Koronavirus og‘ir kechishining yana bir sababi aniqlandi
Boston bolalar shifoxonasi xodimlari Massachusets texnologiya instituti va Missisipi universitetining tibbiyot markazi ekspertlari bilan hamkorlikda 35 nafar kovid-bemorning burun yo‘lidan olingan namuna ustida tadqiqot o‘tkazishdi. Ushbu ish natijalari «Cell» jurnalida e’lon qilindi.
Olimlarga ko‘ra, burun-tomoq yo‘li tahlillari qon namunasiga asoslangan tadqiqotlarga qaraganda samaraliroq.
SARS-CoV-2 yuqqanida nafaqat burun, balki tomoqdagi epitelial hujayralar ham jiddiy o‘zgarishlarga uchraydi, deyishmoqda mualliflar. Misol uchun, COVID-19 yengil va o‘rtacha kechayotgan bemorlarda ushbu hujayralardagi virusga qarshi reaksiyaga javob beruvchi genlar faollashgan.
Kasalligi og‘ir bemorlarda esa, aksincha, virusga qarshi reaksiyalar epitelial hujayralarning interferonga qarshi kuchsiz reaksiyasi sababli sustlashgan. Ularning burun yo‘lidan olingan namunalarda makrofaglar ortiqcha miqdorda paydo bo‘lgan hamda yallig‘lanish reaksiyalari kuchaygan boshqa immun hujayralar topilgan.
Tadqiqotchilardan biri Xose Ordovas-Montanesning aytishicha, immun tizimining faoliyatini tartibga solish imkonini beruvchi interferonga nisbatan kuchsiz reaksiya odamlarni nafaqat koronavirus, balki boshqa infeksiyalar qarshisida ham ojiz qilib qo‘yadi.
Endi olimlar mazkur reaksiya sababini aniqlashtirib, uni nazal spreylar va tomchilar yordamida kuchaytirish imkoniyatlarini o‘rganishmoqchi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter