Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tojikiston kino delegatsiyasi bilan anjuman bo‘lib o‘tdi

Tojikiston kino delegatsiyasi bilan anjuman bo‘lib o‘tdi

Bugun Toshkentdagi «Lotte» mehmonxonasida Kinematografiya agentligi rahbariyati va Tojikiston delegatsiyasi bilan anjuman bo‘lib o‘tdi.

Kinofestival doirasida O‘zbekistonga tashrif buyurgan tojik delegatsiyasi vakillari ishtirokidagi anjumanda Agentlik hamda «Tojikfilm» kinostudiyasi bilan hamkorlikda suratga olinishi kutilayotgan – Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiy haqidagi kinoloyiha ustida muzokaralar olib borildi.

Joriy yil 10-12 iyun kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Tojikistonga tashrifi davomida barcha sohalar qatori madaniy aloqalarni ham rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Prezident ushbu tashrif davomida Navoiy va Jomiy haqida hamkorlikda badiiy film yaratish vaqti kelganini ta’kidlagan.

Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiy o‘rtasidagi munosabatlar haqida ko‘plab ilmiy va badiiy asarlar yaratilgan. Bir qator hujjatli filmlar suratga olingan. Ammo, shu paytga qadar yaratilgan sahna va ekran asarlarida bu ikki ulug‘ mutafakkir do‘stligi yetarlicha yoritilmagan.

So‘zga chiqqanlar bu mavzuda yaratiladigan badiiy filmda tarixiy, ilmiy va adabiy manbalardan mavzuga doir ma’lumotlarni to‘plash va saralash, ikki buyuk mutafakkir munosabatlari timsolida o‘zbek va tojik xalqlarini asrlar davomida bir-biriga chambarchas bog‘lab kelgan do‘stlik va qardoshlik rishtalariga alohida e’tibor qaratish lozimligini ta’kidlashdi.

Anjumanda har ikki mamlakatning olimlari va ijodkorlari orasidan mavzuga doir adabiyotlar, ma’lumotlarni saralash uchun ijodiy guruhni shakllantirish lozimligi qayd etildi. Mazkur ma’lumotlar asosida o‘zbek va tojik kinoijodkorlari tomonidan ssenariy yaratiladi, keyingi bosqichda esa ijodiy guruh shakllantiriladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring