Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Zaxarova va Zaxarchuklar haqida ikki og‘iz...

Zaxarova va Zaxarchuklar haqida ikki og‘iz...

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi vakili M.Zaxarovaning so‘zlaridan zahar ta’mi keladi, deb yursak, uning taomiga zaharni o‘zimizning «Zaxarchuklar» tashiyotgan chog‘i...

Ijtimoiy tarmoqlardagi rus tilida yozilgan ayrim postlar ostidagi o‘zimizning o‘rislar va o‘risparastlarning izohlarini o‘qib, muammo faqat Zaxarovada emasligini tushunish mumkin. «Kommentlar» yozayotgan ko‘pchilik ruslar (balki trollar?) bizni haliyam bir tiyinga olmasligi ko‘rinib turibdi. Eng yomoni,  o‘zimizning milliy o‘risparastlarimiz ularning gapini so‘zma-so‘z takrorlab boryapti. (Ataylab u fikrlarni «skrinshot» qilmadim).

Qisqasi, masala o‘zbek tilini davlat tili darajasiga olib chiqish bilan bitmaydiganga o‘xshaydi. Millatni birlashtiradigan g‘oya va mafkura kerak. Endiyam  haqiqiy ma’noda kerak. O‘ttiz yil yashab, hali aqlimiz va yuragimiz mustaqil bo‘lmabdi. Dunyoni ko‘rib ham, kimgadir osilib, bo‘lganda ham o‘risga bog‘lanib yashash hissi bizni tark etmaganday.

Boltiqbo‘yi yo gruzinlarni nima birlashtirganini bilmayman. Bizning ishimiz nozik. O‘zbekning elita va ziyolisining aksari o‘z millatini hurmatga loyiq bilmaydi. Aholimizning salmoqli qismi Rossiyada ishlaydi, ularning qo‘liga qarab qolgan. O‘rta qatlam o‘ris targ‘iboti bulog‘idan suv ichmoqda. Bitta Itv platformasida 35 ta rus telekanali, yana o‘ndan oshgan rus tilli kanallar miyamizni «yuvmoqda» (Albatta bu Itv’ning aybi emas. Umumiy holatimiz shu).  Futbol va o‘nlab ko‘ngilochar oltita kanal orasida bitta ma’noli telekanal uchratmaysiz. (Rus tilli maktablar hamda tili va madaniyatini rivojlantirish uchun Rossiya ajratayotgan mablag‘lar haqida gapirmadim.)

Ular tomonidan zahar tomganda biroz ayyuhannos solib, keyin tinchib ketishni bas qilish vaqti yetdi. Bu notinch dunyomizda har tomondan kelishi mumkin bo‘lgan xavfni chuqur anglab va kelajak avlod oldidagi mas’uliyatimizni his qilib, uzoq muddatli va keng qamrovli chora-tadbirlar ko‘rilishi kerak. O‘zbekni, balki butun O‘zbekiston xalqlarini birlashtiridagan g‘oya va mafkurani muhokama qilib, o‘zimizga dasturulamal qilishimiz lozim. Milliy o‘zlikni anglatadigan va g‘ururlantiradigan asarlar yozish, badiiy film va seriallar ishlash hamda bunday g‘oyani tarqatadigan hamma targ‘ibot qiladigan vositalardan foydalanishga bugun har qachongidan ham ehtiyoj katta. Maktab o‘quv dasturlariga ana shu ruhni olib kirish darkor. Bunda adabiyot namoyondalari va din ulamolarining o‘rni juda katta. Ularning qalami va so‘ziga nisbatan joriy taqiqlarni olish kerak.  

Bulardan boshqa juda ko‘p ishlar qilinishi lozim. Ularning nima ekani va qanday amalga oshirilishi borasida hozirdan muhokamalarni boshlash kerak. Bunda xususan siyosatchi, ziyoli va din olimlarini, umuman, hammani faol bo‘lmog‘i talab etiladi.  Davlat tashkilotlarini ham bu muammoga e’tibor qaratishlarini va har bir tashkilot o‘z sohasi bo‘yicha umum ishiga hissa qo‘shishini istaydi ko‘ngil.

Balandparvoz gapirmoqchi emasman. Ammo, Vatan xavf ostida!

Mubashshir Ahmad

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring