Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xalq ta’limi vazirligi kitobxonlik bo‘yicha yangi loyiha boshladi

Xalq ta’limi vazirligi kitobxonlik bo‘yicha yangi loyiha boshladi

Foto: «Xalq so‘zi online»

Xalq ta’limi vazirligi tomonidan o‘quvchilar orasida kitobxonlikni targ‘ib qilish maqsadida yangi loyiha boshlandi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar berdi.

Unga ko‘ra, umumta’lim maktablarida «Targ‘ibotchi kitobxon o‘quvchi» nominatsiyasi joriy etilib, u tengdoshlari orasida kitobxonlikni targ‘ib qiladi. Maktabning «Targ‘ibotchi kitobxon o‘quvchi»si ta’lim muassasasining 7-10-sinf o‘quvchilari orasidan ochiq ovoz berish yo‘li bilan tanlab olinadi va u maktab kutubxonachisi va yetakchisi bilan birgalikda o‘z faoliyatini olib boradi.

«Targ‘ibotchi kitobxon o‘quvchi» uchun maktab kutubxonasida alohida joy ajratib beriladi, u «Kitobxonlar klubi»ni tashkil etadi va yuritadi. Qolaversa, o‘quvchilar orasida kitob mutolaasiga nisbatan mehr uyg‘otish va uni rag‘batlantirish maqsadida maktab ma’muriyati yordamida turli ma’rifiy tadbirlar, uchrashuvlar, aksiya va tanlovlar o‘tkazadi.

Shuningdek, «Targ‘ibotchi kitobxon o‘quvchi» kitobxonlik targ‘ibotiga munosib hissa qo‘shgan va o‘rnak ko‘rsatgan faol kitobxon o‘quvchi va o‘qituvchilarni moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish uchun ta’lim muassasasi rahbariyatiga tavsiya qiladi, mavjud muammolarni hal qilish bo‘yicha tavsiyalar beradi. Vazirlik tomonidan tizimdagi barcha ta’lim muassasalari rahbarlariga «Targ‘ibotchi kitobxon o‘quvchi»larga yaqindan yordam ko‘rsatish va shaxsiy namuna ko‘rsatish qat’iy tavsiya etilgan.

O‘quv yili yakunida respublika miqyosida eng faol kitobxon targ‘ibotchilar aniqlanib, taqdirlanadi hamda tegishli tashkilotlarga taqdirlash uchun tavsiya qilanadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring