishloqdagi masalalar bot-bot markaziy ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlarda yoritib kelinadi. Ikki yil avval O‘zbekiston milliy axborot agentligida «Qachon obod bo‘lasan, qishlog‘im?», xabar.uz saytida «Rahbarlari «qilt» etmasa... Shahrisabzdagi «muammolarga ko‘milgan» qishloq haqida» kabi maqolalar, ijtimoiy tarmoqlarda bir necha marotaba chiqishlar qilingan. Mart oyida transformator masalasida tuman hokimligi axborot xizmati qishloq aholi punktlari ko‘chalarini joriy ta’mirlash bo‘yicha rejalatirilgan dastlabki manzilli dasturiga ko‘ra Nushkent qishlog‘ining 1,0 kmlik ichki yo‘llarni asfaltga o‘tkazish belgilanganini ta’kidlagan edi. Xullas, bu tanqidlarga na tuman, na viloyat hokimligi e’tibor qaratdi.

Tuman hokimligi eshigini chertib borgan murojaatchilar qariyb uch yildirki, quruq qaytadi.

Murojaatlar bo‘yicha o‘tkazilayotgan yig‘ilishlar shunchaki xo‘jako‘rsin uchun tashkil etiladiganga o‘xshaydi. Ssenariy bir xil – to‘rtta sektor aholini qabul qiladi, muammolari yozib olinadi, o‘rganish topshirig‘i beriladi. Jarayon har tarafdan suratga olinib, saytlar va ijtimoiy tarmoqlarga joylanadi, hisobot qilib tikiladi, ekranda yoritiladi. Dastur bo‘yicha qilinayotgan bir-ikki ish namuna sifatida davlat telekanalida uzatiladi. Bo‘ldi, qolgan ish tuya go‘shtini yeb yotaveradi.

Qashqadaryo viloyati hokimi Zoyir Mirzayevning yanvar oyida Toshkentda yashab, ijod qilayotgan ijodkorlar bilan uchrashuvidan ruhlanib, qishlog‘imizning tuman miqyosida hal qilinmagan muammolarini ko‘tarib, qabuliga kirmoqchi bo‘ldim. May oyi boshida viloyat hokimligi axborot xizmati rahbari Ahror Sodiqovga bu haqda ma’lum qildim. O‘sha paytda mamlakatimizda karantin choralari avjida, kamiga Sardobada suv toshqini yuz bergan palla edi, tabiiyki, viloyat hokimini topish amrimahol. Shu sabab ham axborot xizmati rahbari muammoni to‘g‘ridan to‘g‘ri tuman hokimining o‘ziga yuboribdi. O‘z navbatida tumanning o‘sha paytdagi hokimi Isroil Amonov masalani o‘rganish uchun matbuot kotibi Sarvar Primov bilan birga 16 may kuni uyimga keldi. Unga quyidagi muammolarni aytdim.

Gap shundaki, qishloqda yozga kelib, har yili tomorqa sug‘orish qiyinlashadi. Qishloq Qashqadaryo va Tanxoz daryolari o‘rtasida joylashgan. Undan tashqari, qishloqning qoq o‘rtasida Sandal kanali oqib o‘tadi. Bir necha yildan beri aholi suvga muhtoj. O‘tgan yili qishloqdoshlarim viloyatning oldingi hokimi Zafar Ro‘ziyev bilan uchrashgan. Uchrashuvda qishloq ahli yozda tomorqani sug‘orish uchun eng og‘ir palla ekani, g‘o‘zaga suv chiqarish vaji bilan qishloqqa ekin suvi yetishmayotganini aytishgan. Vaziyatni viloyat va tuman suv xo‘jaligi mutaxassislari o‘rganib, kanaldan nasos orqali suv chiqarish imkoni borligini aytishgan. Faqat qishloq ahli nasos o‘rnatiladigan yergacha elektr tortib berishsa bo‘ldi, qolgan loyihalar tez orada bitishi ma’lum qilingan. Lekin hammasi o‘z holicha qolib ketgan.

Shu o‘rinda aytish kerak, Yangi qishloqda 416 xo‘jalik istiqomat qiladi, asosiy daromad tomorqadan. Fermerlar kanalga nasos o‘rnatilishiga rozi. Faqat amaliy ish qolgan, xolos.

Ushbu kanal yuzasidan viloyat hokimligi axborot xizmatiga yana bir muammoni yuborgan edim. Qashqadaryo o‘zani ostidan o‘tuvchi kanal tunneli kuchli sel oqimi kelgani tufayli deyarli ochilib qolgan. Ushbu kanalning agrar soha uchun strategik ahamiyatli ekanini hisobga oladigan bo‘lsak, ayni paytda uning ahvoli ta’mirga muhtoj. Hozir xarajatdan qochilsa, keyin bu chiqim ikki baravarga ortib ketishi ehtimoli yo‘q emas. Aytishlaricha, tuman suv xo‘jaligi bundan o‘tgan yil voqif bo‘lishgan. Ammo mablag‘ yo‘qligi uchun o‘z holiga tashlab qo‘yilgan. Shu muammoni ham murojaatimga tirkagan edim.

Ikkinchidan, qishloqqa vrachlik punkti kerak. Aholi soni ko‘p. Shu yilning yanvar oyida taxminan o‘tgan asrning 50-yillarida qurilgan turarjoy uchun qurilgan moslashtirilmagan vrachlik punkti binosi yonib ketdi. Aslida ham avariya holatida edi.

Yonib ketgan qishloq vrachlik punkti.

Ayni paytda sog‘ qolgan jihozlari bilan  yana o‘sha o‘tgan asr o‘rtalarida qurilgan pochta binosida jon saqlab turibdi. Aholining bu haqdagi murojaatlari ham qanoatlantirilmagan. Tuman tibbiyot birlashmasining 21 fevraldagi xatida bunday qurilishlar mahalliy hokimiyat mablag‘i hisobidan amalga oshirilishi ko‘rsatib o‘tilgan. Tuman hokimi bilan aholi vakillari shu masalada qayta-qayta uchrashgan, ammo hokim ularga mahalliy budjetda mablag‘ yo‘qligini aytib, rad javobini bergan.

Qishloqda terapevt, ginekolog, pediatr, stomatolog, bundan tashqari, o‘rta tibbiyot xodimlari nihoyatda ko‘p. O‘ziga yarasha keksalar, nogiron va yolg‘iz oilalar bor. Ularga qarovchi sifatida ishga qabul qilinib, biriktirib qo‘yilsa, qancha odam ish bilan ta’minlangan bo‘lardi.

34-maktabgacha ta’lim muassasasi.

Uchinchidan, «Paxtakor» mahalla fuqarolar yig‘ini idorasi va 34-maktabgacha ta’lim muassasasi o‘ta ta’mirtalab. Mahalla idorasi ham sobiq kolxoz binosida joylashgan. Xarob ahvolda, ko‘rib xafa bo‘lib ketasan kishi. Nuragan devorlaru, tusi ko‘chgan stol-stullarda ishlayotganlarga balli, deysan! Bolalar bog‘chasi ham eskiligidan tashqari sig‘imi nihoyatda kam – 90-100 bolaga mo‘ljallangan. Vaholanki, 500-600 nafar bog‘cha yoshidagi bola shunday muassasada tarbiyalanishga muhtoj. Endi so‘nggi yillarda maktabgacha ta’limni rivojlantirish haqidagi baralla aytilayotgan gap-so‘zlar fonida bu bog‘chaning ko‘rinishi qog‘ozda boru amalda yo‘q, degan qarashga olib kelmaydimi?!

Yana bir masala – mahallaga qarashli Nushkent qishlog‘i yo‘llari ham so‘nggi marta yana o‘sha 90-yillar nari berisida asfalt qilingan. Hozir yozda chang-to‘zon, qishda loy yo‘lda yurishga to‘g‘ri kelyapti.

Qishloq yo‘llari...

Tasavvurida sobiq ittifoq davridagi bunyodkorliklar qotib qolgan aholi bong urib aytilayotgan islohotlarga ishonadimi? Odamlar orasida nima uchun sobiq ittifoq yaxshi edi, deydiganlar hanuzgacha topilishi sababi ham shu emasmi?! Chunki ular o‘zlaridagi o‘zgarishni hali sezishgani yo‘q.

Tuman hokimiga qishloqdoshlarimning o‘tgan yili qilgan murojaatiga ayrim masalalar 2020 yilgi dasturga kiritiladi, deyilgan ekan. Bu yil esa 2021 yilga kiritiladi, deb javob berishibdi. Katta ehtimol bilan keyingi yil murojaat qilinsa, 2022 yil aniq kiradi, deyishlariga shubha qilmayman, dedim.

Qishloqqa suv chiqarish masalasi bo‘yicha Shahrisabz tumani hokimi I.Amonov bilan gaplashganimda, hali ham loyiha tayyor bo‘lmagani aniqlandi va tuman suv xo‘jaligiga ikki kun muddatda loyihani tayyorlash topshirig‘i berildi. Oradan qariyb uch yarim oy o‘tyapti hamki, jarayon osilgan holda turibdi. Yana g‘o‘za mavsumi boshlanib tugab ketdi, odamlar hanuz suv tanqisligiga uchrayapti, kutish esa davom etyapti.

Butun mamlakatda bo‘lgani kabi Paxtakor mahalla fuqarolar yig‘inida ham oliy ma’lumotli ishsiz yoshlar Rossiya qurilish ob’yektlarini gullatib yuribdi. Hududda birorta ishlab chiqarish korxonasi, hatto ayollar uchun birorta ish bilan ta’minlovchi muassasa yo‘q. Tuman markazida ishlash olislik qiladi, ish so‘rab borilganda ham joy topa olmaydi. Bu masala chuqur tadqiq etilishi, mohiyati o‘rganilishi, yechim topilishi uchun chora izlash kerak. Mas’ul xodimlarning esa, nazarimda, qo‘li kaltalik qilyapti.

Qariyb bir soatlik suhbatdan so‘ng, Isroil aka qishloq vrachlik punkti uchun mahalliy budjetdan pul topib berishi, kanaldan qishloqqa suv chiqarish uchun Suv xo‘jaligi vazirligining ruxsati, maktabgacha ta’lim tashkiloti qurilishi uchun Maktabgacha ta’lim vazirligining mablag‘i zarurligi, bular ma’lum vaqt talab qilishini ta’kidladi. Ichki yo‘llar ta’miri tuman zimmasida ekani, yil oxirigacha qishloqdagi 1,2 km.lik ichki yo‘l ta’mirlab berilishini va’da berdi. Shu kunning o‘zida yonib bitgan vrachlik punktiga tuman sog‘liqni saqlash bo‘limi boshlig‘i Ilhom Sharopovni chaqirdi. Loyiha qilinib, tez orada qurilish boshlanishiga kelishib oldilar.

Qishloq vrachlik punkti.
Qishloq vrachlik punkti.

Men mas’ul xodimlarning murojaat yuzasidan va’dasini «Yupatish operatsiyasi»ga o‘xshataman. Deylik, bemor og‘riq bilan oldingizga keldi, siz uni davolay olmaysiz, lekin yupatishni bilasiz. Tamom! Xasta odam oldingizdan xursand chiqib ketadi.

Yana bir narsani aytib o‘tishim kerak. Ushbu muammolarni o‘sha paytda Feysbuk sahifamga va Xalq bilan muloqot guruhiga ham joylagan edim. Uni viloyat xalq qabulxonasi nazoratga olamiz, deb belgilab qo‘ygan edi.

May oyi o‘rtalaridagi ushbu uchrashuvdan so‘ng jurnalistligim uchun viloyat (A.Sodiqov) va tuman axborot xizmatlari rahbarlari (S.Primov)ga bir necha bor jarayon qaysi bosqichda ekanini so‘rab murojaat qildim. Hamkasblarim bora-bora gaplarimga pinagini ham buzmay qo‘yishdi. Shunda bildimki, garchi amalda hokim maslahatchisi hisoblansa-da, ularning qo‘lidan hech vaqo kelmas ekan.

30 iyul kuni Xalq deputatlari Shahrisabz tumani kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Shahrisabz tumani hokimi lavozimida ishlab kelgan Isroil Omonov vazifasidan ozod etildi va uning o‘rniga Muborak tumani prokurori vazifasida ishlab kelayotgan Hasanov Samad Ahatullayevich tayinlandi. Yig‘ilishda viloyat hokimi Zoir Mirzayev so‘zga chiqib, tumanda amalga oshirilayotgan ishlar talab darajasida emasligini ta’kidladi. «Ayniqsa, fuqarolar murojaatlari, ta’lim tizimi, yo‘llar, qishloq xo‘jaligi, ishlab chiqarish va eksport masalalariga umuman e’tibor qaratilmagan», — deyiladi viloyat hokimligi xabarida. Ma’lum qilinishicha, tumandagi 30 ta maktabda isitish tizimi yo‘q, 6 tasi ta’mirtalab. Maktabgacha ta’limga qamrov 47 foizni tashkil qiladi.

Men bu orada Toshkentga qaytib kelgan edim. Yangi hokim ishni qanday suratda boshlaganini bilmayman. Qishloq oqsoqollari yana hokim qabuliga borishadi, va’da beriladi. Hatto Samad Hasanov telefon raqamlarini ham bergan – biror muammo bo‘lsa, to‘g‘ri o‘ziga chiqishlarini ta’kidlashgan. Ular raqamni menga berishdi. Ammo bu raqamlar «tarmoqda mavjud emas». Men keltirgan muammolar hamon sirtmoqda osig‘ligicha turibdi. Huquqni muhofaza qiluvchi sohada ishlagan mas’ul rahbarning ishni xalqni aldashdan boshlashi nechog‘li to‘g‘ri?!

Bir narsaga amin bo‘lasan kishi: murojaat qilgan to‘rtta odamni aldab, yo‘lga sololmagan hokim rahbar emas-da... Shunday emasmi? Yana bir gap: hokimlar almashsa, muammo ham o‘sha odam bilan birga ketadi. Yangisiga yana qaytadan tushuntirish kerak. Kulgilimi? Mexanizm bo‘yicha topshiriq qog‘ozga muhrlandimi, kim rahbarlik qilishidan qat’i nazar jarayon kelgan joyidan davom etib ketavermaydimi?

Xullas, haq-huquqini bilgan odam murojaat qilib, natijaga erishmayaptimi, oddiy xalqning ahvolini tasavvur qilavering. Bunaqa «yupatish operatsiyalari» bundan keyin ham shu alfozda davom etaveradimi?

Fazliddin Sattorov,
jurnalist

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring