Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Hind kinosi yulduzi Sanjiv Kumar qismati

Hind kinosi yulduzi Sanjiv Kumar qismati

Sanjiv Kumar... Hind kinosining bu yorqin yulduzi «Qasos va qonun» filmidagi jasur politsiyachi Thakur Sinx roli orqali mashhur bo‘lgan. Uning qahramonlari nigohidagi samimiyat, ma’yuslik, dushmaniga nisbatan esa qahrli qarash bir umrga tomoshabinlar xotirasida saqlanib qolgan. O‘z ishiga talabchan akiyor Sanjir Kumar benihoya iste’dodli, kuchli iqtidor egasi edi. U ikki karra Milliy kinomukofoti («Kumush Lotos») va «Eng yaxshi erkak roli uchun» Filmfare sohibi bo‘lgan.

Haqiqiy ismi Harixar Jarivala bo‘lgan Sanjiv Kumar 1938-yil 9-iyulda Hindistonning Gujarat shtatida o‘rtahol oilada tug‘ilgan. U to‘ng‘ich farzand edi. Oilada yana ikki o‘g‘il va bir qiz unib-o‘sdi.

Sanjiv bolaligidan kinoda rol o‘ynashni orzu qildi. Bu niyatini amalga oshirish uchun teatrda chiqish qila boshladi. Keyinchalik Filmalaya kinostudiyasi qoshidagi aktyorlik maktabida tahsil oldi.

1960 yili u mazkur studiya tomonidan suratga olingan «Biz – hindlar» filmida kichik rol ijro etdi. Hammasi yaxshi edi, ammo 1962 yili Sanjiv Aarti filmi uchun aktyorlik kastingidan o‘ta olmadi. Faqat oradan uch yil o‘tib, 1965 yili Nishan filmida suratga tushdi. Bu uning kinodagi ilk yirik roli edi.

Sanjiv Kumarning aktyor sifatida tanilishi 1970 yildagi «O‘yinchoq» filmi bilan bog‘liq. Ushbu kartinadan so‘ng u bir qator tijoratiy filmlarda ishtirok etdi va muvaffaqiyat qozondi. Jumladan, «Zita va Gita» (1972), «Injiqni jilovlash» (1973), «Siz uchun qasam ichaman» (1974) kinokartinalari aktyorni elga tanitdi.

Ayni shu yillarda Sanjiv Kumar mashhur rejissyor Sampuran Singx Gulzar bilan hamkorlikda ish boshlagan edi. Ular birgalikda 9 ta film yaratdilar. Mazkur kinoasarlardan «Tengsizlikni yengish» (1972), «Dovul» (1975), «O‘tmishga sayohat» (1975), «Uzum» (1982) va «Ijarachi» (1982) jamoatchilik e’tiborini qozondi.

1972 yilda suratga olingan «Tengsizlikni yengish» aktyor ishtirokidagi eng yaxshi film hisoblanadi. Sanjir Kumar unda kar va duduq qahramon rolini ijro etib, bir necha mukofot bilan taqdirlandi. Ayniqsa, Bengaliya jurnalistlari uyushmasi (BFJA Awards) tomonidan «Eng yaxshi erkak roli uchun» mukofotiga sazovor bo‘lgani o‘ziga xos e’tirof edi.

Yuqorida aytib o‘tganimizdek, aktyorning eng yorqin va yodda qolgan rollaridan biri «Qasos va qonun» (1975) filmidagi Txakur Baldev Singx obrazidir. U o‘z burchiga sodiq politsiya inspektori rolini qoyilmaqom tarzda ijro etdi. Tomoshabin bu siymoda ikki qo‘li bo‘lmasa-da, yaqinlari uchun kuchli qasos olgan sobitqadam qahramonni ko‘rdilar.

Sanjiv Kumar noan’anaviy rollarga ham munosibligini namoyon etgan. Buning yorqin namunasi «Shaxmatchilar» (1977) filmidagi Mirza Sajjad Ali rolidir. Aktyor unda Laknau shahrida yashovchi va shaxmatga mukkasidan ketgan odamni jonlantirgan. Film mashhur rejissyor Satyajit Rey tomonidan suratga olingan edi.

Sanjiv Kumar butun umri davomida aktrisa Hema Maliniga javobsiz muhabbatini bag‘ishladi. Aktyor Hemani nihoyatda sevardi. Ammo aktrisa uni emas, balki hamkasbi Dxarmendrani tanladi. Sanjivning Hemaga muhabbati aktrisa Sulakshana Panditning unga bo‘lgan hissiyotiga javob berishdan to‘sib qo‘ygan edi.

Sanjiv Kumar 1985 yil 6 noyabr kuni Bombeyda (hozirgi Mumbay) 48 yoshida infarkt tufayli vafot etgan. Taqdir taqozosi bilan u ekranda keksalar rolini o‘ynagan bo‘lsa-da, o‘zi ellik yoshga ham yetmay hayotdan ko‘z yumdi.

Akbar Fathullayev.

 

 

 

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring