Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qorbobo qariyalar uyida 75 kishiga koronavirus yuqtirdi — Belgiya

Qorbobo qariyalar uyida 75 kishiga koronavirus yuqtirdi — Belgiya

Foto: «Sputniknews.com»

Belgiyaning Antverpen provinsiyasi Mol kommunasida joylashgan qariyalar uyida Sinterklaas kostyumidagi animator — mahalliy Qorbobo 75 kishiga COVID-19 yuqtirdi. Bu haqda «Daily Mail» nashri xabar berdi.

Tadbirda qariyalar uyidagi 150 nafar kishi ishtirok etgan. Sinterklaas va uning yordamchilari — Qora Pitlar niqobda bo‘lishgan, ammo ular ikki metrlik ijtimoiy masofani saqlashmagan. Bayramdagi hamma mehmonlar ham niqob taqishmagandi.

Qariyalar uyiga borib kelgandan so‘ng Qorbobo kasal bo‘lib qolgan. Uch kundan keyin COVID-19ga topshirgan testi ham musbat chiqqan. Shundan so‘ng mahalliy tibbiyot vakillari qariyalar uyidagilarni ommaviy tekshiruvdan o‘tkazishga qaror qilishdi.

Natijada 61 qariya va 14 muassasa xodimida COVID-19 aniqlandi. Ularning ahvoli haqida xabar berilmayapti, ammo shunisi ma’lumki, bir bemor kislorodli terapiyadan o‘tishiga to‘g‘ri kelgan.

Mol meri Vim Keyers bemorlarga hamdardlik bildirdi. Uning ta’kidlashicha, qariyalar uyi ma’muriyati tadbir davomida barcha qoidalarga rioya etganligini ma’lum qilgan, biroq ishtirokchilarning fotosuratlari buning aksini ko‘rsatmoqda. Keyers qariyalar uyidagi noxush holatni bartaraf etish uchun barcha kerakli tibbiy resurslarni safarbar etishga va’da berdi.

Belgiyaning yetakchi virusologlaridan biri, Leyven katolik universiteti xodimi Mark Van Ranst birgina animator shuncha odamga virusni yuqtirishiga shubha qilmoqda. Uning taxminiga ko‘ra, hodisaga xonani yaxshi shamollatmaslik sabab bo‘lgan. Shunga qaramay, virusolog pandemiya paytida Sinterklaasning qariyalar uyiga borishi juda ahmoqona fikr ekanligini ta’kidladi.

Belgiyada koronavirusdan o‘lim darajasi nihoyatda yuqori. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 14 dekabrga kelib Belgiyada 608,1 ming kishida yangi koronavirus infeksiyasi aniqlandi. COVID-19 kasalligidan mamlakat bo‘yicha jami 18 ming kishi vafot etdi.

Sinterklaas — soch-soqoli oppoq, qizil chopon va mitra kiygan qariya. U barcha sovg‘alarni 5-dekabrgacha yetkazish uchun noyabr oyining oxirida Ispaniyadan paroxodda yo‘lga tushadi. Uning ko‘plab yordamchilari bor — barcha ishlarini ana shu Qora Pitlar bajarishadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring