Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Kinematografiya agentligi o‘zbekistonlik talabalarni qo‘llab-quvvatlashda davom etadi

Kinematografiya agentligi o‘zbekistonlik talabalarni qo‘llab-quvvatlashda davom etadi

Butunrossiya Davlat kinematografiya institutida o‘tkazilgan talabalar festivalining yopilishida qatnashgan O‘zbekiston Respublikasi Kinematografiya agentligi delegatsiyasi vakillari bu yerda o‘qiyotgan talabalar bilan uchrashishdi.

O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida kinematografiya sohasini rivojlantirishdagi hamkorlik istiqbollari haqida O‘zbekiston Respublikasi Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov bilan suhbatlashdik.

–O‘zbekiston delegatsiyasi tashrifidan ko‘zlangan maqsad nimalardan iborat?
– O‘zbekiston delegatsiyasi VGIK 41-xalqaro talabalar festivalida qatnashish uchun kelgan. Biz avvalo VGIKka o‘qishga kirgan o‘g‘il-qizlarimiz bilan uchrashib, ularning o‘qish va yashash sharoitlari bilan tanishmoqchi edik. Moskvada yashash oson emasligini yaxshi bilamiz. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan xorijda o‘qiyotgan talabalarimizni qo‘llab-quvvatlash uchun dasturlar joriy qilinmoqda. Agentlik ham ular uchun maxsus stipendiyalar ajratishga qaror qildi.

Bundan tashqari, VGIK rektori Vladimir Malishev bilan hamkorlikda kinoloyihalar yaratish, talabalarimizning kurs ishlari mavzusini O‘zbekistonga bag‘ishlash va shu yerda suratga olish haqida ham kelishib oldik. Talabalarimiz ta’tilda O‘zbekistonga qaytishadi, «O‘zbekfilm»da amaliyot o‘tashadi. Aytish joizki, ularning amaliyot ishi, kinoloyihalardagi ishtiroki va yo‘l xarajatlari uchun pul to‘lanadi. Bundan tashqari biz yana bir faxriy vazifani bajarish uchun keldik. Kuni kecha V.Malishevga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomidan «O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligi» esdalik nishonini ham tantanali ravishda topshirdik. VGIKka esa, O‘zbekiston hukumati nomidan faxriy yorliq topshirdik.

–Joriy yilda rossiyalik kinoijodkorlar bilan hamkorlikdagi bir qator loyihalar amalga oshirildi. Bu filmlar qachon namoyish etiladi?

–Kinematografiya agentligi tomonidan Rossiyaning uchta yetakchi kinokompaniyasi bilan hamkorlikda – «Vega» kinokompaniyasi bilan «Parining sovg‘asi», «Inferno» bilan «Baron. Qaytish», «Sputnik vostok prodakshn» bilan «Quyosh ta’mi» singari kinoloyihalar ustidagi ishlar muvaffaqiyatli davom ettirildi. Albatta pandemiya bilan bog‘liq muammolar ishimizga bir muncha xalal berdi. Ammo tez orada katta ekranlarda ushbu filmlarning taqdimotini o‘tkazmoqchimiz.

–Rossiyalik hujjatli kino ustalari bilan hamkorlik haqida ham to‘xtalib o‘tsangiz?

–Joriy yilning o‘zida rossiyalik bir qator hujjatli kino ustalari O‘zbekiston haqida qator filmlar tayyorlashdi. Jumladan, yaqinda «Rossiya-24» telekanalida «Masterskaya» kinokompaniyasi bilan «Eng yangi tarix» hujjatli filmi namoyish qilindi. «Rossiya-1» telekanalida «Dokumentalist» kinokompaniyasi bilan hamkorlikda «O‘zbekiston: o‘tmish, bugun, kelajak» nomli film namoyish qilinishi kutilmoqda. «Mir» telekompaniyasi tomonidan «O‘zbekiston. Hamdo‘stlik bo‘yicha navbatchi» hamda «Mustaqillik. Missiya bajarildi» hujjatli filmlari suratga olindi.

Shu o‘rinda «Rossiya-Kultura» telekanali bilan hamkorlik samaralari haqida to‘xtalib o‘tmoqchi edim. Ular bilan hamkorlikda «O‘zbekiston. Tiklanish» nomi ostida «Asrlar qa’ridan maktublar», «Dasturxon harorati va saxovati», «O‘zbekiston. Quyoshli madaniyatlar chorrahasi», «Quyosh ostidagi makon», «Sharq durdonasi tongi», «Ipak yo‘li durdonasi» singari filmlar yaratildi.

–Agentlik tomonidan yangi kinoloyihalar bo‘yicha hamkorlik yuzasidan kelgusi yil uchun yo‘l xaritasi shakllangan bo‘lsa kerak?

Kuni kecha Moskvada ishchi nomi «Gladiator» bo‘lgan yangi film prodyuseri Yelena Tverdoxlebova bilan uchrashib, «Gladiator» kinoloyihasi haqida ham suhbatlashdik. Drama janrida suratga olinadigan bu filmda toshkentlik yosh bokschi Borzenkoning hayot yo‘li haqida hikoya qilinadi. Filmda bosh qahramonnning Ikkinchi jahon urushidagi qahramonliklari, uning Buxenvald konslagerida boshidan kechirganlari aks ettiradi. Bu yerda u o‘z jonini garovga tikib, ringga chiqadi. Oradan yigirma yil o‘tib, u Toshkentga qaytadi. Bu yerda tibbiyot sohasida o‘z faoliyatini davom ettirib, bemorlarini hayotga qaytaradi.

–13-Xalqaro Toshkent kinofestivalida bir qator hujjatlar, jumladan rejisser va prodyuser Timur Bekmambetov bilan ham memorandum imzolangan edi. Bu yo‘nalishda nima ishlar qilinyapti?

–Ushbu yirik loyihaga ko‘ra, ajratiladigan investitsiyaning katta qismi Toshkentda Animatsiya maktabini ochishga yo‘naltiriladi. Keyinchalik bu maktab studiyalari «Nasriddin sarguzashtlari» nomli animatsion film loyihasiga ham jalb qilinadi. Mazkur filmni ishlab chiqarish bilan Timur Bekmambetovning «Bazelevs» hamda Qozog‘istonning «Qozoqfilm» studiyalari shug‘ullanadi.


–Yana talabalarni qo‘llab-quvvatlash masalasiga qaytadigan bo‘lsak, VGIKning Toshkent filiali talabalari uchun qanday xushxabarlar bor?

–Xabaringiz bor, ushbu filial O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 28 avgustdagi maxsus farmoyishiga asosan tashkil qilingan. Ayni paytda ushbu filialda ikkita fakultet faoliyat olib bormoqda. Talabalarning yarmi davlat granti, qolganlari to‘lov-kontrakt asosida ta’lim oladi. Mazkur ta’lim maskanini yanada kengaytirish niyatidamiz. Endilikda hamyurtlarimiz ham Moskvada, ham Toshkentda shu yo‘nalishda tahsil olshlari mumkin. Ta’lim jarayonida asosiy e’tiborni amaliyotga qaratamiz. VGIKning Toshkent filialida zamonaviy texnikalar bilan jihozlangan «Yoshlar studiyasi» va ijodiy laboratoriya ishlab turibdi. Boshlang‘ich mualliflarga qisqa metrajli filmlarini suratga olishlari uchun grantlar ajratilmoqda. Hududlardan zarur ballarni jamlab, to‘lov shartlarini bajarishga qurbi yetmaydigan abituriyentlar uchun maqsadli grantlar yo‘lga qo‘yiladi. Umuman olganda, VGIKda va uning Toshkent filialida o‘qiyotgan talabalar bilan hamkorlik qilish Prezidentimizning talabalarga ta’lim berish va malakasini oshirish bilan shug‘ullanadigan davlat organlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tashabbuslariga mos keladi.

Olib borilayotgan ishlar O‘zbekiston kino san’ati va sanoatini yangi bosqichga ko‘tarishiga ishonchim komil.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring