Andijon turkiy dunyoning madaniyat poytaxti deb e’lon qilindi
Andijon shahri 2026 yilda turkiy dunyoning madaniyat poytaxti deb e’lon qilindi.
Qozog‘istonning Aqtau shahrida Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti — TURKSOY Doimiy kengashining 42-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, Qozog‘iston madaniyat va axborot vaziri Aida Balayeva, Turkmaniston madaniyat vaziri Atageldi Shamiradov, Ozarbayjon madaniyat vaziri o‘rinbosari Murad Guseynov, Qirg‘iz Respublikasi madaniyat, axborot va yoshlar siyosati vazirining birinchi o‘rinbosari Askarali Madaminov, Turkiya madaniyat va turizm vazirining o‘rinbosari Serdar Cham, TURKSOY Bosh kotibi Sulton Rayev ishtirok etdi.
Yig‘ilishda TURKSOY tomonidan joriy yilda amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinib, 2026 yilda o‘tkaziladigan tadbirlar rejasi, qo‘shma loyihalar va turkiy dunyoning madaniy sohadagi hamkorligini yanada mustahkamlashga oid masalalar muhokama qilindi.
Shuningdek, joriy yilda Turkiy davlatlar tashkilotining Gabala shahrida bo‘lib o‘tgan sammiti doirasida qabul qilingan “TURKSOY tashkilotini rivojlantirish va mustahkamlash tog‘risida”gi qaror ijrosini ta’minlash dolzarbligi ta’kidlandi.
O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov bu juda muhim hujjat ekanini alohida qayd etib, uning ijrosi TURKSOYning xalqaro tashkilot sifatidagi maqomi va mavqeyini yuksaltirishga xizmat qilishini bildirdi. Shu bilan birga, qator taklif va tashabbuslarni ilgari surdi.
Ma’lumki, TURKSOY Doimiy kengashi qarori bilan har yili turkiy tilli davlatlardagi shaharlardan biri «Turkiy dunyoning madaniyat poytaxti» sifatida e’lon qilinadi. Bunday maqomga ega bo‘lgan shaharda va hamkor davlatlarda qator madaniy tadbirlar, festivallar, ilmiy anjumanlar, uchrashuvlar tashkil etiladi. Bu orqali milliy madaniyat xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilinadi. Qolaversa, bunday tadbirlar sayyohlar oqimini oshirishga ham xizmat qiladi.
Quvonarlisi shundaki, TURKSOY Doimiy kengashining 42-yig‘ilishida «Andijon shahri — 2026 yilda turkiy dunyoning madaniyat poytaxti» deb e’lon qilindi.
Bu xushxabar yig‘ilish ishtirokchilari tomonidan olqishlar bilan kutib olindi. Kunning ikkinchi yarmida bo‘lib o‘tadigan «Aqtau — 2025 yilda turkiy dunyoning madaniyat poytaxti» tadbirlarining tantanali yopilish marosimida Andijon shahri hokimligiga maxsus sertifikat topshiriladi.
Doimiy kengash yig‘ilishi yakunida kun tartibida ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan qaror qabul qilinib, tegishli hujjatlar imzolandi.
Eslatib o‘tamiz, 2020 yilda Xiva shahri turkiy dunyoning madaniyat poytaxti bo‘lgandi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter