Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mashhur josus Shtirlits – Vyacheslav Tixonov hayotiga chizgilar...

Mashhur josus Shtirlits – Vyacheslav Tixonov hayotiga chizgilar...

Kinoga havas, to‘siq va ko‘z yoshlar

Kinoda betakror rollar qoldirgan aktyor Vyacheslav Tixonov 1928-yilning 8-fevralida Moskva viloyatining Pavlovsk shahrida dunyoga kelgan. U oddiy ishchi oilasida o‘sib-ulg‘aydi. Ko‘plab tengqurlari kabi ko‘cha changitib o‘ynash Slavaning ham ermagi edi.

U ota-onasiga yordam berar, ustachilik bilan shug‘ullanardi. Bo‘sh vaqtlarida o‘rtoqlari bilan kinoteatrga yugurar, sevimli filmlarini tashnalik bilan ko‘rardi. U san’at yo‘lidan ketishni niyat qildi. Ammo to‘qish dastgohi mexanigi bo‘lgan otasi, bolalar bog‘chasi tarbiyachisi bo‘lmish onasi o‘g‘lini qishloq akademiyasi talabasi sifatida ko‘rishardi. Ikki o‘rtada tushunmovchilik kelib chiqdi. Bunga oqila va donishmand buvi oxirgi nuqtani qo‘ydi. «Bolaning yo‘lini to‘smanglar. Bugun Slavikning yo‘liga g‘ov bulsalaring, butun umr ko‘ngli o‘ksib yuradi», – dedi u.

Biroq abituriyent Vyacheslav Tixonov aktyorlik mahorati bo‘yicha imtihondan yiqilib, VGIKka kira olmadi. 17 yoshli o‘smir e’lonlar taxtasiga ko‘z tikkancha alamidan achchiq yig‘ladi. Ana shunda tasodif ro‘y berdi. Yo‘lakdan o‘tayotgan professor Boris Bibikovning unga ko‘zi tushib, mehri jo‘shib ketdi.

Kirish imtihonlaridan so‘ng B.Bibikov Vyacheslavni o‘zi tahsil beradigan kursga qabul qildi. Tixonovdagi intiluvchanlik, tirishqoqlik sezila bordi. U tinmay o‘z ustida ishlardi. O‘qishni muvaffaqiyatli tugatgach, ish faoliyatini ham jo‘shqinlik bilan boshladi.

Ammo, ming afsuski, boshqa aktyorlardan farqli o‘laroq, Tixonov salkam o‘n yil davomida ko‘zga ko‘rinarli rollar ijro etmadi. Tashqi qiyofasiga e’tibor qaratgan rejissyorlar uning aktyorlik iqtidorini nazardan qochirishardi. Shunga qaramay, Tixonovning o‘zi bu yillarni samarasiz o‘tgan deb hisoblamagan.

Tanilish uchun «eskalator»

Urushdan keyingi yillarda rejissyor Sergey Gerasimovning «Navqironlar» filmi ekranlarga chiqdi. Unda Vyacheslav Tixonov Volodya Osmuxin rolini o‘ynagan edi. Debyut omadli bo‘ldi. Film o‘sha zamon yoshlari – Nona Mordyukova, Sergey Bondarchuk, Yevgeniy Morgunov va Viktor Avdyushkolarning o‘z iqtidorlarini namoyon etishlari uchun yaxshigina «eskalator» edi. «Navqironlar»dagi roli uchun yosh Tixonov maxsus mukofot bilan ham taqdirlandi.

Uning dastlabki rollarida o‘ziga xos jo‘shqinlik, shavq-zavq namoyon bo‘ldi. «Tashnalik»dagi Oleg Bezborodko, «Favqulodda holat»dagi Rayskiy, «Michman Panin»dagi Panin, «Optimistik fojia»dagi Aleksey tomoshabinlar e’tiborini qozondi.

Tixonovga haqiqiy mashhurlik Stanislav Rostotskiyning «Bu Penkovda bo‘lgan edi» filmidagi oddiy qishloq yigiti Matvey Morozov roli orqali keldi. U qahramonini ijobiy va salbiy mezondagi turli bo‘yoqlarda talqin qilgandi.

Yosh aktyorning qiyofasi traktorchi roliga mos tushmasa-da, muxlislar Matvey Morozovni juda yaxshi qabul qilishdi. Darhaqiqat, haqiqiy drama baxtsiz muhabbatda emas, balki hayotiy ziddiyatlardagi ichki nomuvofiqlikda ekanini his etish mumkin edi. 

Xarob qilgan rol

60-yillarda Vyacheslav Tixonov ko‘proq ziyolilar rolini ijro eta boshladi. Ulardan biri «Dushanbagacha omon bo‘lsak» filmidagi tarix o‘qituvchisi Ilya Semyonovich hisoblanadi. Mazkur turkumdagi rollari – Andrey Bolkonskiy («Urush va tinchlik»), Shtirlits («Bahorning o‘n yetti lahzasi»), kasbi yozuvchi bo‘lgan Bimning egasi («Oq Bim, Qora Quloq»)... Bir-biridan mutlaqo farq qiladigan qahramonlar...

Sergey Bondarchukning mashhur «Urush va tinchlik» filmidagi knyaz Bolkonskiy roli tufayli Tixonov madaniyat vaziri Lyudmila Fursevaning ham mehrini qozongan. Mazkur kinoasarni suratga olish ishlari to‘rt yil davom etib, aktyorning iqroriga ko‘ra, bu ishlar uni rosa «xarob qilgan».

«Lev Tolstoy meni o‘zimga xos bo‘lmagan ishlarni qilishga majbur etdi, – degan edi Tixonov. – Bolkonskiyni o‘ynar ekanman, o‘zimga shunday savol berardim: agar men ham urushda bo‘lganimda otamga har kuni xat yozarmidim? Yozmasdim. Men ishchilar muhitida o‘sganman. Bizni nafaqat maktab, balki ko‘cha ham tarbiyalagan. Bilagimda tatuirovka ham bor. Yaxshiyam «Slava» deb ismimni o‘ydirib yozdirmagan ekanman. Hech qachon o‘chirib bo‘lmasdi. Knyaz rolimni nakolka bilan ijro etishga to‘g‘ri kelgan».

Ammo «Urush va tinchlik» ekranlarga chiqqach, Tixonovning roli tanqid qilindi. Aktyor ham o‘zidan qoniqmadi, hatto kinodan ketmoqchi bo‘ldi. Xayriyat, bu faqat lahzalik qaror ekan.

Mashhur ayg‘oqchi va shov-shuvlar

Vyacheslav Tixonov eng mashhur roli Isayev – Shtirlitsni «Bahorning o‘n yetti lahzasi» kinoserialida ijro etgan. Rejissyor Tatyana Lioznova bu rolga dastlab boshqa aktyorlarni sinab ko‘rgandi. Nomzodlar orasida Innokentiy Smoktunovskiy, Archil Gomiashvili ham bo‘lgan. Ular Lioznovaga yoqmadi va rejissyorlik nigohi Tixonovga kelib taqaldi.

Aktyorning xotiralaridan:

«Ssenariy roman bo‘yicha yozilgani bois, mendan ko‘p narsa talab qilinmadi. To‘g‘ri, o‘zimdan ancha yosh bo‘lgan Shtirlitsni to‘laqonli ochib berish oson bo‘lmagan. Men razvedkachilar haqidagi boshqa filmlarda uchraydigan «supermenlik»ni Shtirlitsdan olib tashlashim kerak edi».

Filma premerasi 1973-yil yoz oyida bo‘lib o‘tdi. 11-avgustdan 24-avgustgacha bo‘lgan vaqt mobaynida butun mamlakat ekran qarshisidan ketmadi. Ayrim gap-so‘zlarga ko‘ra, bu paytda jinoyatchilik ham sezilarli tarzda kamaygan. Filmning oxirgi qismlari namoyish etilayotganida tomoshabinlar nafas yutib televizorga ko‘z tikishgan.

Tixonov mislsiz shon-shuhratga ko‘mildi: aka-uka Vasilevlar nomidagi davlat mukofoti, gazetalardagi maqolalar, intervyular! «17 lahza» qahramonlari xalq ichiga singib ketdi: Shtirlits haqidagi latifalar, adabiy va musiqiy asarlar, karikaturalar... Yillar o‘tib, maxsus kompyuter dasturlari ham chiqdi. Bu esa filmning shuhrati hali-beri o‘chmaganini bildirardi.

It bilan do‘stlashuv

70-yillar Vyacheslav Tixonovning gullash davri bo‘ldi, deyish mumkin. Uning filmlardagi ijrosiga yorqin bo‘yoqlar uyg‘unlashib borardi.

1977-yili Vyacheslav Tixonov bosh qahramonni o‘ynagan «Oq Bim, Qora Quloq» filmi ekranlarga chiqdi. U yangi topilmalarga qo‘l urgan edi. Aktyor shunday degan:

«Men qisqa vaqt ichida «Bim» laqabli it bilan do‘stlashishim, tomoshabinda u mening kuchugim ekanligi haqida ishonch tug‘dirishim kerak edi. Bu esa oson emasdi! Bim uni bir yarim yilga berib turgan egasini judayam sog‘ingandi. Ijodiy jamoa tipirchilardi: kimdir itga kolbasa, kimdir shirinlik, yana kimdir sosiska berishga harakat qilardi. Men esa, eng avvalo, it bilan birga sayr qila boshladim. Oradan ma’lum vaqt o‘tgach, Bim meni kutadigan bo‘ldi. Suratga olish ishlari boshlanganida esa meni studiya bo‘ylab izlashga tushdi. Filmda Bim menga o‘z egasidek munosabatda bo‘ladi, men esa go‘yo unga e’tibor qaratmayman. Aslida bir burchakka borishim bilan Bim orqamdan ergashishini bilardim».

Vyacheslav Tixonovning boshqa rollari urush haqidagi filmlar bilan kechdi. Uning qahramonlari turli-tuman, bir-biridan farq qilardi. 

Kutilmagan infarkt...

90-yillarning o‘rtalarida Tixonov kinoda kam ko‘rinadigan bo‘ldi. Uning oxirgi qahramonlaridan biri «G‘alaba kunidagi insho» filmi bo‘lib, qahramoni ko‘zi ojiz urush faxriysi edi. Ssenariy aktyorlar Vyacheslav Tixonov, Mixail Ulyanov va Oleg Yefremov uchun maxsus yozilgandi. Ular rejissyor Ursulyakning sevimli aktyorlari bo‘lib, 70 yoshga to‘lgan edilar. Shundan so‘ng Tixonov kinoda deyarli suratga tushmadi.

«Men butun hayotimni kinoga bag‘ishladim, – degan edi u. – Bu istak qanday yo‘qolishi mumkin?»

Gap shundaki, Tixonovga mos rollarni berishmas, u esa turli jinoiy to‘dalar rahnamolarini o‘ynashni rad etardi. Faqat 2005 yilda qizi Anna Tixonova uni «Bo‘rilar ko‘zi bilan» trillerida rol ijro etishga ko‘ndirdi, biroq aktyor bashorat qilganidek, mazkur film ancha bo‘sh chiqdi...

Tixonov Eldar Ryazanovga rad etolmasdi. U Ryazanovning «Andersen. Sevgisiz hayot» filmida rol ijro etdi. Kichik bo‘lsa-da, muhim rol edi bu. Andersenning hayotini ochib bergan Tixonov film boshida munis qiyofada namoyon bo‘ladi. Keyin esa so‘nggi lavhalarda ko‘rinadi.

Vyacheslav Tixonovning kinodagi eng oxirgi roli rejissyor Nikita Mixalkovning «Oftobdan toliqqanlar-2» filmidagi Vsevolod Konstantinovich hisoblanadi. Biroq uni ekranda ko‘rish aktyorning o‘ziga nasib etmadi. 2009-yilning noyabr oyida Tixonov takroriy infarkt miokardi bilan shifoxonaga yotqizildi. 28-noyabr kuni ahvoli og‘irlashib, operatsiya qilindi. Aktyor shifokorlarning nazoratida bo‘lsa-da, ahvoli o‘nglanmadi. Oradan bir hafta o‘tgach, 2009-yilning 4-dekabrida Vyacheslav Tixonov vafot etdi. U dushanba kunigacha omon qolmadi. 

Shaxsiy hayoti, tark etgan uyi va boyligi

Tixonov ikki marta uylangan. Birinchi rafiqasi bilan «Navqironlar» filmini suratga olish chog‘ida tanishgan. U ancha vaqtgacha aktrisa Nonna Mordyukovaga e’tibor bermagan. Tashabbus Mordyukovadan chiqqan. Nonna indamas yigitchaning boshini aylantirish uchun rosa harakat qilgandi o‘shanda...

«Navqironlar» ekranga chiqar-chiqmas, ularning o‘g‘li Vladimir dunyoga keldi (Vladimir 1990 yilda giyohvandlik tufayli hayotdan ko‘z yumgan). Tixonov va Mordyukova 13 yil birga yashashgach, hech bir janjalsiz ajrashishdi.

Aktyorning ikkinchi xotini «Soveksportfilm» ishchisi bo‘ldi. Mazkur nikohidan Vyacheslav Tixonovning qizi Anna dunyoga keldi. Bu nikohiga ham darz ketayotganini sezgan Tixonov Moskvadagi uyini xotini va qiziga qoldirdi-da, dala-hovliga ko‘chib o‘tdi.

Vyacheslav Tixonov futbol va xokkeyning muxlisi, «Spartak» jamoasining ashaddiy shinavandasi edi. Qishda baliq ovlashni yaxshi ko‘rardi. Sevimli asari «Urush va tinchlik», yaxshi ko‘rgan kinosi esa «Katta hayot» edi.

Tixonov ijrosidagi barcha filmlar mashhur va daromad ham shunga yarasha bo‘lgan, albatta. Biroq aktyor oddiygina yashagan. Uning mulki – prezident mukofoti, «Kropotkinskaya» metro stansiyasi hududidagi uy va dala-hovlidan iborat edi, xolos.

Akbar Fathullayev

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring