Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bu yerda o‘zingizni aslzoda his qilasiz — Toshkentda muhtasham kinosaroy ishga tushdi

Bu yerda o‘zingizni aslzoda his qilasiz — Toshkentda muhtasham kinosaroy ishga tushdi

Foto: Xabar.uz

Toshkent shahrida «Riviera Cinema» kinosaroyi foydalanishga topshirildi. Bu yerga kelgan tomoshabin har tomonlama qulaylik his qilishi uchun barcha narsa muhayyo qilingan. Xabar.uz muxbiri ushbu kinosaroyning ochilish marosimida ishtirok etdi.

Joriy yilning 11-16 yanvar kunlari Yoshlar ijod saroyida «Yangi O‘zbekiston va milliy kinematografiya» oyligi doirasida «O‘zbek milliy kino san’ati haftaligi» o‘tkazilayotgani xabar qilingan edi. Haftalik doirasida yangi kinoloyihalar taqdimoti, yoshlar uchun mahorat darslari, davra suhbatlari, kasting va konferensiyalar hamda yangi filmlar premeralari bo‘lib o‘tmoqda. Shu ishlarning uzviy davomi — «Riviera cinema»ning ochilishi bo‘ldi.

«Riviera Cinema» kinosaroyida 7 ta zal mavjud bo‘lib, har biri turfa o‘lchamga ega. Kinosaroy rahbariyati tomonidan xabar qilinishicha, inshoot qurilishi uchun 7 milliard so‘mdan ortiq sarflangan. E’tiborli tomoni, bu yerda bolalar maydonchasi ham mavjud. Yana ham e’tiborlisi, ota-onalarga qulaylik yaratish maqsadida bolalarga qarab turuvchi maxsus tarbiyachilar ham biriktiriladi. Ya’ni, siz ham, farzandingiz ham bemalol vaqtini chog‘ o‘tkazishi mumkin.

«Riviera Cinema» rahbari Farrux To‘laganov kinosaroy qurilishi haqida shunday dedi:

— Men kino ixlosmandiman. Bilasizmi, kinozaldan balki ko‘p foyda olmasman, ammo shu yerda turib inson naqadar zavqlanishini yaxshi tushunaman. Biz kinozalni «O‘zbekkino» bilan hamkorlikda tashkil etdik. Yaqin yillar davomida hali bunday loyihalarga qo‘l urilgan emas!

Kinozal rahbarining so‘zlariga qaraganda, bitta zal maxsus ingliz tilidagi filmlar uchun ajratiladi. «Toshkentda 50 mingga yaqin xorijliklar yashaydi. Ular ham oilaviy dam olgisi keladi. Axir kino ko‘rishi uchun Amerikaga borib kelishmaydi-ku, to‘g‘rimi?! Biz ularga ham qulaylik yaratishni o‘ylaganmiz.

Shuningdek yana xorijiy davlat elchilari va oilalari ham bor. Biz hammani kinosaroyga taklif etamiz», — deydi Farrux To‘laganov.

Ochilish marosimida so‘zga chiqqan «O‘zbekkino» Milliy agentligi direktori Firdavs Abduxoliqov ham yangi kinozalga katta baho berdi. Marosimdan so‘ng «Faridaning ikki ming qo‘shig‘i» filmining rus tilidagi talqinining premerasi bo‘lib o‘tdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring