Milliardlarni lol qilgan kitoblar
Kitob nurdir. U zimiston qalblarni yorug‘ qiladi. Kitob ilmlar xazinasidir. U bilimimizni yuksaltiradi. Aqlimizni charxlaydi. Kitob ma’naviy ehtiyojlarimizni qondiradi. Kitobdan yaxshiroq do‘st yo‘q. Bugun dunyo bo‘yicha nafaqat eng ko‘p mutolaa qilingan, balki o‘z o‘quvchilarining ma’naviy olamini boyitgan, qalbiga ziyo olib kirgan eng sara badiiy asarlarga to‘xtalamiz.
- Fyodor Dostoyevskiy – «Jinoyat va jazo»
Rus yozuvchisining ushbu romani 1886-yilda Rossiyada chop etilgach, uning nomi tez orada butun Yevropaga tanildi. Ko‘hna qit’ada «Jinoyat va jazo»ni mutolaa qilishni istaganlar shu qadar ko‘payib ketdiki, ba’zilar asarning tarjima qilinishini ham kutmay, rus tilini o‘rganishga bel bog‘lashdi. Bugunga kelib «Jinoyat va jazo» 100 dan ortiq tilga tarjima qilingan va qayta-qayta nashr etilgan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, Dostoyevskiyning «Jinoyat va jazo»sini 3 milliarddan ko‘proq odam sevib mutolaa qilgan. Qizig‘i, ko‘pgina qamoqxonalarda mahbuslar yonida «Jinoyat va jazo»ni olib yurishi aniqlangan.
- Uilyam Shekspir – «Hamlet»
1599 — 1601-yillarda yozilgan ushbu tragediya Shekspirning shoh asarlaridan biri sanaladi. To‘g‘ri, uning qo‘lyozmasi o‘quvchilar tomonidan avvaliga u qadar ko‘p o‘qilmagandir, biroq uning teatrda sahnalashtirilishi «Hamlet» mutolaasini yanada kuchaytirdi. «Hamlet» ham xuddi «Jinoyat va jazo» singari ko‘p tillarga tarjima qilingan. Ammo u dunyoning barcha davlatlari teatrlarida sahnalashtirilganiga shubha yo‘q. Shu bois ham «Hamlet» o‘quvchilar eng sevib o‘qiydigan asarlar ro‘yxatida doimo oldingi o‘rinlarda turadi.
- Aleksandr Dyuma – «Graf Monte Kristo»
Dyuma 1827-yilda tanishgan do‘sti Jozef Meri bilan uchrashish uchun Marselga kelgan edi. Dyuma do‘sti Meri tufayli Marsel bilan qattiq bog‘lanib qoladi. 1834 yilda u Fransiya janubiga sayohat qiladi. Marsel esa bu safarning so‘nggi nuqtasi edi. U safarining nihoyasida If qal’asini ko‘rish uchun kemada sayohat qiladi. O‘shanda 1834-yilning 10 dekabr sanasi edi.
Ehtimol, bu yirik asar g‘oyasi ham ana shu pallada dunyoga kelgandir? Ammo shunisi aniqki, u Dantes haqidagi yirik asarni yozishga bel bog‘laganida voqea joyi sifatida o‘zi yaxshi bilgan va ko‘rgan mana shu portni tanlaydi. Adibning tasavvur doirasi shu qadar keng ediki, uning asaridagi voqealar hayotdagidan ko‘ra hayotiyroq, haqiqatning o‘zidan ko‘ra haqqoniyroq chiqqan. If qal’asining bunchalik shuhrat qozonishida Dyumaning asari katta o‘rin tutgan desak, yanglishmagan bo‘lamiz.
- Ernest Xeminguey – «Chol va dengiz»
Xeminguey asarlari o‘zining jozibasi bilan har bir o‘quvchining qalbiga kirib boradi. U tom ma’noda kitobxonni asir etadi. Yozuvchiga Nobel mukofotini olib bergan ushbu asar millionlab xonadonlarning kitob javonida saqlanadi. Har bir kitobxon har gal qo‘liga ushbu asarni olishi bilan uning ichiga qanday kirib ketganini bilmay qoladi. Ha, Ernest Xemingueyning mahorati ham shunda. Hatto futbolchilarni ham ilhomlantirgan. «Manchester Yunayted» klubi hamda Fransiya terma jamoasining sobiq hujumchisi Erik Kantonadan «Gol urish uchun nimadan ilhomlanasiz?» deb so‘rashganida «Xemingueyning asarlaridan» deb javob bergan.
- Jek London – «Oq tish»
Jek London doimgiday o‘z qahramonlarini kurashga, hayotga, yashashga intiltirganiday «Oq tish»da ham bu an’anasiga sodiq qolgan. «Tun bilan birga qo‘shilib, atrofga dahshat beruvchi hodisalar ham boshlandi. Uyqusizlikdan Genrining oyoqda turishiga ham majoli qolmagandi. Harchand urinmasin uyqu uni mahv eta boshlagandi... Uyqudan turganida o‘zidan yarim qadam narida dahshatli qurtni ko‘rdi...». Bu asar o‘z vaqtida butun Amerikada qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketgan. «Oq tish» 100 dan ortiq tilga tarjima qilingan. Uning o‘quvchilari soni yildan-yilga ortib bormoqda.
- Lev Tolstoy – «Anna Karyenina»
Ro‘yxatdan yana bir buyuk rus yozuvchisi Lev Tolstoyning romani o‘rin olgan. Ushbu roman ham chop etilgan zahoti nafaqat yozuvchiga sharaf olib keldi, balki o‘quvchilari sonini ham kundan-kunga orttirib yubordi. O‘sha paytlarda Yevropadagi kiborlarning obro‘si xonadonida «Anna Karenina» borligi bilan o‘lchanadigan bo‘lib qolgandi. Bugun ham Tolstoyning ushbu shoh asari qadri tobora yuksalib bormoqda. Yevropada ham, Amerikada ham, Osiyoda ham. Yozuvchi sof muhabbatning qadri hamma narsadan ustunligini zo‘r mahorat bilan qalamga olgan. «Anna Karenina»ni o‘qimagan, undan bahra olmagan kitobxon bo‘lmasa kerak, deyishadi ruslar. Shu bois ham ushbu asar jahonning ko‘plab tillariga tarjima qilingan. Ma’lumotlarga ko‘ra, «Anna Karenina»ni o‘qiganlar soni bir milliarddan oshadi.
- Volfgang Gyote — «Yosh Verterning iztiroblari»
Gyote hali 25 yoshga to‘lmay turib yozgan bu asari haqiqiy klassikaga aylanishini kutmagan bo‘lsa kerak. Ushbu asar chop etilgach, tanqidchilar Gyotega shunday ta’rif berishgan: «Adabiyotga romantik qahramonni armug‘on etgan adib». «Yosh Verterning iztiroblari» ham kitob holida o‘quvchilar qo‘liga tushishi bilan eng sevimli asarlar qatorida tilga olina boshlagan. Bugungacha ushbu asarni o‘qiganlar soni bir milliardga yetgan.
- Rashod Nuri Guntekin – «Choliqushi»
«Choliqushi» ilk bor 1922-yilda Turkiyaning «Vakit» gazetasida parchalar holida chop etilgan. Asar o‘quvchilarni shu qadar o‘ziga bog‘lab olgandiki, gazetaning keyingi soni chiqishini intiqlik bilan kutadigan bo‘lib qolishgandi. Shundan keyin o‘sha yilning o‘zida kitob holida bosmadan chiqdi. 1939 yilga qadar «Choliqushi» besh bor nashr etildi. Shunda ham «Choliqushi» tanqisligi kuzatilgach, Rashod Nuri Guntekin asarni o‘z hisobidan yana nashr ettiradi. Asar ingliz, nemis, fransuz, rus, o‘zbek, ozarboyjon tillariga tarjima qilingan. Uning o‘quvchilari soni ham bir milliardga yetadi.
Dilmurod Parpiyev tayyorladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter