Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Markaziy Osiyo madaniy merosini asrash bo‘yicha tanlov e’lon qilindi

Markaziy Osiyo madaniy merosini asrash bo‘yicha tanlov e’lon qilindi

Foto: Yandex

ALIPH jamg‘armasi Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikda Markaziy Osiyoning madaniy merosini iqlim tahdidlaridan asrash bo‘yicha loyihalar tanlovini e’lon qildi. Bu haqda YeIning Toshkentdagi delegatsiyasi ma’lum qildi.

O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan tashkil etilgan Orol madaniyat sammiti doirasida e’lon qilingan loyihalar tanlovi iqlim o‘zgarishlari va tabiiy ofatlarning mintaqadagi madaniy merosga oshib borayotgan tahdidlarini kamaytirishga qaratilgan.

Moliyaviy yordam Yevropa Ittifoqi tomonidan taqdim etiladi. Grant jarayoni esa ALIPH jamg‘armasi tomonidan boshqariladi.

Mintaqa madaniy merosini iqlimiy tahdidlardan asrash bo‘yicha kichik (27 ming yevrogacha) va o‘rta (180 ming yevrogacha) miqdorda grantlar taqdim etiladi.

Tanlovda madaniy merosni himoya qilish bilan shug‘ullanadigan muassasalar, xususiy tashkilotlar, universitetlar va ilmiy-tadqiqot markazlari ishtirok etishi mumkin.

Arizalar O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistondan qabul qilinadi.

Takliflarni topshirishning oxirgi muddati sifatida 2025-yil 31-iyul sanasi ko‘rsatilgan. Tashkilotchilarga ko‘ra, moliyalashtirish to‘g‘risidagi qarorlar 2025-yil dekabriga qadar e’lon qilinadi.

Tanlovga oid batafsil ma’lumotni rasmiy saytdan olish mumkin.

«Bu — ALIPH tomonidan bir yil ichida ikkinchi bor iqlimga oid loyihalar uchun e’lon qilinayotgan tanlovdir. Yevropa Ittifoqi ALIPH bilan hamkorlikda mintaqadagi moddiy, nomoddiy madaniy merosni himoya qilishga bel bog‘lagan, bu borada mahalliy hokimiyatlar va madaniy meros muassasalari bilan hamkorlik qiladi», — deyiladi YeI delegatsiyasi xabarnomasida.

Ma’lumot o‘rnida: ALIPH (International alliance for the protection of heritage) mojarolar, urushlar, tabiiy ofatlar va inqiroz hududlarida madaniy merosni asrashni maqsad qilgan global fonddir. 2017-yili Jenevada tashkil etilganidan buyon tashkilot 42 mamlakatda 500 dan ortiq loyihani qo‘llab-quvvatlagan.

27 davlatni birlashtirgan Yevropa Ittifoqi iqtisodiy va siyosiy ittifoq bo‘lib, inson qadr-qimmati, erkinlik, demokratiya, tenglik, qonun ustuvorligi va inson huquqlariga, shu jumladan millatlar huquqlariga hurmat tamoyillariga asoslangan. YeI dunyoda jamiyat, atrof-muhit va iqtisodiyotning barqaror rivojlanishini ta’minlash orqali har bir inson uchun manfaatlar yaratishga intiladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring