Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xonanda Jaloliddin Ahmadaliyevni sudga berishdi

Xonanda Jaloliddin Ahmadaliyevni sudga berishdi

Xonanda Jaloliddin Ahmadaliyev she’rdan ruxsatsiz foydalangani uchun mualliflik huquqini buzganlikda ayblanmoqda.

Farg‘ona viloyat adliya boshqarmasining ma’lumot berishicha, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir Behzod Fazliddin ariza bilan murojaat qilib, xonanda Jaloliddin Ahmadaliyev hech qanday ruxsat olmasdan shoirga tegishli «Kutmagan kunlarim, kutgan kunlarim» to‘plamidagi «Balosiz – go‘yoki g‘amimni yeysiz» deb boshlanuvchi «Ayyor do‘stlarim» she’ridan foydalanib qo‘shiq ijro qilgan.

Ma’lum qilinishicha, bu ijod namunasi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan, to‘ylarda faol ijro qilingan. Shoir B. Fazliddin Farg‘ona viloyat adliya boshqarmasidan buzilgan mualliflik huquqlarini tiklab berishni, xonandaga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Murojaat tegishli tartibda o‘rganildi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchko‘prik tuman sudining qaroriga asosan, xonanda mualliflik huquqbuzarligi sodir etilganlik fakti tasdiqlandi. Unga nisbatan ma’muriy jarima jazosi tayinlandi.

Shoir B.Fazliddin foydasiga esa Fuqarolik ishlari bo‘yicha Qo‘qon tumanlararo sudining hal qiluv qarori e’lon qilindi.

Unga ko‘ra, bazaviy hisoblash miqdorining 80 barobari, ya’ni 24 mln. so‘m tovon puli, 2 mln so‘m ma’naviy zarar, jami 26 mln. so‘m undirib berildi va xonanda J.Ahmadaliyev tomonidan ijro etilgan «Ayyor do‘stlarim» nomli qo‘shiqni ijtimoiy tarmoqlardan olib tashlash majburiyati yuklatildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring