Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Rossiyada xizmat ko‘rsatgan artist «O‘zbek milliy kino san’ati haftaligi»da mahorat darsi o‘tdi

Rossiyada xizmat ko‘rsatgan artist «O‘zbek milliy kino san’ati haftaligi»da mahorat darsi o‘tdi

Shu kunlarda Toshkent shahridagi Yoshlar ijod saroyida «O‘zbek milliy kino san’ati haftaligi» bo‘lib o‘tmoqda. Bugun Rossiyada xizmat ko‘rsatgan artist Farxod Mahmudov tadbir doirasida yosh kinoijodkorlar bilan uchrashdi va tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.

«Men hali o‘zimning eng sevimli rolimni o‘ynamadim. Umuman, agar aktyor o‘zining sevimli rolini o‘ynab, borini ko‘rsatib bo‘lganini tan olsa, u tugagan bo‘ladi. Biz har doim o‘zligimizni qidirishimiz lozim.

Men kimman? Bir qarashda juda oddiy savol, ammo kasbimizning barcha mohiyati shunda mujassam.

Men biror rejissyorni yomon yoki boshqasini yaxshi, deb ayta olmayman. Ularning barchasini hurmat qilaman. Albatta rejissyorlar har-xil bo‘ladi, orasida kuchlisi ham bor, zaifrog‘i ham.

Shunaqa rejisserlar borki, hamma narsani tushuntiradi, kerak bo‘lsa topshiriq beradi. Ammo shundaylari ham bo‘ladiki, ko‘rib turasan, u kuchli emas. Hatto aktyor bilan gaplashishga ham qo‘rqadi. Hamma gapini assistent orqali yetkazadi, o‘zi esa monitorga tikilgancha, indamay o‘tiradi. Ammo mana shunday rejissyorlar qandaydir yo‘l bilan atrofida juda kuchli jamoani shakllantirgan bo‘ladi. Natijada film ham yaxshi chiqadi.

Aktyor — ijrochi. U rejissyor talab qilgan narsani chiqarib berishi lozim. Albatta men nimadir o‘ylab topishim mumkin, ammo uni ham rejissyorga ko‘rsatishim shart. U tasdiqlab berishi lozim.
Men kelajakda kuchli rejissyorlarni yana uchrataman, deb o‘ylayman. Balki o‘sha rejissyor mana shu yerda, orangizda o‘tirgandir», — dedi Farhod Mahmudov.

«Yangi O‘zbekiston va Milliy kinemotografiya» shiori ostida o‘tkazilayotgan «O‘zbek milliy kino san’ati haftaligi» davom etmoqda. Xabar.uz tahririyati tadbirni kuzatishda davom etadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring