Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mashhur o‘zbek aktyori nega deputatlikni tanladi? Fatxullo Ma’sudov bilan suhbat

Mashhur o‘zbek aktyori nega deputatlikni tanladi? Fatxullo Ma’sudov bilan suhbat

Foto:«Xabar.uz»

Kuni kecha Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi birinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. «Xabar.uz» muxbiri ushbu sessiya yig‘ilishida qatnashgan, 54-Uchqahramon saylov okrugidan Toshkent shahar kengashiga saylangan deputat va san’atkor Fatxullo Ma’sudov bilan suhbat uyushtirdi.

— Assalomu alaykum, dastlabki savolimiz quyidagicha: teatr va kinodagi rollari bilan xalq mehrini qozongan aktyorning deputatlikka nomzodini qo‘yishiga nimalar turtki bo‘ldi?

— Vaalaykum assalom. Birinchi navbatda O‘zbekiston fuqarolari bugungi bo‘layotgan o‘zgarishlarga befarq bo‘lmasligi lozim. Shuning uchun har bir kishi siyosatchi, siyosatga aloqador, hayotdagi voqealarga hamohang yashashi kerak. Bo‘layotgan islohotlar hammamizga tegishli. Deputatlikni xalqimizning bizga bo‘lgan katta ishonchi deb bilaman. Biz xalq vakilimiz.

— Aynan qaysi muammo va sabablar sizni qiynagan?

— Muammolar avval ham bo‘lgan, hal etilgan, keyin ham bo‘ladi. Avvalo, men uchun muhim bo‘lgani yoshlar masalasi, maktabgacha ta’lim va kitobxonlik masalasi. Shuningdek, yoshlarni teatrga qiziqtirish ham zarur. Bu bevosita mening ijodim bilan bog‘liq. Prezidentimizning beshta muhim tashabbusida ham teatr haqida ta’kidlangan.

— Siyosat va ijod. Bu bir-biriga halaqit bermayaptimi?

— Bolaligimda drama to‘garagiga qatnashardim. Ota-onam vaqtim bekor o‘tmasligi uchun sport mashg‘ulotlariga ham qo‘ygandi. Radio uyiga o‘smirlar uchun tayyorlanadigan eshittirishlar tayyorlashga ham borganman. Yana maktabda o‘qishim ham bor edi. Rejadan tashqariga chiqishga vaqt bo‘lmasdi. Hozir xursand bo‘laman, ota-onam meni mehnat qilishga o‘rgatdi. O‘ylaymanki, Milliy teatrga rahbarlik va deputatlik bir-biriga halaqit bermaydi. Endilikda o‘zim saylangan hudud aholisini yanada ko‘proq teatrga jalb qilmoqchiman.

— O‘z ustingizda ishlash jarayonida nimalarga e’tibor qilasiz, qanday asarlar mutolaa qilasiz?

— Kitob o‘qish sevimli mashg‘ulotim. Kitob tanlashda yoshga, dunyoqarashga jiddiy e’tibor qilish lozim degan fikrdaman. Birinchi o‘qigan kitobim «Al-jabrga sayohat»dir. Keyinchalik sevib o‘qiganlarim Abdulla Qodiriyning «O‘tkan kunlar», «Mehrobdan chayon» romanlari, Balzak, Gi de Mopassan va Dostoyevskiy, Shekspir, Shiller, Lev Tolstoyning asarlaridir. Oxirgi vaqtlarda Abdulla Qodiriyni qayta-qayta o‘qimoqdaman. Uning asarlaridagi ruhiyat menga yoqadi, qayta-qayta bu ruhiyatni sog‘inaman. Hozirgi adiblardan Erkin Xushvaqtov, Usmon Azim,Farhod Fayziyev kabi ijodkorlarni kuzataman. Teatr ibratxona bo‘lsa, kitob bu tarbiyachidir. Eng sevgan obrazim va rolim «O‘tkan kunlar»dagi Otabekdir. 2003 yil teatrda bu rolni ijro etish nasib etgan. Shuningdek, «Ulug‘bek xazinasi»dagi Abdulatif monologi ham. Ustozimiz Erkin Komilov Ulug‘bek rolini ijro etgan ushbu spektakl ham ko‘ngil to‘ridan joy olgan.

Ma’lumot uchun: Qahramonimiz 1963-yil Toshkent shahrida tavallud topgan. 1980-1984-yillarda Toshkent teatr va rassomlik san’ati instituti talabasi bo‘lgan. 1986-1988-yillarda O‘zbek davlat akademik drama teatri rejissyor yordamchisi, 1988 yildan esa aktyor sifatida faoliyat ko‘rsatgan. 2015-yildan buyon O‘zbek Milliy akademik drama teatri direktori lavozimida ishlab kelmoqda. 1999-yili «Shuhrat» medaliga sazovor bo‘lgan. 2003-yili «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist» unvoni bilan mukofotlangan. 2014-yili «Mexnat shuhrati» ordeni bilan taqdirlandi. 2019-yil 22-dekabrdagi saylovlarda Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashiga saylandi.

Ulug‘bek Oripov suhbatlashdi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring