Koronavirus atayin tarqatilganmidi? JSST javob berdi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ekspertlar guruhi uch yildan oshiq vaqt mobaynida COVID-19ning kelishi chiqishi yuzasidan tadqiqot olib bordi. Ammo 27 nafar olim ishtirokidagi tadqiqotda bahsli savollarga uzil-kesil javob berilmagan.
So‘nggi yillarda koronavirus odamga hayvondan, xususan, ko‘rshapalakdan yuqqani, Xitoy laboratoriyalaridagi izlanishlar davrida yo‘l qo‘yilgan xato sabab tarqalib ketgani haqida taxminlar ilgari surildi.
Olimlar guruhiga rahbarlik qilgan Mariyetji Venterning fikricha, aksar ilmiy farazlar virus odamga hayvonga yuqqanini tasdiqlamoqda. Ammo ekspertlar virus laboratoriyadan tarqalib ketgani borasida taxminni o‘rganish uchun yetarli ma’lumotlarni qo‘lga kirita olmagan. Xitoy hukumati bu borada so‘ralgan ma’lumotlarni taqdim etmagan.
Shunga ko‘ra, koronavirusning laboratoriyadan tarqalib ketgani haqidagi fikr na tadqiq qilingan, na istisno etilgan. Bu esa ushbu faraz keyinroq yana o‘rganilishini anglatadi.
27 nafar olim yagona xulosaga kela olmagan. Ularning ayrimlari vaziyatga norozilik sifatida guruhni ham tark etgan.
JSST bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyesus 20 mln insonning umriga zomin bo‘lgan, jahon iqtisodiyotiga 10 trillion dollar zarar yetkazgan COVID-19ning kelib chiqish manbasini topish mutaxassislarning ma’naviy burchi ekanini ta’kidlagan.
Koronavirus pandemiyasi davrida AQSh va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlar keskin yomonlashgani ma’lum. Qo‘shma Shtatlar rahbariyati Xitoyni koronavirus tarqalishi borasidagi real holatni yashirishda ayblagan. Donald Tramp birinchi prezidentligi davrida dunyo osoyishtaligini izdan chiqargan xastalikni “xitoy virusi” deb atagani ham diplomatik tortishuvlarga sabab bo‘lgan edi. Tramp virus Xitoydagi laboratoriyalardan tarqalganini ham aytib kelgan.
AQSh Kongressi Vakillar palatasi 2024 yil dekabr oyida chop etgan hisobotda ham koronavirus Xitoydagi laboratoriyada yaratilgani aytiladi.
COVID-19 vaksinasini o‘g‘irlashga urinish vajidan ham Pekin va Vashington munosabatida ziddiyat yuzaga kelgandi.
Xitoy ham o‘z navbatida koronavirus AQSh harbiylari tomonidan atayin tarqatilgan degan iddaoni ilgari surgandi. Ammo bu qarash shunchaki populistik bayonot deb baholangan.
Uxanda noma’lum xastalik 2019 yil dekabr (ayrim manbalarga ko‘ra, noyabr) oyida qayd etilgan. Xitoy rasmiylari esa yangi epidemiya haqida 2020 yil 20 yanvarda ma’lum qilgan. Fevral oyi o‘rtalariga qadar ushbu virus asosan Xitoy bo‘ylab yoyilgan. Keyin esa u vabo kabi butun dunyoga tarqalgan va JSST koronavirus tarqalishi hodisasini pandemiya deya e’lon qilgan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter