Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qo‘rqinchli Gabbar Singx: yoshlik, muvaffaqiyat va og‘ir yakun

Qo‘rqinchli Gabbar Singx: yoshlik, muvaffaqiyat va og‘ir yakun

«Qasos va qonun» filmidan lavha.

Uning ijrosidagi qahramonlar yovuzlik, razolat timsoli bo‘lib qolgan. Shafqatsiz bosqinchi, ayovsiz kallakesar, tutqich bermas jinoyatchi obrazlari hozirgacha tomoshabinlarning yodidan chiqmaydi. Bir qaraganda befarq, loqayd ko‘ringan, biroq parda ortidagi manfur qiyofani ochib bergan bu timsollar hind kinosida o‘chmas iz qoldirdi.

Mazkur rollar ijrochisi Amjad Xon chinakam iste’dodi, betakror iqtidori tufayli ana shunday o‘lmas rollar qoldirdi. U nafaqat aktyor, balki rejissyor, munaqqid ham edi...

Amjad Zaxariya Singx Xon 1940-yilning 12-oktyabrida Haydarobodda iste’dodli aktyor Jayyanta oilasida tug‘ilgan. Uning akalari Imtiyoz va Inoyat Xonlar ham kino maydonida o‘zlarini sinab ko‘rishdi. Biroq ularga Amjad kabi mashhur bo‘lish nasib etmadi.

Bo‘lajak aktyor Bandradagi avliyo Tereza o‘rta maktabida o‘qidi. Tahsildan so‘ng Rishi Dayaram milliy kollejida saboq ola boshladi. Jamoatchilik ishlarida faol ishtirok etgani sababli esa u talabalar jamiyatining bosh kotibi etib saylandi.

Amjad kinoda rol etguniga qadar teatr aktyori bo‘lgan. Bu dargohda bir-biridan betakror rollar ijro etib, kinorejissyorlarning e’tiboriga tushdi.

1957-yili yosh Amjad «Dehli endi yaqin» filmida uncha katta bo‘lmagan o‘smir rassom rolini ijro etdi. 60-yillarning oxirlarida esa rejissyor K.Asifning «Muhabbat va Xudo» filmida xizmatkor rolida paydo bo‘ldi. U bora-bora kinoarboblar, prodyuserlarning ham e’tiborini qozondi. Ustasi farang kinochilar bu aktyor siymosida salbiy qahramonlar timsolini ko‘ra boshladilar.

1975-yili Amjad «Qasos va qonun» filmidagi qaroqchi Gabbar Sinx roliga taklif qilindi. U rolga tayyorlanish uchun haqiqiy bosqinchilar hayotiga doir turli manbalar bilan tanishdi, tegishli ma’lumotlarni o‘qib chiqdi.

«Qasos va qonun»ning mislsiz muvaffaqiyati tufayli unga ko‘plab takliflar yog‘ildi va Amjad Xon keyingi 19 yil mobaynida haddan ziyod mehnat qildi. U, asosan, Amitabx Bachchan, Dxarmendra, Zinat Omon va ko‘plab boshqa aktyorlar yaratgan qahramonlarning dushmani rolini o‘ynadi. Jumladan, «Qasamlar va va’dalar», «Taqdir hokimi», «Samraat» va boshqa filmlarda esda qolarli rollar yaratdi.

Mashhur filmning mashhur aktyorlari: Amitabx Bachchan, Dxarmendra, Sanjay Kumar va Amjad Xon.

O‘zining 20 yillik faoliyati mobaynida 165 ta filmda suratga tushgan Amjad Xon o‘zbek tomoshabiniga ham yaxshi tanish.

1976-yili Amjad Xon Sheyli Xonga uylandi. Ularning oilasida uch nafar farzand dunyoga keldi: qizaloq Axlam Xon va o‘g‘il bolalar Shadaab va Shimaab Xonlar.

1986-yili Amjad Xon Bombey-Goa yo‘lida kuchli avtomobil halokatiga uchradi. Bu ko‘ngilsizlik sal bo‘lmasa uning o‘limi bilan yakunlanayozdi. Aktyorni davolash uchun ishlatiladigan dori-darmonlar jiddiy muammolar keltirib chiqardi. Sababi, Amjad Xon haddan ziyod semirib ketgan edi.

Aktyor vazni bilan bog‘liq muammo uning umri oxirigacha davom etdi. Ulkan jussasiga qaramay, Amjad Xon filmlarda rol ijro etishni kanda qilmasdi. Chunki kino uning hayoti, borlig‘i edi.

Amjad Xon 1992-yilning 27-iyul kuni yurak yetishmovchiligi tufayli 51 yoshida hayotdan ko‘z yumdi. Dafn marosimi aktyorning Pali-Xilldagi uyidan sharqiy Bandradagi musulmon qabristonigacha bo‘lib o‘tdi. Marosimda hind kinematografiyasining barcha yulduzlari ishtirok etishdi.

Amjad Xon hayotligida yakunlagan ayrim filmlar faqat o‘limidan so‘ng — 1996 yilgacha ekranlarga chiqib turdi.

A.Fathullayev

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring