Manba: «O‘zbekkonsert»ning sobiq rahbari tizimda qarindosh-urug‘chilikka yo‘l qo‘ygandi
«O‘zbekkonsert» davlat muassasasi sobiq rahbari Odiljon Abduqahhorov boshqa ishga o‘tgani munosabati bilan lavozimidan ozod etilgani xabar qilingan edi.
«Xabar.uz» manbasining ma’lum qilishicha, Odiljon Abduqahhorovning ishdan bo‘shatilishiga o‘zi rahbarlik qilgan tashkilotdagi turli mas’uliyatli lavozimlarga qarindosh-urug‘larini ishga joylagani ham sabab bo‘lgan. Manba tahririyatga buni isbotlovchi dalillarni ham taqdim etdi.
Eslatib o‘tamiz, shu vaqtga qadar muassasa direktorining ijodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Alisher Jamoldinov «O‘zbekkonsert»ga vaqtincha direktor vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan.
O‘z vaqtida, «O‘zbekkonsert» ijodni nazorat qiluvchi tashkilot sifatida, shuningdek, ne-ne san’atkorlarning litsenziyasiz qolib ketishi vajidan uning rahbarlari qosh-qovog‘iga qarab yashashi qattiq tanqid ostiga olingandi. Shundan keyin tashkilot litsenziyasi muddatidan oldin to‘xtatilgan xonandalarga ijodiy faoliyatini davom ettirish uchun ruxsat bergandi.
Ozodbek Nazarbekov vazir etib tayinlangach, «Madaniyat tizimida korrupsiya urchib ketgan, hamma o‘z etagini yig‘ishtirib olsin. Avvalo shu sohani korrupsiyadan tozalashimiz lozim. Madaniyat vazirligidan to eng quyi tizimgacha adolat o‘rnatiladi. Kim menga do‘st bo‘lsa, men tomonda tursin, yoki u menga dushman bo‘ladi. Prezident menga ishondi, adolat o‘rnatadi, deb ishondi. Bu yog‘iga adolat to‘nini kiyib, ma’rifat qilichini baland ko‘tarib, tizimni tozalaymiz. Korrupsiyaga qarshi kurashishda esa menga halol jamoa kerak», —deya aytib o‘tgandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter