Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Masjidlarda ibodatlarni tashkil etish talablari belgilandi

Masjidlarda ibodatlarni tashkil etish talablari belgilandi

Foto: «Xabar.uz»

Respublika maxsus komissiyasi xabarida karantin talablariga amal qilish asosida ayrim faoliyat turlariga ruxsat berildi. Jumladan, masjidlar 2020-yil 8-iyundan boshlab faqat «yashil» hududlarda faoliyatini boshlashi, ushbu maskanlarda 5–8-iyun kunlari sanitar choralar ko‘rilishi e’lon qilindi.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasining karantin davrida masjidlar faoliyatini tashkil etish yuzasidan bayonoti e’lon qilindi.

Qayd etilishicha, Respublika maxsus komissiyasi qaroriga muvofiq, O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi masjidlar faoliyatini karantin davrida tashkil etish, masjid ish faoliyatini sanitariya-epidemiologik qoidalarga muvofiq yuritish va ibodatlarni ado etish uchun zarur shart-sharoitlarni hozirlash borasida quyidagi tavsiyalar ishlab chiqildi.

Respublika maxsus komissiyasi tomonidan tuman-shahar kesimida «yashil» hudud sifatida toifaga ajratilgan mintaqalardagi masjidlarda 2020-yil 8-iyun, dushanba kuni bomdod namozidan boshlab, kunlik besh vaqt farz namozlarini ijtimoiy masofalanishni saqlagan holda (1,5-2 metr) ado etish belgilandi.

Masjidlarda ibodatlarni tashkil etish bo‘yicha quyidagi talablar belgilandi:

  • masjidning kirish joyini dezinfeksion «to‘shak»lar bilan jihozlash, birlamchi dezinfeksiyalash vositalari bilan ta’minlash;
  • har bir namozxon tibbiy niqobda bo‘lishi, masjidga kirishda qo‘llarini dezinfeksiyalash vositasidan foydalanishi;
  • masjidga tashrif buyurgan har bir shaxsning kasallik alomatlarini tekshirish, tana harorati 37ºS va undan yuqori bo‘lgan holatda fuqarolarni alohidalash va 103 telefon raqami orqali tez tibbiy yordamga xabar berish;
  • tahoratxonadan faqat zarur sharoitlar yaratilgan (bir martalik sochiq-salfetka, antiseptik vositalar, suyuq sovinlar bilan ta’minlash, qisqa muddatlarda dezinfeksiya qilish), ijtimoiy masofalanish saqlangan hollarda foydalanish;
  • masjidda qo‘l berib yoki quchoqlashib salomlashish taqiqlanishi;
  • masjid binolari va hududini har kuni dezinfeksiya qilish, xonalarni shamollatish;
  • masjid hududida har qanday ko‘rinishdagi savdo-sotiqni tashkil etmaslik, hadya va sovg‘alar tarqatmaslik;
  • rasman ruxsat berilgunga qadar juma namozlari tashkil etilmaydi;
  • masjid xodimlari va ko‘ngilli namozxonlardan yordamchi guruhlar tuzilib, ular tomonidan masjid hududida karantin talablariga rioya etilishini nazorat qilish;
  • masjidlar faoliyati joylardagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazlari talablariga muvofiq tashkil etilishini ta’minlash kabi tavsiyalar joriy etiladi.

Respublika hududlarini «yashil», «sariq» va «qizil» toifaga ajratilishidagi o‘zgarishlar rasmiy matbuotda va O‘zbekiston musulmonlari idorasining muslim.uz saytida e’lon qilib boriladi.

Masjidlar faoliyati hududlar toifalari o‘zgarishiga qarab, muvofiqlashtirilib boriladi. Xususan, hududga «qizil» yoki «sariq» toifa berilishiga ko‘ra undagi masjidlar faoliyati vaqtinchalik to‘xtatiladi.

Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti qozisi, Toshkent shahar va viloyatlar bosh imom-xatiblari ushbu tavsiyalarni amalga oshirilishini ta’minlaydi va belgilangan vazifalarning bajarilishiga masjid imom-xatibi mas’ul hisoblanadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring