Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qobil ukam, so‘z bobida qodir ukam

Qobil ukam, so‘z bobida qodir ukam

Abduqayumbo-oy! Darrovdan shunday bo‘pqopti-da, a? 60? E, qo‘ying-e, biz singari yetmishdan dadil hatlagan og‘alaringiz nazarida – hali “yosh bala”! Bir ko‘z ochib yuming-chi, ana o‘shanda ko‘ramiz! Lekin hozirdanoq alqab qo‘ysak birov yoqamizdan olmas: qutli bo‘lsin, muborak bo‘lsin!

O‘zingizga ham aytib bergandirman, Siz bilan “tanishuvimiz” qiziq kechgan.

Matbuot olamida “Mohiyat” degan gazeta paydo bo‘lib, hash-pash deguncha birinchilikka chiqib ketdi. Sarmuharriri Abduqayum Yo‘ldoshev degich ekan. Tanimaymiz, bilmaymiz, ammo ozroq g‘ashimiz kelgani rost. Bizning ham muharrirlik da’vomiz kam emas-da. Gadoning dushmani gado bo‘ladi, bilasiz...

Bir erta deng, tahririyatga uvolgina qizcha kirib keldi, azza-bazza “Mohiyat”ning muxbiri emish!

– Mana shu anketa savollariga javob berar ekansiz, rahbarimiz tayinladilar.

– Borib rahbaringga ayt, qizim, mening vaqtim yo‘q.

– Kechqurun kelsam bo‘ladimi?

– Tavba, men senga nima deyapman...

Haqiqatan muxbir ekan, “yozmay ko‘ring-chi” degan kabi tikkasiga qarab turibdi.

– Rahbarimiz sizga salom aytib yubordilar!

– Rahmat, salomat bo‘lsin... – Ko‘rmagan-bilmagan odam salom yo‘llabdi, nimadir qilish kerak, noqulay. – Mayli, sen boraver-chi, bir gap bo‘lar.

Muxbir qiz kechqurun ish tugar mahal paydo bo‘ldi. Bir betlikkina javobni ko‘rib, ajablana-ajablana olib ketdi.

Indinimidi, qisqa-qisqa javoblarim matndan ham katta bir surat bilan gazetada bosilib chiqdi. Qoldim baloga! Rahbarlarimizdan biriga malol kelibdi: nega rasmini buncha katta qilib chiqaradi?! Bilib turibman, gap suratning katta-kichikligida emas (qolaversa, uni men bermaganman, tahririyat o‘zi qaydandir topib bosgan), muallifning “o‘qir-do‘qir” javoblarida edi.

Yozgan-ku shuncha gapga qoldi, chiqarganning holi ne kechdi ekan? Bir ko‘ngil so‘rab qo‘yish kerak... Ittifoqo, allaqanday matbuot anjumanidan keyin ko‘chada mashinaga o‘tirayotsam, bir yigit ko‘zimga issiq ko‘rindi. Meni deb gap eshitgan Abduqayum Yo‘ldoshev shu bo‘lsa kerak deya, borib quyuq so‘rashib, uzrxohlik qilgan bo‘ldim. Yigit iltifotlarimni jilmayibgina eshitdi-da... Qaysidir chet el radiosining muxbiri ekan, lekin kaminani tanir ekan...

Bosh muharrirning “Mohiyat”dan etak silkishiga akalarining suratini ana shunday katta-katta qilib chiqaravergani ham sabab bo‘lgandir-ov.

Abduqayum Yo‘ldoshev bilan “tanishuvimiz” ana shunday boshlangan. Darvoqe, yo‘q, bundan oldin men uning muxlislarini bilar edim. Tahririyatimizdagi kitobxon qiz-juvon bari kitoblarini ko‘kragiga bosib yurar, qo‘li bo‘shadi deguncha “Timsohning ko‘zyoshlari”dan bahs qilishar edi. Shulardan olib adibning bir-ikki narsasini o‘qidimu o‘zim ham muxlislardan biriga aylanib qoldim.

Shoir do‘stim Xurshid Davronning bir gapi menga doim nash’a qiladi. “Erkinning dushmani bo‘lsa, – deb yozgan edi u, – barini muharrirlik orqasidan orttirgan. She’ru hikoyasini qaytarib bersangiz – tap-tayyor dushman-da”. Agar shu gap haqiqat bo‘lsa, meni xushlamaydigan, menga dushman safning boshida Abduqayum Yo‘ldoshev ham turmog‘i kerak.

Tanishib, do‘st bo‘lib, aka-uka bo‘lib ketganimizdan keyin men ayniqsa “haddimdan oshdim”. Inimning kitoblari yo qo‘lyozmalarini o‘qiyturib havaslarim keladi: ana til, ana tasvir, ana – voqelikka yangicha yondashuv! Bu odamlar, bunday taqdir, bunday mojarolarni qaydan topadi-ya! Lekin muharrir talabchanligi-ku mayliga, goho injiq fe’l bosh ko‘tarib, asarning qayeridir, ko‘pincha oxiri, yechimi nodurust ko‘rinib, jahl toshib ketadi-ku! Nima qilib qo‘yding-a, ey bala! Bu nimasi, Abduqayumboy inim! Asar meniki, o‘zimnikiga aylanib bo‘lganida uning benuqson, yanada mukammal bo‘lmog‘ini xohlayman-da, axir! Yon-verimdagi birov-yarimga “arz” qilganim yetmaganday muallifning o‘ziga ham shartta-shartta aytib yuboraman-da! Shunda u “Yozsang, o‘zing shunday yozaver, aka!” deya shartta burilib ketishi kerak. Yo‘q-da, jilmayib turaveradi. Yana do‘st bo‘lib, uka bo‘lib qolaveradi. Yozuvchi odam, bu dashnomlarda qahr emas, mehr ustunligini sezadi chog‘i.

Bular endi qalam ahli o‘rtasidagi o‘zaro ikir-chikir masalalar. Kitobxon esa suyib-suyib, ko‘zlariga surtib-surtib o‘qiyveradi. To‘g‘ri-da, Abduqayum Yo‘ldoshevdek yozuvchini ekib qo‘yibdimi deng!..

Sirasi, Abduqayumboy ukamizning “azobi qattiq”. Bizga o‘xshagan “tanqidchi”larning gap-so‘zi-ku ko‘chada qolib ketadi, uydagisi chatoq, yonginasidagisi chatoq. U bilan baqamti, musobaqalashib kelayotgan singlimizni Zulfiya Qurolboy qizi deydilar! Qator-qator romanu hikoyalar muallifi. Bugungi o‘zbek adibalarining peshqadami. To‘poricha qilib aytganda ular – “qo‘sh ho‘kiz”. Suzishib ketsa, hay, hay, alhazar! Shuning uchun buni nazokat bilan “adabiy oila” deb ataydilar. Adabiy oila: kattakon ijodxona, ikki derazaning oldida ikkita yozuv stoli, derazalar tagida tup-tup o‘rik oppoq gullagan, qalamini iyagiga tirgak qilgan qo‘sh ijodkor ilhom to‘la ko‘zlarini ana shu navchechaklarga tikkan, dam-badam bir-biriga jilmayishib bir-biridan qofiya qarz so‘raydi... Afsona! Adabiy afsona! O‘lmagan qul, shunaqa ijodxonalarga bilib-bilmay bosh suqqan joylarimiz bor. Xudo ko‘rsatmasin!.. Qo‘rqa-pisa qo‘ng‘iroq qilaman, go‘shakni Zulfiyaxon oladi. Abduqayumboyning durustgina shoirligini peshsuxan aylab, har ehtimolga qarshi, hazil bilan so‘rayman: “Qani, singil, shoiringiz uydamilar?” Yoyinki, mashhur hikoyasiga nisbatan: “Puankare janoblarini topsak bo‘ladimi?” Zulfiyamiz – dala qizi, kengfe’l, xushfe’l – darrov qaqillab-quvnab javob qiladi. Ko‘ngil joyiga tushadi. Doim shunday bo‘lsin ilohim! Ko‘z tegmasin!

Abduqayumboy inim! Sizga aytar so‘zimiz ko‘p! Lekin hozircha shu. Cho‘zma gapda xosiyat yo‘q, bilasiz. Qolganini oqshomlari sim qoqishib otamlashaveramiz. Xudoga shukr, go‘shakbardorimiz – sizga zavja, bizga singil. Qani, singil, shoiringiz uydami? Alyo, Puankare janoblari, o‘zlarimi?..

Erkin A’zam


Abduqayum Yo‘ldoshev — 1962-yil 28-fevralda Samarqand viloyatining Qo‘shrabot tumanida tug‘ilgan.

1993-yildan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi. 1999-yili «Shuhrat» medali bilan taqdirlangan. 2016-yili «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi» unvoni berilgan.

R.Bredberi, A.Kristi, F.Braun, Jerom K. Jerom, E.Potter hikoyalarini, Y.Berezikovning «Buyuk Temur» romanini (H.Shayxov bilan hamkorlikda), P.Shermuhamedovning «Buyuk Xorazmiy» romanlarini rus tilidan o‘zbekchaga o‘girgan.

«Kichkina odamlar», «Uqubat», «Iqtidor», «Vijdon», «Qadamlar», «Nigoh», «Burch va muhabbat», «Ustyurtga yo‘l», «Tinchlik ortida», «Opa» badiiy filmlarining, «Hayot jilg‘alari», «Sinov», «Odamlar orasida», «Ona daryo» seriallarining senariy muallifi.

Uning «Puankare» hikoyasi asosida O‘zbek davlat drama teatrida «Hayot formulasi» («Daho») nomli spektakl sahnalashtirilgan (2013-yil). Respublika Yosh tomoshabinlar teatrida «Zalolat» (Shuhrat Rizayev bilan hammualliflikda) spektakli sahnalashtirilgan (2015-yil).

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring