Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkent xalqaro kinofestivalining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi

Toshkent xalqaro kinofestivalining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi

Kecha, 29 sentyabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Kinochilar uyida «Ipak yo‘li durdonasi» XV Toshkent xalqaro kinofestivalining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Ochilish marosimidan avval jahon va O‘zbekistonga mashhur kinoyulduzlar maxsus tashkil etilgan qizil yo‘lakdan o‘tdi. Tadbirda 300 ga yaqin kinoijodkorlar, aktyor va aktrisalar, rejissyor va kinooperatorlar, prodyuser va kinotanqidchilar, kinoshunos olimlar ishtirok etdi.

Tantanali marosimda fransiyalik mashhur aktyor, o‘zbek tomoshabinlariga «Taksi» filmidagi roli bilan tanish bo‘lgan Frederik Difental ham qatnashdi. U andijon polkasiga raqsga tushdi. Tadbir davomida konsert dasturi ham bo‘lib o‘tdi, unda turkiyalik mashhur xonanda Ayla Chelik qo‘shiq kuyladi.

Tadbirda Milliy filmlar tanlovi g‘oliblari e’lon qilindi va taqdirlandi. Unga ko‘ra, «Eng yaxshi aktyor» nominatsiyasida «101-reys» filmidagi roli bilan Hoshim Arslonov g‘olib deb topildi. «Eng yaxshi aktrisa» nominatsiyasida esa «Ayol qismati» filmidagi obrazi bilan Ra’no Shodiyeva g‘olib bo‘ldi. Shuningdek, Ali Hamroyev «Samarqandda qovun tarovati» filmi bilan «Eng yaxshi rejissyor» mukofotini qo‘lga kiritdi. Qamara Kamalovaning «Kim deyay seni» kinokartinasi esa «Eng yaxshi film» deb topildi.

Ochilish marosimidan so‘ng Kann xalqaro kinofestivalida «Oltin palma yaprog‘i» mukofotini qo‘lga kiritgan, fransiyalik rejissyor Jyustin Triyening «Qulash anatomiyasi» filmi namoyish etildi.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent xalqaro kinofestivali 2 oktyabrga qadar davom etadi. Festival tadbirlaridan mashhur va iste’dodli kinoijodkorlar ishtirokidagi mahorat darslari, mashhur filmlar namoyishlari, tanlov dasturlari va boshqalar o‘rin olgan.

Festival tadbirlari, kinonamoyishlar va mahorat darslari bo‘yicha barcha ma’lumotlarni tiffest.uz saytidan olishingiz mumkin.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring