Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

15-martdan ekspress test olish tartibi bekor qilinadi

15-martdan ekspress test olish tartibi bekor qilinadi

Aeroport, temir yo‘l vokzali yoxud chegara punkti hududida koronavirus infeksiyasiga antigen ekspress test olish tartibi bekor qilinadi.

Joriy yilning 13-mart sanasida Respublika maxsus komissiyasining navbatdagi yig‘ilishida mamlakatimizda koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarni muvofiqlashtirish, xorijiy va qo‘shni mamlakatlarda koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq epidemiologik vaziyatning biroz bo‘lsada barqarorlashganligini inobatga olgan holda O‘zbekiston Respublikasiga tashrif buyuruvchilarga yengilliklar yaratish hamda turizm salohiyatidan kengroq foydalanish bo‘yicha bir qator masalalar muhokama qilindi.

Shu munosabat bilan Respublika maxsus komissiyasining qaroriga asosan O‘zbekiston Respublikasiga havo, temir yo‘l transporti hamda chegara punktlari orqali tashrif buyurayotgan barcha shaxslardan o‘z hisobidan aeroport, temir yo‘l vokzali yoxud chegara punkti hududida koronavirus infeksiyasiga antigen ekspress test olish tartibi 2021-yilning 15-martidan boshlab bekor qilinadi.

Endilikda, yangi tartib bo‘yicha:

  • havo va temir yo‘l qatnovlari orqali tashrif buyurayotgan shaxslar O‘zbekiston Respublikasiga kelish uchun havo yoki temir yo‘l qatnoviga ro‘yxatdan o‘tishdan oldin so‘nggi 72 soatdan ko‘p bo‘lmagan muddatda koronavirus infeksiyasiga faqat PZR orqali tekshirilib, manfiy ko‘rsatkichga ega deb topilgan ma’lumotnomani taqdim etishi talab etiladi;
  • avtoyo‘l chegara o‘tkazish punktlari orqali O‘zbekiston Respublikasiga kirib kelayotgan shaxslar tomonidan so‘nggi 72 soatdan ko‘p bo‘lmagan muddatda koronavirus infeksiyasiga PZR orqali tekshirilib, manfiy ko‘rsatkichga ega deb topilgan ma’lumotnomani taqdim etilganda yoki PZR natijasi bo‘lmagan hollarda chegara o‘tkazish punktlarida faoliyat yuritadigan maxsus klinika yoki laboratoriyalarda koronavirus infeksiyasi antigenini ekspress test tekshiruvi orqali manfiy natija qayd etilgan taqdirda O‘zbekiston Respublikasi hududiga kiritiladi.

Bunda koronavirus infeksiyasiga PZR tekshiruvlari natijalari ingliz yoki rus tillarida bo‘lishi talab etiladi.

Respublika maxsus komissiyasining qaroriga asosan 2021-yilning 25-martidan boshlab xorijiy mamlakatlardan O‘zbekiston Respublikasiga tashrif buyuruvchilardan faqat sifat ko‘rsatkichi talab darajasida bo‘lgan laboratoriyalarning koronavirus infeksiyasiga PZR tekshiruvlari ma’lumotnomalari bilan havo yoki temir yo‘l qatnoviga ro‘yxatdan o‘tkaziladi yoxud avtoyo‘l chegara o‘tkazish punktlari orqali O‘zbekiston Respublikasiga koronavirus infeksiyasi antigenini ekspress test tekshiruvi o‘tkazmasdan kiritiladi.

Shu bilan birga mutasaddi tashkilotlarga chet elda sifatli hamda ishonchli koronavirus infeksiyasiga PZR tekshiruvlarini o‘tkazuvchi laboratoriyalar – ya’ni O‘zbekiston Respublikasida tan olinadigan laboratoriyalar ro‘yxatini (har bir mamlakat kesimida kamida 10 tadan) shakllantirish va e’lon qilish bo‘yicha topshiriq berildi.

Mas’ul vazirlik va idoralarga O‘zbekiston Respublikasi hududida koronavirus bilan bog‘liq mamlakatga kirish bo‘yicha cheklovlar bekor qilingani, yangi avia va temir yo‘l qatnovlari tashkil etilayotgani to‘g‘risida o‘z rasmiy veb-sahifalarida hamda O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari orqali xorijiy hamkorlar, investorlar va turoperatorlarga ma’lum qilish bo‘yicha topshiriq berildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring