«Kino 5 kunda» tanlovi g‘oliblari taqdirlandi
«Ipak yo‘li durdonasi» XV Toshkent xalqaro kinofestivali doirasida yosh rejissyorlar uchun mo‘ljallangan «Kino 5 kunda» xalqaro tanlovi g‘oliblari aniqlandi. Tanlov ishtirokchilari an’anaga ko‘ra, 5 kun ichida O‘zbekistonning tarixiy manzillari, jumladan, Samarqand, Buxoro, Xorazm, Farg‘ona, Toshkent kabi shaharlarda bo‘lib, qisqa-metrajli filmlar suratga olishdi.
«Kino 5 kunda» xalqaro tanlovi taqdirlash marosimi avvalida Kinematografiya agentligi direktori Firdavs Abduxoliqov so‘zga chiqib nutq so‘zladi.
«Mazkur tanlov turli davlatlardan tashrif buyurgan bir qator yosh kinoijodkorlarni birlashtirdi deb o‘ylayman. Bu nafaqat kino musobaqasi, balki do‘stlik va insoniy bag‘rikenglik kabi tushunchalarni ulug‘lagan festival loyihasi bo‘lib xizmat qildi. Qatnashchilar yurtimiz haqidagi filmlarni suratga olib taqdim etdilar. Hakamlar hay’ati a’zolari esa eng munosiblarni baholashdi. O‘zbekiston yoshlar mamlakati. Kinofestivalning ham asosiy maqsadi yoshlarga imkon berish, o‘zlarining bor potensiallarini namoyon etishlari uchun sharoit yaratib berish va albatta rag‘batlantirishdan iborat», – dedi Firdavs Abduxoliqov.
Shundan so‘ng, g‘olib va sovrindorlar nomi e’lon qilindi. «Eng yaxshi milliy qisqa metrajli film» nominatsiyasida Dilshod Usmonovning «Uzum» filmi g‘olib bo‘ldi. Tanlovning «Eng yaxshi milliy qisqa metrajli film» nominatsiyasi bo‘yicha ishtiroki uchun «O‘zbekiston mening orzum» filmi bilan Hilola Abdurasulova, «Omonat» filmi uchun esa Nuriya Safarova e’tirof etildi.
«Kino 5 kunda» tanlovining xorijlik ishtirokchilari suratga olgan filmlar bo‘yicha maxsus nominatsiyasida 3-o‘rin «Rishta» filmi uchun Yakov Podkustovga (Rossiya), 2-o‘rin «Orzular shahri» filmi uchun Yedisa Toktorovaga (Qirg‘iziston), 1-o‘rin «Yuz qadam» filmi uchun Shirin Ahmedovaga (Ozarbayjon) nasib etdi. G‘oliblarga pul mukofotlari va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter