Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bobur va «Bog‘i Bobur» – afg‘onistonliklar e’tirofida

Bobur va «Bog‘i Bobur» – afg‘onistonliklar e’tirofida

Zahiriddin Muhammad Bobur 1483-yilda Farg‘ona vodiysining Andijon shahrida tug‘ilgan. Bobur Mirzo 1504-yilda Movarounnahrdagi siyosiy kurash natijasida ona vatanida chiqib ketishga majbur bo‘ladi. Bobur bir muddat sargardonliklardan so‘ng Afg‘oniston shimoliga lashkar tortib, Kobulni egalladi. Bobur Mirzo Afg‘onistonda hukmronlik qilar ekan Kobulni obod qilish uchun ko‘p ishlarni amalga oshirdi.

Bobur Mirzo o‘zining «Boburnoma» asarida Afg‘onistonda amalga oshirgan ishlari haqida batafsil yozgan. O‘sha vaqtda Hirot Sharqiy Islom olamining madaniy poytaxti bo‘lgan. Bobur o‘z xotiralarida Hirot bilimli va fikrli odamlar bilan to‘la ekanligini bayon etgan.

Bobur Mirzo bog‘lar barpo etishga oshufta bo‘lgan. U Afg‘onistonda hukmronlik qilgan davrda yetti bog‘, jumladan Kobuldagi to‘rt bog‘ qurdirgan. Bular: Bog‘i Shahroro, Bog‘i Vafo, Bog‘i Stolif va Bog‘i Bobur.

Bog‘i Bobur 1528-yilda Zahiriddin Muhammad Bobur tomonidan loyihalashtirilgan va qurilgan. Bu bog‘ «Guzargoh» deb nomlangan hududda joylashgan. G‘arbdan Chehelstun yo‘li va Dorilamon yo‘li, sharqdan Shir Darvoza tog‘i, janubdan Chehelstun hududi bilan bog‘langan. Uning maydoni 11 gektarni tashkil qiladi.

Bobur 1530-yilda Hindistonning Agra shahrida vafot etgan. U Bog‘i Boburga shunchalik mehr qo‘ygandiki, o‘limidan so‘ng shu bog‘ga dafn qilinishini vasiyat qilgan. Uning bu vasiyatini o‘n yildan so‘ng o‘g‘li Humoyun otasining afg‘on rafiqasi Bibi Muboraka bilan amalga oshiradi. Shundan beri bu bog‘ Bog‘i Bobur deb nomlanadi. Uning qabri oq marmardan yasalgan, qabr tepasi ochiq, atrofida derazalar ko‘rinib turadi. Qabr atrofidagi binafsharang daraxtlar tasvirlab bo‘lmaydigan go‘zallik yaratgan.

Mirzo Boburning nabirasi Shoh Jahon keyinchalik Bog‘i Bobur ichida yodgorlik masjidi barpo ettirgan. Boburshoh qabri yonida uning o‘g‘li Hindol Mirzo va nabirasi Mirzo Hakim qabri ham ko‘rinadi. Bundan tashqari, Bog‘i Boburda «Malika saroy» (boburiy malikalar yashagan) ham joylashgan. Afg‘oniston amiri Abdul Rahmon Xon (1844-1901) ham Bog‘i Bobur ichida yozgi saroy qurdirgan.

Bog‘i Boburga oddiy odamlar kirishi va sayr qilishlari taqiqlangan. Afg‘oniston amiri Muhammad Nodirshoh (1883-1933) hukmronligidan keyin bu bog‘ning darvozasi xalq uchun ochilgan. Odamlar faqat juma va dam olish kunlari Bog‘i Boburga kirishlari mumkin bo‘lgan.

Hozirgi vaqtda Bog‘i Boburda madaniy-badiiy dasturlar, surat ko‘rgazmalari, hattotlik, rassomlik, hunarmandchilik, musiqiy konsertlari o‘tkazib turiladi. Mahalliy va xorijiy muassasalar «Malika saroy»da yig‘ilishlar o‘tkazadi.

Bog‘i Bobur uch marotaba: birinchi marta – amir Abdul Rahmon davrida, ikkinchi marta – Muhammad Nodirshoh davrida va uchinchi marta – Hamid Karzay davrida ta’mirdan chiqarilgan. Hamid Karzay davrida bog‘ Og‘oxon madaniyat jamg‘armasi tomonidan qayta ta’mirlangan.

Bu bog‘da mango, anor, o‘rik, olma, nok, shaftoli, bodom kabi har xil daraxtlar bor. Bobur bog‘ida turli gul va o‘simliklarni ko‘rish mumkin. Bu bog‘da karvonsaroy, masjid, malika saroyi, suv ombori, hovuz, bog‘ning o‘rtasidan oqib o‘tuvchi soy, restoran va oshxonalar joylashgan. Bu bog‘ning karvonsaroyida antiqa buyumlar, hunarmandchilik, yog‘ochdan yasalgan buyumlar sotiladigan do‘konlar bor. Ushbu bog‘ga kirish to‘lovi mahalliy fuqarolar uchun 20 afg‘oniy (Afg‘oniston pul birligi) va xorijiy fuqarolar uchun 250 afg‘oniy. Yozda chorshanba kunlari oilalar uchun, payshanba kunlari esa yoshlar uchun mahalliy konsertlar o‘tkaziladi. Bahor va yozda bu bog‘da juda yaxshi ob-havo mavjud.

Farxunda Frutan AMIRIY

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring