Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Qadring baland bo‘lsin, ona tilim!» respublika tanlovi e’lon qilindi

«Qadring baland bo‘lsin, ona tilim!» respublika tanlovi e’lon qilindi

Davlat tiliga e’tiborlimisiz? Har bir ishda davlat tili talablariga rioya etasizmi? Ehtimol, siz o‘zbek tilini kompyuter tiliga aylantirish haqida o‘ylayotgandirsiz? Unda ushbu tanlov aynan siz uchun!

O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzini oshirish, davlat tilini milliy qadriyat sifatida targ‘ib qilish, unga nisbatan milliy g‘urur hissini tarbiyalash, eng muhimi, davlat tiliga oid muammolarni hal qilishda ilmiy-amaliy yondashuvni rivojlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasining Ma’naviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamenti Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Yozuvchilar uyushmasi, Fanlar akademiyasi, Yoshlar ishlari agentligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan hamkorlikda joriy yilda uchinchi marta «Qadring baland bo‘lsin, ona tilim!» respublika tanlovi e’lon qilindi.

Tanlov to‘rtta yo‘nalishda o‘tkaziladi:

  • «Davlat tili ustuvorligi ta’minlangan eng namunali hudud» yo‘nalishida mahalliy ijro etuvchi tuman/shahar hokimliklari ishtirok etadi;
  • «Davlat tilida ish yuritish yo‘lga qo‘yilgan eng yaxshi tizim» vazirlik, idora, xo‘jalik birlashmalari o‘rtasida;
  • «O‘zbek tilini rivojlantirishga qaratilgan eng yaxshi ilmiy-amaliy loyiha va dasturiy mahsulotlar» yo‘nalishida ilmiy tashkilotlar, oliy va o‘rta-maxsus ta’lim muassasalari qatnashadi;
  • «O‘zbek tilining qudrati va go‘zalligini tarannum etgan eng yaxshi badiiy asar» yo‘nalishida yozuvchi, shoirlar ishtirok etadi.

Tanlovning har bir yo‘nalishi bo‘yicha loyihalar joriy yilning 1 iyulidan 1 sentyabriga qadar Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazida tashkil etilgan ishchi guruh tomonidan qabul qilinadi.

Shu o‘rinda, tanlovda oldingi yillarda g‘olib bo‘lganlar bu yil ishtirok eta olmaydi.

Tanlov g‘oliblari ariza topshirgan nomzodlar orasidan Hakamlar hay’ati tomonidan aniqlanadi hamda 21 oktyabr — O‘zbek tili bayrami kuni arafasida e’lon qilinadi.

Batafsil ma’lumot www.til.gov.uz saytida yoki (71) 215-53-98, (71) 239-86-99 telefon raqamli orqali beriladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring