Toshkentda 22 yashar homilador ayol koronavirus sabab vafot etdi

O‘zbekistonda koronavirus bilan bog‘liq ikki o‘lim holati kuzatildi. Marhumlardan biri homilador bo‘lgani aytilgan.
Toshkent shahri Chilonzor tumanida yashagan 48 yoshli X.M. (erkak) 13 iyul kuni Toshkent tibbiyot akademiyasining ko‘p tarmoqli klinikasining reanimatsiya bo‘limiga og‘ir ahvolda yotqizilgan.
Bemorga “COVID-19” infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi va ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan.
Asosiy kasallik asoratlari hisobiga bemorning ahvoli stabil og‘ir bo‘lib, mutaxassislar tomonidan o‘tkazilgan reanimatsion choralarga qaramasdan, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi, o‘pka shishi, poliorgan yetishmovchilikdan vafot etgan.
Shuningdek, Toshkent shahar Uchtepa tumanida yashagan 22 yoshli O.X. (ayol) 15–18 iyul kunlari Toshkent shahar 9-son tug‘ruq kompleksi reanimatsiya bo‘limida “2-homiladorlik, 2-tug‘ruq, o‘tkir kamsuvlik, ikki tomonlama pnevmoniya” tashxisi bilan statsionar sharoitida davolangan.
18 iyul kuni bemorda “COVID-19” tasdiqlangach, Toshkent shahar 3-son tug‘ruq kompleksiga o‘tkazilgan. Ushbu shifoxonada unga “COVID-19” infeksiyasining og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi ko‘yilgan. Kasallik o‘tkir nafas va yurak-qon tomir yetishmovchiligi asorati bilan kechgan.
Shifoxonada bemorning davolanishi davomida shifokorlar tomonidan konsultatsiya va konsiliumlar qilingan, davolash jarayoni mutaxassislar tavsiyasi asosida olib borilgan.
Biroq shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter