Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Imtihon men uchun bayram» – «I» operatsiya»si filmidagi aktyorlarning qismati qanday kechgan?

«Imtihon men uchun bayram» – «I» operatsiya»si filmidagi aktyorlarning qismati qanday kechgan?

Rejissyor Leonid Gayday suratga olgan «I» operatsiyasi yoki Shurikning boshqa sarguzashtlari» filmining «Shayton vasvasasi» novellasida imtihon topshirish sahnasi bor. Unda talabalardan biri radioapparat yordamida «to‘nka»ni aldab, imtihon topshirmoqchi bo‘lsa, ikkinchisi bir nechta biletni qarta sifatida olib, domlani ham shunga undaydi. Bu sahnalar filmning jozibadorligini yanada oshirgan.

Xo‘sh, kinoda professor va talabalar rolini o‘ynagan aktyorlarning taqdiri qanday kechgani haqida bilasizmi?..

Qirq yoshida qirqilgan

Vladimir Rautbart 1929-yili Ukrainaning Nikolayev shahrida, yahudiy oilasida tug‘ilgan. Uning ota-onasi sartarosh bo‘lib ishlardi. 30-yillarning oxirida ushbu oila Leningradga ko‘chib o‘tadi. Ikkinchi jahon urushi boshlanganda Volodya 12 yoshda edi.

Ota frontga ketgach, ona-bola uni boshqa hech qachon ko‘rmadi. Vladimir onasi bilan qamaldagi Leningradda yashadi. U yerdan Ladoj ko‘li, front ortiga, Uralga, Molotov  viloyatiga (Perm o‘lkasiga) ko‘chirildilar.

Urush yillarida nafaqat odamlar, balki butun boshli tashkilotlar ham front ortiga jo‘natilardi. Leningrad yosh tomoshabinlar teatri ham ko‘chirildi va Vladimir bu dargohga oddiy ishchi bo‘lib joylashdi. Bir necha yildan so‘ng esa uni Molotov shahar musiqa teatriga aktyorlikka qabul qilishdi, biroq maoshi juda kam edi.

Rautbart mahoratini oshirib bordi. Muxlislarga ega bo‘ldi. Keyinroq Vladimir Rautbart poytaxtga yo‘l olib, Moskva teatriga ishga kirdi. O‘shanda uning yoshi 30 da bo‘lib, doimiy izlanar, o‘zining janrini qidirar, yangi rollar olar va boshqa teatrlarga taklif qilinardi. Vladimir xuddi oz umr ko‘rishini bilgandek, kuyib-pishib ishlar, qo‘li qo‘liga tegmasdi.

U kinoga «Yetti enaga» yumoristik filmi bilan kirib keldi. Mazkur kartinada dirijyor rolini ijro etdi. Tomoshabin yosh aktyorni «Yoqut ko‘zli bilaguzuk», «Ular osmonni zabt etadilar» filmlarida ham ko‘rdi. Garchand rollari kichik bo‘lsa-da, Rautbartning mahorati butun filmga singib ketardi.

Vladimir Rautbartni mashhur qilgan rol, shubhasiz, «I» operatsiyasi»dagi professor bo‘ldi. Tomoshabin uni filmda uch daqiqadan ortiq ko‘rmaydi, biroq professor va talabaning suhbati «xalq ozg‘aki ijodi»dan joy oldi.

Rautbart 40 yoshga to‘lganida uni mashhur «Timsoh Gena» multfilmidagi kampir Shapoklyakka ovoz berishga taklif qilishdi. Bu aktyorning so‘nggi ishi bo‘lib qoldi. 1969-yili u shohtomiri yorilishi oqibatida hayotdan ko‘z yumdi. Rautbartning guldek xotini beva, ikki bolasi yetim bo‘lib qoldi.

Puli yo‘q, uyi yo‘q aktyorning shuhrati

Viktor Pavlov 1940-yil 5-oktyabrda Moskvada tug‘ilgan. Uning ota-onasi sibirlik bo‘lib, Chitada yashagan. Otasi muhandis, onasi vrach-akusher edi. Ular 1940-yili Moskvaga ko‘chib o‘tib, kommunal uyga joylashdilar.

Viktor bolaligida bezori bo‘lgan. Qulog‘ining antiqaligi ham janjallar tufayli.

1956-yilda maktabning sakkizinchi sinfini tamomlagan Viktor zavodda chilangar bo‘lib ishlay boshladi. Shu bilan bir vaqtda ishchi yoshlar maktabida o‘qib, o‘qituvchilar uyi qoshidagi drama to‘garagiga qatnadi. To‘garak rahbari, aktyor va rejissyor V.N.Bogomolov uni teatr bilim yurtiga o‘qishga kirishga undadi. 1959-yili Pavlov oliy bilim yurti talabaligiga qabul qilinib, 1963-yilda uni tamomladi. Bilim yurtida bo‘lajak mashhur hamkasblar Mixail Kononov, Vitaliy Solomin va Oleg Dal ham tahsil olishdi.

Pavlov ishtirokida ekranga chiqqan birinchi kinoasar Lev Kulijanovning «Daraxtlar katta bo‘lganda» filmi hisoblanadi. Uni mashhur qilgan kartina esa «I» operatsiyasi» edi. Pavlovning qahramoni imtihonga yopiq ratsiya bilan keladi va kulgili vaziyatga tushadi. «Imtihon men uchun bayram» iborasi ham aynan uning qahramoniga tegishli.

Shundan so‘ng Pavlov tez-tez kinoga suratga tushadigan mashhur aktyorga aylandi (uning filmografiyasida 170 dan ziyod kartina bor). O‘z vaqtida sahnaga chiqishni ham kanda qilmadi.

Viktor Pavlov hamkasbi Tatyana Govorova bilan tanishib, ko‘ngil qo‘ydi. Ular nikohdan o‘tishga borganda Viktor Tanyani qo‘lidan ushlab, o‘rindiqqa o‘tqazdi. Unga hammasi haqida yana bir marta o‘ylab ko‘rishni taklif qildi. «Bizning pulimiz, uyimiz yo‘q... umuman, nimamiz bor?..» – dedi alam bilan. Ammo Tanya sira ikkilanmadi – u Viktor bilan har qanday qiyinchilikka tayyor edi.

Shirin turmush qurishdi. Oilada qizaloq Sasha tug‘ildi. Pavlov judayam mehribon ota edi. Qiziga bir-biridan g‘aroyib qo‘g‘irchoqlar sovg‘a qilardi.

Ko‘p o‘tmay, ular uyli bo‘lishdi. Bu xonadonga Aleksandr Abdulov, Boris Xmelnitskiy, Pavel Lungin va boshqa hamkasblar mehmon bo‘lib kelishardi.

Pavlov dam olishga alohida o‘zi borishni istamas, har yili yozda oilasini albatta dengizga olib chiqardi. Bir yili Yaltadagi aktyorlar uyida yashadilar. Pavlov bir necha kunga s’yomkaga ketdi. Keyin esa Tanya xaxolagan kulgi ovozini eshitib, erini qaytganini tushundi. U Viktorni o‘zbek do‘ppisi va to‘n kiygan holda ikkita qovun hamda quti to‘la Sharq shirinliklari bilan ko‘rib, hang-mang bo‘ldi.

Viktor Pavlovich o‘zining salomatligi haqida kam qayg‘urardi. U uzoq vaqt qon bosimi va tomirlardagi muammodan aziyat chekdi. Birinchi insult 1999-yilda ro‘y berdi. Tatyana Nikolayevna nonushta tayyorlayotgan vaqtda yonboshiga og‘ayotgan erini to‘satdan ko‘rib qoldi. Aktyor shifoxonada davolandi. Biroq... birinchi insultdan so‘ng ikkinchisi ro‘y berdi.

Hayoti mobaynida qushlarga qiziqqan Viktor Pavlov 2006-yil 24-avgustda 65 yoshida vafot etdi. 

Surgundagi odamdek ishlardi...

Rossiya xalq artisti Valeriy Nosik 1940-yil 9-oktyabrda Moskvada tug‘ilgan. Otasi hisobchi, onasi kimyo zavodida sex boshlig‘i edi. Valeriy tug‘ilgunga qadar otasi, polyak Benedikt Nosek 30-yillardagi qatag‘on tufayli qamalgan edi. 1939-yili ozodlikka chiqqach, yangi pasport oldi va uning familiyasini «i» bilan xato yozishdi. Otasining tarjimai holidagi dog‘ Valeriyning taqdiriga soya solmadi: u maktabda namunali o‘quvchilar safida bo‘ldi, to‘rtinchi sinfdan esa madaniyat uyidagi aktyorlik to‘garagiga qatnay boshladi.

Maktabdan so‘ng Valeriy VGIK talabasi bo‘ldi. Tahsil davridayoq kinoda suratga tushdi va Moskva yosh tomoshabinlar teatri sahnasiga chiqdi. Aynan teatr dargohida Liya Axedjakova bilan tanishdi. Ular turmush qurdilar, biroq birgalikdagi hayot uzoqqa bormadi. Axedjakova va Nosik ajrashish sababini e’lon qilishmadi, ular o‘zaro hurmatni saqlab qoldilar.

Valeriy Nosik judayam mehnatsevar aktyor edi: u nafaqat spektakl va kinoda o‘ynar, balki konsert va ijodiy kechalarda qatnashish uchun ham vaqt topardi. Kinoda kichik rollar tegar, biroq rejissyorlar uning ishtiroki har qanday epizodni jonlantirib yuborishini ta’kidlashardi. Leonid Gaydayning biz tilga olgan filmida Nosik qartaboz-talaba rolini qoyillatgan. Uning «Sizdan ugina, bizdan bugina» filmidagi roli ham esda qolarli.

1970-yilda «Uy qurishga shoshil» musiqali filmini suratga olish chog‘ida Valeriy Benediktovich aktrisa Mariya Sternikovani uchratdi va u aktyorning ikkinchi rafiqasiga aylandi. Oradan bir yil o‘tib, oilada Aleksandr tug‘ildi. Afsuski, o‘g‘ilning dunyoga kelishi Valeriy va Mariyaning yetmishinchi yil oxirlaridagi ajrashishiga ta’sir qilolmadi.

1972-yili Valeriy Nosik «Maliy teatr»ga ishga o‘tdi va umrining oxirigacha shu maskanda xizmat qildi. U kinoda samarali faoliyat ko‘rsatib, 130 dan ortiq film va seriallarda suratga tushdi. O‘g‘li Aleksandrning xotirlashicha, Valeriy Nosik xuddi «surgundagi odam»dek ishlagan, u hozirjavob va hech qachon hech kimga yo‘q demasdi.

Baxtga qarshi, yillar o‘tib, aktyorning sog‘lig‘i pand berdi va avvalgidek ishlay olmay qoldi. 1995-yilning 4-yanvarida Nosik teatrga ishga kelmadi. Uning jonsiz tanasini uyida ukasi Vladimir Nosik topdi. O‘lim sababi yurak xuruji edi. Ko‘plarning sevimli aktyori 54 yoshda hayotdan ko‘z yumgandi. Uning jasadi yonidan ukasi yangi pesa matnini topdi – Nosik hayotining so‘nggi daqiqasiga qadar sevimli ishi bilan mashg‘ul bo‘lgan edi.

Akbar Fathullayev

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring