«Otam O‘zbekistonni juda yaxshi ko‘rardi»
Eldor Aytmatov, Chingiz Aytmatov nomidagi xalqaro fond prezidenti, yozuvchining o‘g‘li
— O‘zbekistonda Chingiz Aytmatovning 90 yilligini nishonlash to‘g‘risidagi Prezident qarori qirg‘iz xalqini to‘lqinlantirib yubordi. O‘sha lahzalarda ko‘nglimdan o‘tganlarini rosti, so‘z bilan ifodalab berolmayman. Bu tarixiy voqea edi. O‘zbek va qirg‘iz xalqlari o‘rtasidagi necha ming yillik do‘stlik aloqalarini mustahkamlash yo‘lida tashlangan yana bir dadil qadam edi.
Aytmatovlar oilasi nomidan muhtaram Shavkat Mirziyoyevga cheksiz minnatdorlik bildiraman. Otamning 90 yillik yubileyi O‘zbekistonda nishonlanishi, nomi sharaflanishi, asarlari nashr etilishi hammamizga faxr-iftixor bag‘ishlaydi.
Shavkat Mirziyoyev har gal davlat tashrifi bilan Qirg‘izistonga kelganida, qardosh xalqlarning jipslashuvi yuzasidan g‘oyalar berish bilan bir qatorda, juda katta ehtirom bilan Chingiz Aytmatov shaxsiga, albatta, o‘z munosabatini bildirib o‘tadi, yodga oladi.
Alohida e’tirof etish kerak, O‘zbekiston va Turkiya Chingiz Aytmatov yubileyini o‘tkazish masalasiga davlat siyosati darajasida, birinchilar qatorida e’tibor qaratgan davlatlar hisoblanadi.
Chingiz Aytmatovning asarlari Markaziy Osiyoning hech bir davlatida O‘zbekistondagidek qadrlanmaydi, mutolaa qilinmaydi.
Chingiz Aytmatov tili, dini, madaniyati bir turkiy xalqlar — Markaziy Osiyo mamlakatlarining aloqalari mustahkam bo‘lishini istardi. Nazarimda, aynan O‘zbekiston Prezidentining bugungi islohotlarini ko‘rganida otamning orzulari, armonlari ushalgan bo‘lardi.
Chingiz Aytmatov O‘zbekistonni juda yaxshi ko‘rardi, xalqingizga hurmati cheksiz edi. Otam bilan Toshkent, Samarqandga sayohat qilganimiz hamon yodimda. U o‘zbek xalqining buyuk va qadimiy tarixiga hamisha hurmat va ehtirom bilan qarar edi.
Otam biz farzandlarini o‘zgacha mehr bilan yaxshi ko‘rardi. Biror marta ovozini balandlatib gapirganini eslolmayman. Hatto bizning bahs-munozaralarimizni tinglab, oqilona yechim-xulosasini bildirardi. Otamni nafaqat bizning, balki do‘stlarimizning ham muammolari qiziqtirardi. Juda jonkuyar, g‘amxo‘r edi. Biror joyda ushlanib qolsak, uxlamasdan kutib o‘tirardi. Eng asosiysi, otam bizni bolaligimizdan kitobga mehr qo‘yishga, ko‘p o‘qishga undagan. Men otam bilan birga vaqt o‘tkazishni yaxshi ko‘rardim. U o‘z xonasida ishlar, men mo‘yqalamda rasm solardim. Otam hamma chizgan suratlarimni xonasining devoriga osib qo‘yardi.
Biz otam bilan barcha yumushlarni mumtoz kuy tinglab bajarar edik. Hozir bu voqealarni sizga aytib berayapman-u, hammasi kino tasmasiday bir-bir ko‘z o‘ngimdan o‘tyapti. Vaqt oliy hakam, xotiralar inson ko‘ngliga taskin beradi. Men otamga ham kotib, ham tarjimon edim. So‘nggi kunlarigacha uning yonida bo‘lganim uchun taqdirdan juda minnatdorman.
Chingiz Aytmatovning 90 yilligi oldidan III Issiqko‘l forumi o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. Unga butun dunyodan adabiyot ixlosmandlari tashrif buyuradi. Biz albatta O‘zbekiston delegatsiyasini ham intizorlik bilan kutamiz...
To‘maris A’zam yozib oldi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter