Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yurtimizda jamiyatning barcha qatlamlarini birlashtiradigan festivallar o‘tkaziladi

Yurtimizda jamiyatning barcha qatlamlarini birlashtiradigan festivallar o‘tkaziladi

Kuni kecha O‘zbekiston tasviriy san’at galereyasida «Ma’naviyat festivali»ni o‘tkazish masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi. Unda ma’naviyat fidoyilari, ziyolilar, olimlar, san’at arboblari, kino namoyandalari hamda hamkor vazirlik va idoralardan vakillar, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Aslini olganda ushbu festival yurtimiz uchun yangilik emas. O‘tgan yili «Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik!» g‘oyasi asosida Qoraqalpog‘istonda 7 ta, Farg‘onada 6 ta, Toshkent viloyatida 4 ta, Sirdaryoda 5 ta tuman va shaharlarda «Ma’naviyat festivali» o‘tkazilgan edi. Festival doirasida 4 marta «Maqom kechasi» nomli konsert dasturlarida 10 ming dan ortiq aholi qamrab olindi. Shuningdek, yurtimizda ijtimoiy ko‘makka muhtoj, «Temir daftar», «Ayollar daftari», «Yoshlar daftari»ga kiritilgan oila vakillarini «Ma’rifat tur» loyihasi doirasida hududlardagi diqqatga sazovor joylar, qadamjolar va ziyoratgohlarga tashrifi amalga oshirildi.

Farzandlari turli sohalarda katta yutuqlarga erishgan, xalqaro fan olimpiadalari va sport musobaqalarida yuqori o‘rinlarni egallagan yoshlar va ularning ota-onalari ishtirokida «Mening farzandim O‘zbekiston faxri!» shiori ostida 47 nafar yosh iqtidor egalariga diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi. Bundan tashqari 10 dan ortiq «Hunarmandchilik ko‘rgazmalari», milliy an’analarimiz, ma’naviy merosimizni asrab-avaylash, o‘sib kelayotgan yosh avlodni vatanparvarlik, umuminsoniy qadriyatlarga hurmat va ehtirom ruhida tarbiyalash maqsadida 110 ta mahalla va ovullarda 20 dan ortiq kino namoyishi o‘tkazildi.

Samarqand shahri Registon maydonida «Yangi O‘zbekiston — Yangi Renessans sari!», Buxoro shahridagi Mir Arab madrasasida «Yangi o‘zbekistonda Uchinchi Renessansga munosib poydevor yaratilmoqda» nomli respublika ilmiy konferensiyalari o‘tkazildi.

Endi mana shunday festivallar seriyasi joriy yilda ham o‘tkazilishi maqsad qilingan. Shunga asosan, Respublika ishchi guruhi tomonidan barcha hududlarda o‘rganish ishlari olib borildi. Festival o‘tkazishda har bir hududning ijtimoiy holati, o‘ziga xos milliy an’ana va qadriyatlari hisobga olindi. Joylardagi ziyolilar, olimlar, nuroniylar, turli soha mutaxassislarning fikr-mulohazalari tinglanib, «Ma’naviyat festivali» dasturini ishlab chiqishda bunga alohida e’tibor qaratildi.

Kecha bo‘lib o‘tgan tadbirda shu yuzasidan ma’lumotlar berildi. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Minhojiddin Hojimatov va boshqalar sifat va mazmun jihatdan yangi bosqichga chiqish, yurtdoshlarimiz, avvalo, yoshlar qalbida amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldorlik hissini kuchaytirish muhimligini ta’kidlashdi.

– Ma’naviyat festivali - milliy ma’naviyatimizni mustahkamlashning muhim shartlaridan biridir. Ishimizni sifat va mazmun jihatdan yangi bosqichga olib chiqish, yurtdoshlarimiz, avvalo, yoshlar qalbida amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldorlik, ular orasida o‘zaro mehr-oqibat, hamjihatlik, vatanparvarlik, shukronalik, tuyg‘ularini kuchaytirish, mahallalarda aholi kayfiyatini ko‘tarish, ularning ijtimoiy faolligini oshirish maqsadida «Yangi O‘zbekiston – ma’rifatli jamiyat» shiori ostida o‘tkaziladigan «Ma’naviyat festivali» doirasida 14 ta hududda 18 ta ijtimoiy loyiha doirasida respublika bo‘ylab tadbirlarni amalga oshirish, ilm-fan, madaniyat, san’at, adabiyot va badiiy ijod kabi soha vakillaridan iborat 500 nafardan ortiq «Ma’rifat» targ‘ibotchilar jamiyati a’zolari jalb etiladi, – dedi M.Hojimatov.

Festival doirasida «Uchinchi Renessans – ma’rifatli jamiyat sari!» mavzusida konferensiya, aholi, ayniqsa, yoshlar orasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilishga qaratilgan «Ma’rifat ulashib», «Qadrdon maktabimga kitob sovg‘a qilaman» aksiyalari, «Yangi Uyg‘onish davri kitob va kutubxonalardan boshlanadi» shiori ostida kitob ko‘rgazmalari, yozuvchi va shoirlar bilan ijodiy uchrashuvlar, «Ma’rifat soatlari», boy ma’naviy merosimiz, milliy an’ana va qadriyatlarimizni keng targ‘ib etish maqsadida «Milliy qadriyatlar» haftaligi, yurtimizda farzandlari turli sohalarda katta yutuqlarga erishgan, xalqaro fan olimpiadalari va sport musobaqalarida yuqori o‘rinlarni egallagan yoshlar va ularning ota-onalari ishtirokida «Mening farzandim – O‘zbekiston faxri!» shiori ostida respublika anjumani ham bo‘lib o‘tadi.

Shuningdek, «Milliy qo‘shiqlar va maqom», «Vatan madhi», «Baxshilar tarannumida» nomli konsert dasturlari, mahallalarda sog‘lom ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, oilaviy ajrimlarni oldini olish, erta nikoh kabi illatlarga barham berishni maqsad qilgan «Oila – ma’naviyat qo‘rg‘oni» nomli psixologik suhbatlar tashkil etiladi. Shu bilan birga yurtimizda imkoniyati cheklangan bo‘lsada, foydali mehnat bilan shug‘ullanib, jamiyatda munosib o‘rin topgan hamda o‘sib kelayotgan yosh avlodga o‘rnak bo‘layotgan yurtdoshlarimizning erishgan yutuqlarini targ‘ib etish maqsadida «Inson qadri» shiori ostida ijtimoiy roliklar tayyorlanadi va «Mehr muruvvat va saxovat» tadbirlari, «Ziyolilar forumlari», jismonan sog‘lom avlodni shakllantirish, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida «Ma’naviyat kubogi» sport musobaqalari o‘tkaziladi.

Festival doirasida «Ziyolilar forumi» o‘tkazilishi ham belgilangan.O‘zbekiston qahramonlari ishtirokida «O‘zbekiston Qahramonlari» va «Ma’naviyat. Asosiy tushunchalar lug‘ati» kitoblarining taqdimoti ham tashkil etiladi.

Bolalar uchun esa «Zukko Bolajon!» fotoalbomi va «Baxtli bolalik sharafiga» loyihasi amalga oshiriladi. Mazkur loyiha davomida «Temir daftar», «Ayollar daftari»ga kiritilgan oilalarning bolalari uchun konsert dasturlari hamda ularni qiziqtiradigan turli ko‘ngilochar o‘yinlar bo‘lib o‘tadi.

Anjuman davomida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bo‘lim boshlig‘i Farida Abdurahimova, Falsafa fanlari doktori, professor Jamila Shermuhammedova, O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi direktori Jannat Ismoilova, shuningdek O‘zbekiston xalq artistlari Gavhar Zokirova va Dilorom Karimovalar so‘zga chiqib o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi.

Tadbir davomida yosh san’atkorlar tomonidan yangragan milliy kuy-qo‘shiqlar barchaga xush kayfiyat baxsh etdi.

Shuningdek, matbuot anjumanidan so‘ng o‘zbek milliy kulolchilik namunalari ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Unda g‘ijduvonlik sopolsoz usta Ibodulla Narzullayev hamda uning farzandlari, kulolsozlarning oltinchi avlod vakillarining ijod namunalari namoyish etildi. Milliy buyumlar anjuman ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring