Toshkentda vaziyat jiddiylashmoqda. 11 ta tumanda maxsus poliklinikalar tashkil etildi

Koronavirus infeksiyasiga gumon qilingan shaxslar hamda ushbu infeksiya tasdiqlangan bemorlarga birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini ko‘rsatish, zarur laborator hamda instrumental tekshiruvlar o‘tkazish, tekshiruv natijalaridan kelib chiqqan holda ularga davo muolajalarini tavsiya qilish va ambulator davolashni yo‘lga qo‘yish maqsadida poytaxtimizning 11 ta tumanida 1 tadan maxsus poliklinikalar tashkil etildi. Bu haqda SSV matbuot xizmati xabar bermoqda.
Tibbiy-sanitariya muassasalari va xizmat ko‘rsatish yo‘nalishi yaqin bo‘lgan dispanserlar binosida faoliyat boshlagan mazkur poliklinikalar aholiga kunu tun xizmat ko‘rsatishi belgilangan bo‘lib, har bir markazga 3 tadan tibbiy brigada biriktirilgan va ular tarkibidan 2 nafar shifokor hamda 2 nafar o‘rta tibbiyot xodimi o‘rin olgan.
Shuningdek, bemorlarga shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida ushbu poliklinikalar rentgen, kislorod kondensatorlari, pulsoksimetr, zarur dori-darmonlar, sarflov materiallari, dezinfeksiyalovchi eritma va reaktivlar, shuningdek, maxsus tibbiyot vositalari bilan ta’minlangan.
Ayni paytda poytaxtdagi barcha oilaviy poliklinikalar ushbu poliklinikalar bilan integratsiya asosida faoliyat yuritayotgan bo‘lib, u yerga koronavirus infeksiyasiga gumondor hamda infeksiya tasdiqlangan shaxslar oilaviy poliklinikalar yo‘llanmasi va «103» xizmati orqali yoki o‘zlari mustaqil ravishda ham murojaat qilishlari mumkin.
Agar tez tibbiy yordam xizmatiga murojaat qilgan fuqaroning shikoyatlariga ko‘ra, unda koronavirus kasalligi gumon qilinsa, bemorga o‘zi yashaydigan tumandagi maxsus poliklinikaga borish tavsiya etiladi. Biroq uning holat va imkoniyati bunga monelik qilsa, bemorning uy manzili yozib olinadi va u haqidagi ma’lumot maxsus poliklinikaga taqdim etiladi. So‘ng, bemor maxsus poliklinika uchun ajratilgan avtotransport vositasi yordamida u yerga olib kelinadi va belgilangan standartlar bo‘yicha tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatiladi.
Maxsus poliklinikaga murojaat qilgan bemorlar uchun maxsus karta yuritilib, unda fuqaroning dinamik holati, tekshiruv va davolash natijalari qayd etib boriladi.
Murojaat qilganlar orasida «COVID-19» infeksiyasi tasdiqlanmagan bemorlar bo‘lsa, ulardan kerakli tahlillar olinadi va tezkor ravishda hududiy sanitariya xizmati laboratoriyalariga yetkaziladi. Shu bilan birga, bemorlar og‘irlik darajasiga ko‘ra saralanib, ahvoli yengil fuqarolarga uyda davolanishlari uchun zarur tavsiyalar beriladi.
Agar bemorning ahvoli og‘ir bo‘lsa, u zudlik bilan maxsus shifoxonaga yuboriladi va bu haqida fuqaro istiqomat qiladigan hududdagi oilaviy poliklinikaga xabar qilinadi.
Ma’lumot o‘rnida aytish lozimki, bugungi kunda poytaxtimiz aholisiga yanada qulaylik yaratish va har bir tumanda koronavirus kasalligiga qarshi emlash ishlarini samarali olib borish maqsadida maxsus mobil avtobuslar faoliyati ham yo‘lga qo‘yilgan, deyiladi SSV matbuot xizmati xabarida.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter