Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ziyoratchilar uchun xushxabar: Jidda va Toshkent o‘rtasida aviaqatnovlar soni oshirilmoqda

Ziyoratchilar uchun xushxabar: Jidda va Toshkent o‘rtasida aviaqatnovlar soni oshirilmoqda

Saudiya Arabistonining «FlyNas» aviakompaniyasi joriy yil 15-noyabrdan Jidda va Toshkent o‘rtasidagi reyslar sonini ko‘paytiradi. Ikki shahar o‘rtasida har kuni aviaqatnov amalga oshiriladi.

Toshkentga reyslarning ko‘paytirilgani talab keskin oshgani bilan bog‘liq. Kunlik qatnovlarning yo‘lga qo‘yilishi ziyoratchilarning Makka va Madinadagi ikki muqaddas masjidga borishi uchun qulaylik sanaladi. Qolaversa, bu ikki davlat fuqarolarining tijorat, sarmoya va turizm maqsadlaridagi almashuvini ham faollashtirishi kutilmoqda.

Avval xabar berganimizdek, «FlyNas» shirkati joriy yil 15-sentyabrdan Jidda – Toshkent – Jidda yo‘nalishida aviaqatnovlarni amalga oshirishga kirishdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Saudiya Arabistoniga joriy yil avgust oyidagi tashrifi doirasida ikki davlat o‘rtasida aviaqatnovlar sonini oshirish to‘g‘risida hujjat imzolangan edi. Shunga ko‘ra, «O‘zaviatsiya» agentligi tomonidan 2022-yil 26-avgustda «FlyNas» aviakompaniyasining 2021-yil 25-iyundagi 12-K-sonli ekspluatatsion ruxsatnomasiga yangi yo‘nalish ham kiritildi.

Bu – Saudiya shirkatining O‘zbekistondagi ikkinchi qatnov yo‘nalishidir. 2021-yil avgustdan Riyoz – Toshkent – Riyoz yo‘nalishida ham reyslar amalga oshirilmoqda.

«FlyNas» (sobiq «NasAir») aviakompaniyasiga 2007-yilda asos solingan. Yaqin Sharqning yetakchi aviatashuvchilaridan biri sanalgan shirkat joriy yil boshida «Biz dunyoni podshohlik bilan bog‘laymiz» shiori ostida kengayish strategiyasini e’lon qilgan. Kompaniya 2030-yilda yo‘lovchi tashish ko‘rsatkichini 330 million nafarga, Saudiya bilan bog‘liq xalqaro yo‘nalishlar sonini esa 250 taga yetkazishni maqsad qilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring