«Dublyaj san’ati tarixi» kitobining taqdimoti va dublyaj san’ati muzeyining ochilishi bo‘lib o‘tdi
«O‘zbekfilm» kinokonsernida XV Toshkent xalqaro kinofestivali doirasida «O‘zbek dublyaji san’ati 85 yoshda» nomi ostida tadbirlar tashkil etildi. Unda o‘zbek dublyaj san’ati ustalari Mukambar Rahimova, Noila Toshkenboyeva, Boir Xolmirzayev, Gulchehra Jamilova, Barno Qodirova, Dildora Bekjonova, Nazokat Abdurahmonova, Dilfuza Shonazarova, Alisher Uzoqov, Komiljon Tursunboyev, Sanjar Sattorov va boshqalar ishtirok etdi.
Tadbirda milliy dublyajimiz tarixi, sohada o‘chmas iz qoldirgan shaxslar haqida ma’lumotlar, iqtiboslar, dublyajda erishilgan yutuqlar va muhim voqealar aks ettirilgan «Dublyaj san’ati tarixi» kitobining taqdimoti o‘tkazildi.
«Bilasizmi, milliy dublyaj san’atimiz juda boy tarixga ega. Bu tarixiy jarayonlarning barchasini esa aslida bir kitobda namoyon etish imkonsiz. «O‘zbek dublyaj san’ati 85 yoshda» tadbiri doirasida «Dublyaj san’ati tarixi» kitobining taqdim etilishi bu oddiy voqelik emas. Buning ortida katta mehnat yotibdi. Yo‘qolib ketgan va har turli manbalarga sochilib ketgan dublyajga oid ma’lumotlarni bir joyga to‘plash oson bo‘lmadi. Buning yo‘lida mehnat qilganlarga tasannolar aytsak arziydi. Ko‘pchilik kitobda falon ijodkor yoritilmabdi, falon dublyajdagi voqelik yoritilmabdi deyishmoqda. Lekin, ishoning bu tashabbuslar hali davom etadi. Nasib qilsa keyingi yillarda ham bunday nashrlarni tayyorlashda, buning yo‘lida mehnat qilishda davom etamiz. Bugungi bayram barchamizga muborak bo‘lsin deb qolaman», – dedi faxriy dublyaj aktrisasi Mukambar Rahimova.
Shuningdek, tadbir davomida o‘zbek dublyajiga oid muhim eksponatlar hamda fotosuratlar jamlangan dublyaj san’ati muzeyining ochilish marosimi o‘tkazildi. Ushbu muzey ham milliy dublyajimiz tarixi va bugunini o‘zida jamlagan qadrli maskanga aylanishiga shubha yo‘q.
«Dublyaj san’atimiz boy tarixga ega. Ammo oxirgi yillarda bu sohaga bo‘lgan e’tibor keskin pasayib ketgan edi. Mana endi muhtaram prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilayotgan XV Toshkent xalqaro kinofestivalida nihoyat o‘zbek dublyaji alohida e’tirof etiladigan bo‘ldi. 85 yil… Bu vaqt mobaynida ushbu san’at nimalarni ko‘rmadi, ne-ne afsonalarni, iste’dod sohiblarini kashf etmadi deysiz. O‘ylaymanki, buyog‘iga ham milliy dublyajimiz yana pog‘onama pog‘ona oldinga qadam qo‘yib boraveradi», – dedi dublyaj rejissyori Komiljon Tursunboyev.
Eslatib o‘tamiz, XV Toshkent xalqaro kinofestivali joriy yilning 29 sentyabridan 2 oktyabrigacha bo‘lib o‘tadi. Unda Yevropa ittifoqi davlatlari film festivali, shu bilan birga, Turkiy davlatlar va MDH davlatlari kinoforumi ham bo‘lib o‘tadi. Bundan tashqari, kinofestival dasturidan «Kino 5 kunda» tanlovi, o‘zbek kinosining 115 yilligiga bag‘ishlangan milliy tadbirlar, kinoteatrlarda xorij kino kunlari, seminar-treninglar, mahorat darslari, taniqli kinoijodkorlar bilan ijodiy uchrashuvlar tashkil etiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter