Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Germaniya pandemiyaga qarshi kurashda AQShning ikkita katta xatosini aytdi

Germaniya pandemiyaga qarshi kurashda AQShning ikkita katta xatosini aytdi

Foto: «Focus»

Oq uyning ikkita katta xatosi tufayli AQSh dunyodagi jamiki davlatlardan ko‘ra koronavirusdan eng ko‘p zarar ko‘rdi, deb yozadi «Focus» olmon jurnali.

Nashrning ta’kidlashicha, eng avvalo, AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati haddan tashqari optimistik prognozlar va ishonchsiz statistik ma’lumotlarga tayanib katta xatoga yo‘l qo‘ydi.

Rasmiylar mamlakatdagi epidemiya Italiyada bo‘lgani kabi aprel oyida pasayadi degan prognozlarga ishonib qolishdi. Lekin, afsuski, bunday bo‘lmadi.

Har bir shtatga alohida ravishda pandemiyaga qarshi kurashni taklif etish ikkinchi asosiy xato bo‘ldi.

Bir tomondan, bunday qaror Respublikachilar partiyasining siyosiy qarashlariga mos kelardi. Ular iloji boricha ko‘proq hokimiyatni Vashingtondan uzoqlashtirib, shtatlarga to‘plashni xohlashgandi, deyiladi 20- iyulgi materialda.

Boshqa tomondan, bu koronavirusga qarshi kurash javobgarligini o‘zidan soqit qilishga urinish edi, deb hisoblaydi nashr ekspertlari. Bunga shtatlar uchun ishlab chiqilgan rejalar dalolat beradi: ularni bajarganda federal hukumat joriy etgan cheklovlarni olib tashlash mumkin.

Ammo cheklovlarni yengillashtirish shartlari majburiy ahamiyatga ega bo‘lmagan. Natijada Texas va Arizona kabi shtatlar barcha shartlarni bajarmasdan karantinni bekor qildi.

Pirovard natijada kasallanishning pasayishi haqidagi prognozlar o‘zini oqlamadi. Pandemiya butun mamlakatga yangi kuch bilan zarba berdi. AQShda kuniga 60 mingtalab koronavirusga chalinganlar qayd etilmoqda.

«Worldometer» portali xabariga ko‘ra, mamlakatda COVID-19 tashxisi qo‘yilgan qariyb 145 ming bemor vafot etdi. Kasallanganlar soni esa 4 milliondan oshgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring