COVID-19da o‘lim xavfini oshiradigan eng katta omil

Amerikalik olimlar shizofreniya bilan og‘rigan bemorlarda COVID-19dan o‘lish ehtimoli ushbu ruhiy xastaligi bo‘lmagan odamlarga qaraganda 2,7 baravar yuqori ekanligini aniqladilar. Tadqiqot «JAMA Psychiatry» jurnalida chop etilgan.
Mutaxassislar 2020-yil mart oyidan may oyigacha bo‘lgan davrda Nyu-Yorkdagi 26540 nafar bemorning salomatlik tarixini o‘rganib chiqdilar. Ular orasida 7348 nafari koronavirusni yuqtirib olgan.
Olimlar ruhiy kasallikka chalingan bemorlarni uch toifaga (shizofreniya, affektiv va vahima kasalliklari) ajratib, ular bilan bunday dardi bo‘lmagan kishilarda COVID-19 qanday kechganini taqqosladilar.
Koronavirusga chalingan yetti mingdan ortiq bemordan 75 nafari shizofreniya, 564 nafari affektiv buzilish, yana 360 nafari vahimadan aziyat chekishgan. Bunda tashxis qo‘yilgan kundan boshlab 45 kun davomida 864 bemor vafot etgan yoki xospislarga o‘tkazilgan.
Natijalarni jinsi, yoshi, irqi va boshqa xavf omillar bilan o‘rgangan olimlar shizofreniya bilan kasallangan bemorlarning COVID-19dan o‘lish ehtimoli taxminan 2,7 baravar yuqori ekanligini aniqladilar. Shu bilan birga, mutaxassislar affektiv yoki vahima kasalliklari va koronavirusdan vafot etish o‘rtasidagi bog‘liqlikni topishmadi.
Tadqiqot mualliflari ta’kidlaganidek, shizofreniya bilan kasallangan odamlarda umr ko‘rish davomiyligining qisqarishi odatda boshqa tibbiy xavfli omillar bilan bog‘liq. Mutaxassislar shizofreniya bilan COVID-19dan vafot etish o‘rtasidagi bog‘liqlik masalasida qo‘shimcha tadqiqotlar o‘tkazish kerakligini aytishmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter