Atoqli adabiyotshunos olim vafot etdi
Adabiyotshunos olim, filologiya fanlari doktori, professor Ibrohim Haqqul kecha, 28 iyun kuni 73 yoshida vafot etgan. Bu haqda Jurnalistlar uyushmasi xabar bergan.
Ibrohim Haqqul 1949 yil 28 martda Buxoro viloyati Shofirkon tumani Talija qishlog‘ida ziyoli oilasida tug‘ilgan. Buxoro davlat pedagogika institutini tamomlagan (1970).
Ibrohim Haqqul 1970-1972 yillarda «Shofirkon haqiqati» gazetasida bo‘lim boshlig‘i va muharrir vazifalarida ishlagan. 1972 yildan Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot institutida faoliyat yuritgan.
Ibrohim Haqqul 1976 yili «O‘zbek adabiyotida ruboiy» temasida nomzodlik, 1995 yili «O‘zbek tasavvuf she’riyatining shakllanishi va taraqqiyoti» mavzuida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan.
Uning «O‘zbek adabiyotida ruboiy» (1981), «Uvaysiy she’riyati» (1982), «Badiiy so‘z shukuhi» (1987), «Zanjirband sher qoshida» (1989), «She’riyat — ruhiy munosabat» (1989), «Abadiyat farzandlari» (1990), «Tasavvuf va she’riyat» (1991), «Kamol et kasbkim…» (1991), «G‘azal sog‘inchi» (1991), «Ijod iqlimi», «Mushohada yog‘dusi», «Navoiyga qaytish» kabi 20 dan ortiq kitoblari bosilib chiqqan.
Ibrohim Haqqul Abdulhamid Cho‘lponning «Bahorni sog‘indim» (1988), Hoja Ahmad Yassaviyning «Hikmatlar» (1991) majmuasini, Sayfiddin Rafiddinov bilan hamkorlikda «Boqirg‘on kitobi» (1991), «Me’rojnoma» (1995) kabi asarlarni o‘quvchilarga yetkazgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter