Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti — TURKSOY va Markaz o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi

Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti — TURKSOY va Markaz o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi

2025 yil 23 iyun kuni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Ilmiy kengashning navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda TURKSOY bosh kotibi, ilmiy kengash a’zolari, ishchi guruh rahbarlari, xalqaro hamkor mutaxassislar ishtirok etdi.

Yig‘ilish avvalida, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori, Ilmiy kengash raisi Firdavs Abduholiqov markaz ekspozitsiyasini boyitishda Davlatlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev g‘oyasi va tashabbuslari asosida ishlab chiqilgan yangilangan konsepsiyada, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining qabul qilingan yangi farmoyishida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining muzey ekspozitsiyasini boyitish doirasida 1-bosqich uchun tanlab olingan loyihalar ijrosi jarayonini yanada jadallashtirish muhimligi, 5 muhim yo‘nalish bo‘yicha ishlarni amalga oshirishning bugungi holati, kutubxona salohiyatini yuksaltirish, xalqaro hamkorlik, global ko‘rgazmalar va ilmiy tadbirlarni tashkil etish, ommaviy axborot vositalari va multimedia loyihalar bilan hamkorlik masalalari yuzasidan ma’lumot berdi.

Shundan so‘ng, yig‘ilishning asosiy mehmoni — TURKSOY bosh kotibi Sultan Rayev so‘zga chiqib, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat O‘zbekiston balki butun mintaqa, turk va musulmon olami uchun o‘ziga xos hodisa ekanligini ta’kidladi. Bu yirik muassasa O‘zbekiston prezidenti Shavkat  Mirziyoyev tomonidan amalga oshirilayotgan Yangi O‘zbekistondagi betakror siyosatning samarasi ekanligini qayd etdi.

Yig‘ilish dasturining asosiy qismida TURKSOY va O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Shuningdek, muzey kolleksiyasini boyitish maqsadida hadya qilingan qadimiy tangalar, noyob eksponatlar va matolar tadbir doirasida namoyish etildi. Tarix fanlari doktori, professor G‘aybulla Boboyorov ushbu ashyolarning ilmiy va madaniy ahamiyatiga to‘xtalib, Markaziy Osiyo, xususan O‘zbekiston hududi, qadimdan tanga pullar topilmalari bilan ajralib turishi, 2500 yildan beri savdo-sotiq va iqtisodiy munosabatlar asosan tanga pullar orqali amalga oshirib kelinganini qayd etdi.

 Kun tartibi doirasida esa joriy yil 29 yanvarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning markazga amalga oshirgan tashrifi va davlat rahbari tashabbusi bilan ishlab chiqilgan yangilangan konsepsiya, shuningdek, joriy yil 11 mart kuni o‘tkazilgan Vasiylik Kengashining kengaytirilgan yig‘ilishi bayonnomasi va iyun oyida qabul qilingan Vazirlar Mahkamasining 392m-sonli farmoyishida nazarda tutilgan vazifalar, xususan, muzey ekspozitsiyasini boyitish, loyihalarni ilmiy, ma’rifiy va texnologik jihatdan takomillashtirishga qaratilgan ishlar, kutubxona fondini shakllantirish hamda Markazning ochilish marosimini yuqori saviyada tashkil etish kabi 10 ga yaqin ustuvor masalalar ijrosi tahliliy ko‘rib chiqildi.

Shu bilan birga, muzey ekspozitsiyasini boyitish ishlarini takomillashtirish bo‘yicha, xususan:

  • Ilmiy restavratsiya laboratoriyasini ishga tushirish;
  • Markazning ikkinchi qavati va KING‘S COLLEGE xattotlik maktabi taqdimoti;
  • Muzey ekspozitsiyasining 5 yo‘nalishlari bo‘yicha taqdimotlar;
  • Ochilish tadbirlari doirasida o‘tkaziladigan auksion va undan o‘rin olishi kutilayotgan tarixiy va madaniy meros ashyolariga oid London safarida tashkil etiladigan tadbirlar;
  • Kutubxona bo‘limi doirasida esa nodir kitoblarni, zamonaviy texnik talablarga asosan skanerlash va ularni saqlash yuzasidan taqdimotlar;
  • Shuningdek, xorijiy ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik va targ‘ibot kabi masalalar ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, megaloyihaning muzey ekspozitsiyasini boyitish doirasida olib borilayotgan ishlar, 800 ga yaqin ishlab chiqilgan loyihalarning 1-bosqich ishlari tahlili va ularning ijrosini ta’minlash jarayonlarini jadallashtirish hamda rasmiy ochilish marosimini yuqori saviyada tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Kun tartibi doirasida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi uchun 1-bosqich loyihalarning 1-toifadagi yakuniy media loyihalar taqdimoti jadvalini tasdiqlash, “Islomdan avvalgi davr”, Birinchi va Ikkinchi renessans davrlari, O‘zbekiston XX asrda, Xonliklar davrlari, Yangi O‘zbekiston Yangi Renessans poydevori bo‘limlari ekspozitsiyalari bo‘yicha tayyorgarlik ishlari muhokama qilindi.

Barcha ishchi guruh va kichik guruhlar faoliyatini muvofiqlashtirish, belgilangan loyihalarni belgilangan muddatlarda va yuqori saviyada amalga oshirish yuzasidan aniq vazifalar belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 23 iyundagi qaroriga binoan 2018 yilgi Ramazon hayiti kuni Markaz qurilishi poydevoriga tamal toshi qo‘yilgan. Markaz binosi 7 gektardan ortiq maydonda joylashgan. Markaz binosining to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar bunyod etilgan, o‘rtada 65 metrli mahobatli gumbaz qurilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring