Koronavirusga qarshi kurashdagi eng bema’ni usullar
Misrning «SasaPost» nashri koronavirusga qarshi kurash haqidagi eng xavfli va eng bema’ni mish-mishlarni sanab berdi.
Alkogol
Alkogol va spirtli ichimliklar koronavirusga qarshi kurashga va uning oldini olishga yordam bermaydi, deya ta’kidlaydi nashr. Birgina Eronda metil spirtidan dori sifatida foydalanishga uringan o‘nlab insonlar zaharlanib, hayotdan ko‘z yumishdi.
Sigir siydigi
Hindistonning Bxaratiya Janata Parti vakili Suman Xaripriya mamlakat fuqarolarini sigir siydigi bilan tezagini iste’mol qilishga chaqirdi. Uning aytishicha, bu nafaqat yangi virusdan asraydi, balki saratonning ham oldini olarmish.
Uning hamkasbi Svami Chakrapani hatto «sigir siydigi ziyofatini» ham tashkillashtirib, tashrif buyuruvchilarni «mo‘’jizakor» suyuqlik bilan mehmon qilgan.
Gomeopatiya
Nashr gomeopatiyani eng mashhur soxta fan deb atab, davolanishda gomeopatik vositalardan foydalanmaslikni tavsiya etdi. Jumladan, maqolada yozilishicha, ushbu usulning ayrim tarafdorlari COVID-19 ga qarshi kurashda margimush eritmasidan iborat «arsenicum album» preparatidan foydalanishga chaqirgan.
Sarimsoq va namakob
Nashrning yozishiga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlarda koronavirus organizmga tushgach, to‘rt kun tomoqda yashashi va shundan so‘ng tananing ichkarisiga kirishi haqida yolg‘on xabar tarqalmoqda. Shu bois COVID-19 ga qarshi kurashda sarimsoq va namakobdan foydalanishni taklif qilmoqda. Biroq Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkiloti bu vositalar virusni nobud qilmasligini tasdiqladi, deya ta’kidlanadi maqolada.
Tabiiy yog‘, choy va kolloid kumush eritmasi
AQSh dori va oziq-ovqat mahsulotlarini nazorat qilish boshqarmasi ko‘pgina kompaniyalar koronavirusga qarshi kurashda samarali vosita sifatida reklama qilayotgan tabiiy yog‘, tindirmalar, choy va kolloid kumush eritmalari aslida samarasiz ekanligidan ogohlantirdi, deya xabar bergan nashr.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter