Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Sulton Jaloliddin Manguberdi» romani nashr etildi

«Sulton Jaloliddin Manguberdi» romani nashr etildi

Foto: «Xabar.uz»

Yaqinda «Yangi asr avlodi» nashriyoti tomonidan yozuvchi va olim Baxtiyor Abdug‘afur qalamiga mansub «Sulton Jaloliddin Manguberdi» romanining birinchi kitobi chop etildi. Mazkur asar mo‘g‘ullarning Xorazmshohlar saltanatiga bosqini davridan sulton Jaloliddinning shimoliy Hindiston zaminida davlat tuzishigacha bo‘lgan davr voqealarini hikoya qiladi.

Asarda sulton Jaloliddin Manguberdining biz bilmagan qiyofa-qirralari ochiladi. Buyuk ajdodimimiz biz tarix kitoblarida o‘qiganimizdek nafaqat mohir sarkarda, balki din va millat himoyachisi, yurt jonkuyari hamdir.

Asarda anushtegin xorazmshohlar davlatining ma’naviy yemirilishi sulton Alovuddin Muhammad va uning onasi malika Turkon qismatida yoritiladi. Bundan tashqari, salkam yuz ellik yil yashagan davlat tanazzulli tarixiy sharoit taqozosi ekani badiiy gavdalantiriladi.

Muallif mo‘g‘ul bosqini arafasidagi xorazmshohlar davlatining ma’naviy hayotini bir qator obrazlar, jumladan, malika Turkon, sulton Alovuddinning sodiq amiri Qutlug‘xon, uning xodim al-xassi (xos xodimi) va mamlugi Salohiddin, munshiy Shihobiddin Nurqalam, cho‘riga aylantirilgan aslzoda qiz Nuri bibi orqali yorqin bo‘yoqlarda tasvirlaydi. O‘sha davr hukmdorlar harami, undagi ma’naviy-ma’rifiy hayotga nazar tashlaydi. Va albatta, asosiy manzaralar — sulton Jaloliddinning mo‘g‘ullarga qarshi mashhur janglari — Parvon va Sind yoqasidagi muhorabalari, onasi va haramini asov daryoga cho‘ktirish tasviri asarning kulminatsion nuqtalari hisoblanadi.

Romanni o‘qir ekansiz, mo‘g‘ul bosqini arafasida Qulzum (Kaspiy)dan Irg‘iz daryosigacha (Qozog‘istonda) bo‘lgan ulkan hududni qamrab olgan saltanatni ikki hukmdor — Gurganchda malika Turkon, Samarqandda esa sulton Alovuddin Muhammad idora qilishini, hokimiyat amalda malika Turkonga qarindosh qipchoq amirlar qo‘lida ekanini bilib olamiz. Malika Turkon va uning qarindoshlari, qudratli qipchoq amirlar Qutbiddin O‘zlog‘shohni taxt uchun asosiy davogar sifatida ko‘rishlarini anglaymiz. Sulton Alovuddin esa to‘ng‘ich o‘g‘li Jaloliddinni taxt vorisi sifatida ko‘rgisi keladi, lekin buni amalga oshira olmaydi. Biroq mo‘g‘ullar birin-ketin shaharlarni ola boshlaydi, sulton Alovuddin esa qocha-qocha Qulzumdagi kimsasiz orolga keladi. Shu yerga barcha o‘g‘illari — Jaloliddin, G‘iyosiddin, Qutbiddin va Rukniddinni chaqiradi. Umrining so‘nggi daqiqalarini o‘tkazayotgan sulton Alovuddin ota meros qilichni Jaloliddinga beradi va uni o‘zidan keyingi sulton deb e’lon qiladi: «...Sulton titroq qo‘llari bilan og‘ir, qini turfa qimmatbaho toshlar, Badaxshonning asl aqiq va yoqutlari bilan ziynatlangan qilichni olib, Jaloliddinning beliga taqdi. Hali bilagida kuchi borligida bunday qilichlarni yog‘och taxtadek o‘ynatardi. Endi-chi? Qilichni o‘g‘lining beliga taqqunicha jiqqa terga botib, holsizlanib qoldi...» Shu tariqa, sulton Jaloliddin saltanat taxtiga chiqadi va mo‘g‘ullarga qarshi kurashni boshlaydi. Bu voqealar romanda o‘ziga xos tarzda bayon qilinadi.

Ammo, shahzoda Qutbiddinning tarafdorlari — qipchoq amirlari sulton Jaloliddinga qarshi fitna uyushtirishadi va u G‘azniga ketib, shu yerda Chingizxonga qarshi kurashni davom ettiradi.

Asardagi bosh qahramonlardan biri malika Turkonning taqdiri hech kimni befarq qoldirmaydi. Uning haram doirasiga hayoti, Gurganchdan ketishi arafasida aslzoda asirlarning Amu suviga g‘arq qilishi, mo‘g‘ullardan qutulish umidida Ilol qal’asida yashirinishi-yu qo‘lga tushishi mahorat bilan tasvirlangan.

Shuningdek, tarixiy faktlar — Iskandar navbasi, xalifa Nosiridinulloh Abul Abbosning xorazmshohlarga qarshi mo‘g‘ullar va qoraxitoylar bilan maxfiy mukotabasi (yozishmasi) badiiylashtirilgan.

Romandagi tarixiy topilmalardan biri sulton Jaloliddinning Parvon jangida mo‘g‘ullarning mashhur jazo qo‘shini, zamonaviy harbiy tilda aytadigan bo‘lsak, maxsus qo‘shin — Keshikni ilk marta yengishi tasviridir. Mo‘g‘ullarning yengilmas bahodirlari sulton Jaloliddinning xos navkarlari — mamluklaridan yengiladi. Bungacha mo‘g‘ullarning bu qo‘shini hech qayerda yengilmagan va doim zafar qozonib kelgan edi. Romandan o‘rin olgan yana bir tarixiy haqiqat — sulton Jaloliddinning Sind daryosi bo‘yida hukmikush savashidir. Sulton Jaloliddinning hayotidagi eng alamli va qaqshatqich mag‘lubiyatini yozuvchi o‘ziga xos og‘rinish bilan tasvirlaydi.

Asarda sulton Jaloliddinning davlat siyosati va tutumi haqida ham ma’lumot beriladi. Xususan, romanda quyidagi jumlalarni o‘qiymiz:

«...Hobgohiga chekingan Jaloliddinning xayolini hukumat ishlarini tartibga solish egallab olgandi. Qo‘shin hisobi, ta’minotiga mas’ul devon al-jayshga[1] kimlarni qo‘ymoq lozimligini ko‘nglidan kechirdi; xayolan muhosib[2], jamakdor[3], silohdor vazifalariga munosiblarni belgiladi. Sohibi devon al-jaysh[4] etib kimni saylash kerakligi borasida ancha bosh qotirib qoldi. Azaldan Xorazmshohlar hukumatida harb ahlining mavqe’ va e’tibori yuqori bo‘lgan. Bas, shunday ekan, oriz[5] saltanat harbiy qudratidan boxabar, lashkariy ishda tajribali, bilimli va o‘quvli bo‘lmog‘i zarur. Shukrki, bunday kishilar bor. Uning xayolidan birin-ketin Kuzbor Malik, Temur Malik, Axos Malik va boshqalar o‘tdi. Ularga bemalol ishonishi, suyanishi mumkin. Saltanat moliyasi bilan avvalgidek devon ul-ishrof[6] shug‘ullansin, mushriflar[7] xazina kirim-chiqimini nazorat qilsinlar. Yuluq as-sultonda[8] qissadorlar[9] fuqaroning shikoyatlarini qabul qilib, sultonga yetkazishsin...»

Mo‘g‘ullar xonavayron qilgan saltanatni tiklash Jaloliddinning maqsadi. Shu yo‘lda kurashadi. Ne kulfatki, bu orzu-umidlari armonga aylanadi:

«Sind sohiliga qadalgan Xorazmshoh qo‘shini bo‘laklarga bo‘lib tashlangandi. Mo‘g‘ullar endi har bir bo‘lakni alohida qira boshlagandi. Xorazmshoh qo‘shini hali jangovar qudratini yo‘qotmagan, misoli yaralangan sher edi. Lekin qo‘shinga usul qo‘llagani, yog‘iy cherigiga yuzlashgani maydon yo‘q edi. Minglagan lashkar bir joyda to‘planib, qisilib qolgandi. Go‘yoki, ulkan qozonda odamlar va otlar qaynayotgandek edi. Mo‘g‘ullarga xuddi shu narsa kerak edi. Ulug‘ xoqondan[10] so‘nggi ko‘rsatmani olgan mo‘g‘ullar jam’i qurol-yarog‘ni ishga solib Xorazmshoh qo‘shinini qirishga tushdi...»

Yengilgan xorazmshoh Hindiston shimolida davlat quradi. Yon-atrof muzofotlardagi royi va rojalar itoatga kelishadi. Hatto Dehli hukmdori sulton Shamsuddin Eltutmish Jaloliddin bilan murosa qilishga majbur. Biroq, Hindistonning boshqa hukmdorlari sulton Shamsuddin Eltutmish boshchiligida birlashadilar va Jaloliddinga qarshi yurish boshlaydilar...

«...Hindistondan Iroqqa yuzlangan sulton Jaloliddinning qo‘shini bir necha chaqirimga yoyilgan. Oldinda, xaras ihotasida, sulton va uning harami. Ulardan xiyla orqaroqda devon a’yonlari, amirlar. Navkarlar esa to‘da-to‘da bo‘lib olishgan. Qo‘shinga xos na tartib, na intizom bor. Odamlarning ham, hayvonlarning ham ahvoliga havas qilib bo‘lmaydi. Odamlar yuz-ko‘zlarini o‘rab olishgan. Haramdagi go‘daklardan biri hushini yo‘qotgan, bolalarning sillasi qurigan...»

Roman-dilogiyaning birinchi kitobi sulton Jaloliddinning Hindistondan Iroqqa yuzlanishi bilan xotima tugaydi.

Dilogiyaning ikkinchi qismida sulton Jaloliddinning Fors va Iroq, Ozarbayjon va Gruziyadagi sarguzashtlari qalamga olinadi. Ikkinchi qism ham tez kunlarda nashrdan chiqsa, ajabmas.

Tarixiy badiiy asarlarni sevuvchilarga ushbu roman muborak bo‘lsin.


O‘qing: Yozuvchi va olim Baxtiyor Abdug‘afur bilan suhbat.


[1] Qo‘shin hisobi, qurol-yarog‘i va ta’minotini idora qiluvchi idora

[2] Lashkar hisobini oluvchi kishi

[3] Xos navkarlar (shaxsiy gvardiyaga) maosh ulashuvchi kishi

[4] Devon al-jayshni idora qiluvchi amaldor

[5] Devon al-jayshni idora qiluvchi amaldorning nomi

[6] Saltanatning moliya-nazorat idorasi

[7] Devon ul-ishrof xodimi

[8] Shikoyatlar devoni

[9] Yuluq as-sultonda fuqarolarning shikoyatlarini qabul qilib, haftaning payshanbasida sultonga yetkazuvchi xodim

[10] Chingizxon

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring