Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

YIdan kinoloyiha: o‘smirlar orasidan iqtidorlar kashf etiladi

YIdan kinoloyiha: o‘smirlar orasidan iqtidorlar kashf etiladi

Foto: FOCUS

Yevropa Ittifoqi FOCUS kino va teatr maktabi bilan birgalikda EU-FOCUS FILM CAMP loyihasini ishga tushirdi. Dastur o‘zbekistonlik yoshlarning kino va teatr sohasidagi bilimini oshirishga qaratilgan.

O‘smirlar uchun maxsus ishlab chiqilgan bepul ta’lim moduli hujjatli kino, animatsiya, rejissura, fotosurat olish, rassomlik, musiqa, kino tarixi, dramaturgiya, teatr, prodyuserlik, tasvirchilik san’ati, kino suratga olish, adabiyot, jamoada ishlash, ovoz rejissurasi, montaj va boshqa mavzular bo‘yicha mashg‘ulotlarni qamraydi.

YeI delegatsiyasi xabariga ko‘ra, yoz oyida boshlangan ta’lim kursi hozirda dam olish kunlari davom etmoqda. Dasturga nazariy va amaliy mashg‘ulotlardan tashqari filmlar tomoshasi, mahalliy va xorijlik mutaxassislar bilan uchrashuvlar hamda tabiiy sharoitdagi laboratoriyada suratga olish o‘quvlari kiritilgan.

Guruhga 2021-2023 yillardagi Yakshanba kinomaktabi hamda FOCUS kino va teatr maktabi oromgohi dasturidan muvaffaqiyatli o‘tgan 10 dan 16 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar tanlab olingan.

Loyiha Xalqaro ijodiyot laboratoriyasi bo‘lmish kichik grantlar agregatori  FOCUS GRAVITY HUB tizimiga qo‘shilgan.

Dasturni muvaffaqiyatli tugatgan o‘smirlar Kino maktabi va FOCUS teatrida bepul asosda o‘qishini davom ettirishi mumkin bo‘ladi.

Yangi ijodiy loyiha 2023 yilgi Yevropa kinofestivali tadbirlari doirasida boshlandi.

Keyingi yillarda Yevropa kinofestivali O‘zbekistonning yetti hududini qamrab oldi. Ko‘hna qit’aning 20 davlati ijodkorlari suratga olgan 90 ta film 20 ming nafar tomoshabin e’tiboriga havola etildi.

Festival doirasida ta’lim dasturlari, yevropalik ekspertlar bilan mahorat darslari va uchrashuvlar o‘tkazish ham an’anaga aylangan.

Bu yil Toshkent va Buxoroda o‘tadigan festivalda Estoniya, Fransiya, Avstriya, Belgiya, Sloveniya, Malta, Germaniya, Xorvatiya, Finlyandiya, Ruminiya, Vengriya, Portugaliya kinoijodkorlari suratga olgan 15 ta sara film namoyish etiladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring