Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Madaniyat vazirligi «karantinni buzgan san’atkorlar» masalasida bayonot berdi

Madaniyat vazirligi «karantinni buzgan san’atkorlar» masalasida bayonot berdi

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi so‘nggi paytlarda ayrim san’atkorlarning to‘y va tadbirlarda karantin qoidalarini buzish holatlari uchrayotgani va shu masalada kelib tushayotgan murojaatlar yuzasidan bayonot berdi.

«Jahonda va yurtimizda hukm surayotgan pandemiya sharoitida har bir davlat ma’lum darajada karantin choralarini qo‘llamoqda. Jumladan, yurtimizda ham tegishli vazirlik va idoralar, Respublika maxsus komissiyasi qaroriga binoan, karantin davrida yurtdoshlarimiz amal qilishlari shart bo‘lgan qoidalar aniq belgilab berilgan. Ushbu qoidalarni buzgan shaxslarga tegishli tartibda chora ko‘rish vakolatli organlarga yuklatilgan.

So‘nggi paytlarda ayrim san’atkorlarning to‘y va tadbirlarda karantin qoidalarini buzish holatlari afsuski uchrab turibdi. Shu munosabat bilan, jamoatchilik tomonidan, Madaniyat vazirligi nega buni nazorat qilmayapti, qabilidagi savollar, murojaatlar kelib tushmoqda. Albatta, Madaniyat vazirligi ushbu xatti-harakatlarni ma’qullamaydi va karantin qoidalari istisnosiz har bir shaxs uchun majburiyligini, uni buzganlarga qat’iy chora ko‘rilishini qo‘llab-quvvatlaydi.

Biroq, yurtimizda yashayotgan har bir fuqaro, qanday kasb egasi bo‘lishidan qat’i nazar ma’lum huquq va majburiyatlarga ega. Ularning shaxsiy hayotini nazorat qilishga hech kimning haqqi yo‘q. Jumladan, Madaniyat vazirligi ham san’atkorlarning shaxsiy ishlariga aralashish vakolatiga ega emas. Vazirlikning nizom bilan tasdiqlangan faoliyat chegaralari mavjud bo‘lib, undan tashqariga chiqish qonunan mumkin emas. Shaxsning jamiyatdagi xatosi yoki jinoyati uchun chora ko‘rishga mas’ul bo‘lgan organlar qonunning barcha uchun barobarligi tamoyiliga asoslangan holda faoliyat olib boradilar.

Tabiiyki, san’at ahli millionlab muxlislarning nigohida va diqqat markazida bo‘ladi. Lekin, bu unga qandaydir imtiyoz emas, aksincha ulkan javobgarlik va mas’uliyat yuklaydi. Madaniyat vazirligi soha vakillaridan o‘z hayot va faoliyatlarida ushbu mezonga amal qilishlarini so‘raydi. O‘z navbatida, mas’ul idoralarni belgilangan me’yorlarni buzgan san’atkorlarning javobgarliklarini ta’minlash uchun qonuniy choralar ko‘rishga chaqiradi. Zero, qonun barchaga barobar!» — deyiladi bayonotda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring