Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shuhrat Normurodov

Og‘ir vaziyatda Lolani qo‘llab-quvvatlaymiz! Faqat...

Og‘ir vaziyatda Lolani qo‘llab-quvvatlaymiz! Faqat...

Shu kunlarda «Nihol» mukofoti sovrindori Lola Yo‘ldoshevaning sahnadagi kiyinish madaniyati bilan bog‘liq videolari ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan turli muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Xonandaning bu chiqishi shunchaki tasodifmi yoki odamlarning qitiq-patiga tegish uchun atay qilingan piarmi, bizga qorong‘u.

Bu borada «O‘zbekkonsert» davlat muassasasi ham munosabat bildirdi. Unda  O‘zbekiston Respublikasi «Madaniy faoliyat va madaniyat tashkilotlari to‘g‘risida»gi Qonunining 21-moddasi va Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 21 fevraldagi 80-son qarori bilan tasdiqlangan «Maxsus elektron tizim orqali ayrim faoliyat turlarini litsenziyalash tartibi to‘g‘risida yagona Nizom» bilan tasdiqlangan pasportning litsenziya talab va shartlarida: «konsert-tomosha tadbirlarida ijrochilarning odob-axloq qoidalariga, sahna madaniyati, tashqi ko‘rinish madaniyatiga zid bo‘lgan xatti-harakatlarni hamda tomoshabinlarning his-tuyg‘ularini haqorat qilmaslik» kabi vazifalar belgilanganligini eslatadi.

Ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘layotgan holatga oydinlik kiritish maqsadida joriy yilning 18 aprel kuni xonanda «O‘zbekkonsert» davlat muassasasiga taklif etilib, holat yuzasidan suhbat olib borilgani va unga yana bir marta litsenziya talablari eslatilganini ma’lum qiladi.

Gap shundaki, keyingi paytlarda shou biznes vakillari orasida o‘z qo‘shiqlarini  muxlislarga shunaqa, noodatiy  usullarda tortiq qilish ommalashmoqda. Maqsad, odatdagidek taqdim etilib, «yemayotgan» «ijod»ni, antiqa, ochiq liboslar ohangjamosi orqali ko‘rilishini oshirish.

Ayniqsa, bu usulni keng ommalashtirgan Jahongir Otajonov keyingi «ijod»larida qo‘shiq matni yoki  musiqasidan ko‘ra, shunaqa noodatiy liboslarda ko‘rinishga  bor etiborini qaratgan. Uning shotlandcha yubkasi, keng shalvarlari-yu, tundraga xos  po‘stinlari, eng asosiysi ularga hamohang qiliqlaridan ham maqsad shu.

Lekin bu usulni  xonanda Lola ham o‘zlashtirib olgan bo‘lsa...

Lolaning ilk bor sahnaga chiqishi hamon esimda. O‘shanda ustoz Davron G‘oyibov uni o‘zi sahnaga yetaklab chiqib, o‘zbek estradasining kelajagi deb atagan edi... Lolaning  ilk qo‘shig‘i ham ismiga monand — «Bahor» deb nomlangandi va o‘sha qo‘shiq uning chinakkam bahoriga aylangan edi. Ayniqsa, 2004-2006-yillar  «Ko‘z yoshim», «Ichim yonar», «Toshkent-Samarqand», «Muhabbatim» kabi bir qancha xit taronalari bilan ko‘pchilikning qalbiga kirib borgandi. O‘sha paytlar qo‘shiqchida qandaydir yaxshi ma’nodagi chegara bor edi, bu qo‘shiqlarida ham sezilar, kliplari o‘zgacha joziba kasb etardi.

Oxirgi ko‘rinishlar esa...  Lolaning o‘sha oltin davri endi ortda qoldimi? Nahot u ham endi noodatiy «ijod»lar orqali reytingini oshirib tursa... Mayli, u qo‘shiqlarini erkin ijod qilsin, lekin ommaga taqdim etayotgan kliplarida, sahnada chiqishlarida axloqiy mezonlarni hisobga olsin, chunki ularni tomosha qiluvchi va ulardan andoza oluvchilar asosan bizning farzandlarimiz. Nima bo‘lganda ham biz, Lolaning eski qo‘shiqlarini, o‘sha sirlilikka va iboga belangan jozibali ko‘rinishlarini sog‘inamiz. Undan xuddi shunday ijod namunalarini kutib qolamiz.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring