«Yana chiqqan jondek yonar lolalar». Tuyg‘ular ja(ra)ngi
«Asqar Mahkam ijodi» telegram-kanali bor. Shoirni shu telegram-kanal orqali yaxshiroq taniganman.
O‘zbek adabiyotini fors-tojik va turkiy klassik shoirlarimizning adabiy merosi bilan boyitgan shoir tarjimon Asqar Mahkam she’rlarida bizning hayotimiz bor, iztiroblarimiz bor. Ilk o‘qigan she’rim kovush haqida edi. Men ushbu she’rni o‘qib momolarimizni, buvilarimizni ko‘rgandek bo‘lganman. Buvisiga atab yozgan bir necha she’rlari orqali onalarimiz, buvilarimizning quvonchdan ham ko‘ra dardlari ko‘p bo‘lganini anglaymiz. Shoirning buvisi shoir uchun qahramon edi. Barcha sitamlarni ichga yutgan, mehnatdan boshqa narsani bilmagan kampir buvisi shoir uchun matonatli qalb sohibasi edi. Chunki shoirning nazarida buvisigina har qanday sharoitda o‘zining inson ekanligini unutmagan bir mushtipar edi.
...Ostonada loyga belangan
ko‘hnagina kampir kovushi
kallasini bo‘yniga qo‘yib
mudrayotgan itdek yotardi...
Mening kampir buvim kovushi...
Pataklari yo‘q edi uning...
Ma’rakani ko‘rmagan kovush....
dabdabani ko‘rmagan kovush.
Nursiz edi... uniqqan edi...
Jiyaklari so‘kilgan edi...
Kovushning patagi yo‘qligi, jiyaklari so‘kilgani, hech qayerni ko‘rmagan, uy yumushlari, adoqsiz tashvishlardan ortmagan momolarimizga berilgan haqqoniy ta’rif edi.
Qishlog‘imizda, tog‘lar orasida «kesgan tosh» degan joy bor. Toshning qoq ikkiga bo‘lingan joyi qorayib ketgan. Ba’zida tabiatning ishiga hayron qolmaslikning iloji yo‘q, toshki ikkiga bo‘linsa. Qalb ham xuddi shunday — osonlikcha yumshamaydi yoki osonlikcha toshga aylanmaydi. Agar momoqaldiroqdek va uning ortidan keladigan chaqindek bir kuchli turtki bo‘lmasa.
Asqar Mahkamning birgina o‘sha «She’riga o‘xshamagan shoir shoir emas» degan gapiga e’tibor bering-a.
Birgina satr tufayli siz yozgani o‘ziga o‘xshamaydigan yoki yozganiga o‘xshaydigan ijodkorlarni anglab boshlaysiz. Yozgani o‘ziga o‘xshamaydigan ijodkorning ijodi ham qalbingizda hech qanday hislarni uyg‘otmaydi. Chiroyli so‘zlarni marjondek tizib, Vijdon, Diyonat Sadoqat, Vafo haqida yozadiganlarning ko‘pchiligida aynan ana shunday fazilatlar yetishmaydi. Qayerdadir o‘qiganim bor: «E’tiqodi va amal bir bo‘lgan ijodkor shaxsga aylanadi». Asqar Mahkamning e’tiqodi va amali bir shoir edi. Va shoirning har bir she’ri sizdan ham shuni talab qiladi. Go‘yoki, iymoning yo‘qmi, vijdoning yo‘qmi meni o‘qima deyotgandek bo‘ladi. Biror she’rida vijdon yoki iymon so‘zini uchratmasangizda iymondan, vijdonu sadoqatdan saboq olasiz. Asqar Mahkamning she’rlari xuddi shunday qalbingizni oldin momaqaldiroq kabi gumburlatadi keyin yashin urgandek qoq ikkiga bo‘ladi. Uyg‘oq vijdon bilan yashash naqadar azob ekanligini anglatadi. She’rlari yaxshini haqiqatan ham yaxshi ko‘rish, yomondan rostakamiga nafratlanish kerakligini aytib turadi. Men adabiyotshunos emasman, barmoq, vazn, aruz, turoq, qofiya, ritm, radif kabi she’rga oid terminlarni ham ajrata olmayman. Ammo Asqar Mahkam she’rlaridagi dard, og‘riq, isyon o‘ziga tortaveradi. Balki yurakdan yozilgani yurakka yetib boradi degani shudir.
Ijodkorni qalb og‘rig‘i qiynamasa yaxshi she’r tug‘ilmaydi. Zero, insonni sitamu azob-uqubat, alamu firoq pishitadi, dunyoga teran ko‘z bilangina emas, tiyrak qalb bilan qarashni o‘rgatadi. Qalbni yuksaltirishning boshqacha yo‘li yo‘q. O‘g‘li Muhammad Dovudga yozganidek: «buving kabi lovullab yongan, lolalarni ko‘ngil istaydi...». Ha, qattiq toshlar orasidan har bahor o‘sib chiqadigan lolaning taqdiri Asqar Mahkam buvisining taqdiri bilan chambarchas. Go‘yoki qattiq toshlar orasidan o‘sib chiqsada olovdek yonib turadi. Inson irodasi ham lolagulning qismatiga o‘xshash...Asqar mahkam she’rlarida jon-joni bilan butun qalbi bilan yashagan. O‘zi aytganidek, gulu gulzorlar, sayru sayohatlar, orzu-havaslar xususida jo‘shib yozishni naqadar istagan, lekin bu mavzuda qalam tebratayotgan shoirlar oz emas-ku. Demak, kimdir eng oliy jamiyatlarda ham uchraydigan illatlar haqida ham yozish kerak ekan. Shoir ana shu illatlarni she’rlarida ro‘yi rost ochib tashladi. Axir Vatan rostdan faqat gulu gulzordan iborat emas. Uning payhon joylari ham bor. Asqar Mahkam vatanning gulzoridan ajrab qolgan kuygan joyini kuyuk qalbi bilan seva olgan shoir bo‘lgan ekan:
Vatan yodim,
Vatan — alamli yodim,
Ko‘kragimning tubsiz
Chohida bul yod.
Vatan ohim,
Vatan — qizg‘ish faryodim,
Qora qonim Vatan
Qop qora faryod....
U muhabbatni kuylardi. Boshqacha muhabbatni... Yorning ol kabi qizil dudog‘i yoki nayzamisol kipriklarini emas, boshqacha hali hech kim anglab yetolmagan muhabbat haqida kuylardi:
Tilim sayrar endi ko‘hna usulda
Sitilgan anordek
Chirsillar yaro...
Ko‘ngil suv istaydi
qaqragan cho‘lda
Yurak ishq istaydi maxluqot aro.
She’rni o‘qiyotganingizda ko‘z oldingizda qip-qizil anor donalari, anor po‘stida sitib olinayotgan anor donalari, anor donalarining bo‘shab qolgan o‘rni g‘adir-budur yaro, tegsang yana chakillab qonaydigan jarohat keladi...
Haqiqiy shoir, haqiqiy yozuvchi — ijodkor sinchkov bo‘ladi. Do‘stlarining ikkiyuzlamachiligini, yorning bevafoligini juda tez ilg‘aydi va tez ko‘ngli qoladi. Ana shu sinchkovligi uni shoir qiladi. Atrofidagilardan ozorlangan qalb ezilaveradi, evrilaveradi va buyuklashadi.
Munofiqsan... so‘zim shul tamom...
Goh o‘ngdasan... goho so‘ldasan...
Sen bir kuni xoin sipohga
Lashkarboshi bo‘lib o‘lasan.
U so‘zni qadrlardi. So‘zi bilan so‘zni topgan va anglagan shoir edi, o‘zi aytmoqchi So‘zni o‘ldirib bo‘lmaydi, So‘z joni ham Olloh qo‘lida.
Ha uning yozgan she’rlari hech qachon o‘lmaydi. Chunki:
Ey, dardlilar,
Ey, dard chekkanlar,
Bu dard tog‘i Musonikidir...
Ey ishq bilan joni chiqqanlar
Bu joningiz Xudonikidir
Iching,
Jomga yetsa qo‘lingiz
Mayli shakkar
Mayliga taxir,
Ey oshiqlar Ishq deb o‘lingiz
Ishq Xudodir
Xudovand ishqdir...
Asqar Mahkamning she’rlarini mahzun paytlari o‘qisangiz dilingizga yupanch topasiz, yupanchki to‘lqinli. Qalbingizdagi to‘lqinlar shovullab qirg‘oqqa urilib qaytayotgandek, tuyg‘ular jaranglayotgandek bo‘ladi. Jarang-jurung, jarang-jurung. Hislar, tuyg‘ularning qalbingizdagi ana shunday jaranggi janga aylanadi. Ko‘tarinki kayfiyatda o‘qisangiz mahzun bo‘lib qolasiz, mahzun bo‘lgingiz keladi, mahzunlashasiz. Qalbingiz quvonchga emas, dardga to‘lgandek bo‘ladi, negadir ana shu dard, ana shu qalb og‘rig‘i sizga yoqa boshlaydi. Samimiyatga to‘la boshqa bir olam ham borligini qalbingizda tuyasiz. Boshqacha bir olamki she’rlarida yashay boshlaysiz. Ana shu olamdan chiqqingiz kelmaydi, chiqib ketolmaysiz.
«Asqar Mahkamning she’rlari ilk satrlaridanoq kishini olis va sirli qishloqlarga yetaklab ketadi. She’r o‘qiysizu qulog‘ingizda soylar navo qilib turadi, ko‘z o‘ngingizda baxmal bog‘lar jilva qiladi, yuragingiz beixtiyor sog‘inchga to‘ladi. Sog‘inch esa she’riyatning tug‘ishgan singlisidir», degan edi o‘z bitiklarida shoir Muhammad Yusuf.
«Yana chiqqan jondek yonar lolalar»
Asqar Mahkamning o‘zi aytmoqchi birda «bog‘bon» keyin «og‘och»ga aylangan «sitilgan anor»dek, «maxluqotaro ishq istagan» ko‘nglidan tizilib qog‘ozga tushgan satrlari nima uchun ko‘ngilga yoqadi? O‘qigingiz, qayta-qayta o‘qigingiz kelaveradi? Chunki unda dard bor. Yurakdan yozgani yurakka yetib boradi. Shoirning bir gapi bor: «She’riga o‘xshamagan shoir shoir emas». U she’riga o‘xshagan shoir bo‘lgan. Uning ustozi va hammaslagi bo‘lgan Shavkat Rahmon aytganidek, u qattiq iymon shoiri bo‘lgan. O‘zi yozganidek, «Iymonni nur derlar, nurdir, nurdir u, Bu nurni ko‘rmagan ko‘rdir, ko‘rdir u...» yoki «so‘z va ruh bilan yolg‘iz qolgan shoir iymonli bo‘lsa, bu jarayon ibodatdir Agar bordi-yu so‘z bilan yolg‘iz qolgan shoir jismida nafsoniyat ustun bo‘lsa, bu aysh va shaqovat».
Ha, u ijodni, adabiyotni ibodat deb bilgan. Asqar Mahkamning Shavkat Rahmon haqidagi xotira essesi yakunidagi iqror haqiqiy talantli odamga hamma vaqt qiyin bo‘lganini anglatadi: «...Qachon ketasan»larni keyinchalik yana ko‘plab adib va shoirlardan eshitdik. Tafakkuri mahalliy doiradan tajovuz qilmagan bunday kimsalarning urug‘-aymoqchiligi, «o‘ziniki»ni ko‘tar-ko‘tar qilib, «begona»larni oyoq ostiga olib ezg‘ilashlari oddiy hol ekanligini anglab yetish uchun hali yigirma-o‘ttiz yil «begonalarcha» yashash kerak edi. Va shunday yashadik ham… Sut bilan kirgan bu mudhish fojia – kasallikning davo topishiga mening ko‘zim yetmaydi. Ehtimol jismu joni, ruhoniyati pok, o‘zligini anglagan, aqalli, hammamiz bir Ota, bir Onaning farzandi ekanligimizni tushunadigan nasllar kelar, ular tili bir, naslu nasabi bir, irqi bir, ammo tarix taqozosi bilan boshqa-boshqa sarhadlarda yashayotgan millatdoshlarini yuziga tupurmas, ularning betiga eshiklarini qarsillatib yopmas, ko‘kragidan itarib yubormas. Bizning yagona milliy fojiamiz xuddi ana shu – ayni ziyolilarning mahalliychiligi ekanligini anglab yetmagunimizcha...» Ha, ba’zan «hislari mozor kabi cho‘kkan» shoir kelajakda shunday beg‘ubor va toza nasl kelishini umid qiladi. Juda umid qilgan.
Ijodkor iste’dodiga ba’zi adiblaru shoirlarning tuhmatu tahqirlari haqida yozilgan maqolalarni o‘qish jarayonida «ijodkor»larning, «ziyolilarning» tubanligidan hayratingiz oshadi. Ona, Vatan, Go‘zallik, Insof, Diyonat haqida tinmay kitob yozgan, yozgani o‘ziga o‘xshamaydigan bunday adibu shoirlar xuddi ana shunday munofiqlik qilishi mumkin. Asqar Mahkam aytadi: «So‘z asl ma’noda ilohiydir. So‘z hamma istifoda etishi mumkin bo‘lgan Olloh marhamatidir. Chunonchi, buloqdan odam ham, qush ham bahramand bo‘laveradi. So‘z yolg‘on bo‘lmaydi. Uning sohibi yolg‘onchi bo‘lishi mumkin. Agar bu yolg‘onchiga barcha ishonsa, unda falokat ro‘y beradi».
Asqar Mahkamning she’rlarini o‘qish asnosida hozir ham yolg‘onlarni jim eshitayotgandekmiz, talantlilarning «begonalashuv»iga jam qarab turayotgandekmiz. Bu hayotning nohaqliklaridan, adolatsizliklaridan ko‘ngli ilvirab, yoki Shavkat Rahmonga havo yetmay qolganidek havo yetmay qolib, biror xastalik orttirib erta oramizdan o‘tib ketayotgan, talanti tuhmatu tahqirlarga uchrayotgan yana boshqa Asqar Mahkamlar oramizda yo‘qmikan? Yoki shoir aytanidek:
Olov qullarining olovlarini
So‘ndirsa so‘ndirar kohinlar...
Vatan ulkan jasad..
Janozasini
Ado etar faqat xoinlar...
Yig‘lama...
Ochsa ochibdi-da
Shohning qabrini...
Bu o‘sha xalq axir
Chorcho‘pga tortgan...
Shoh nima
xudoning payg‘ambarini...
Yana shoir aytganidek, «tupukka talandi gohida yuzim, Qusuqqa belangan so‘zlar ichida...». Ammo kimning kimligi, SO‘Zning so‘zligi bugun haqiqiy adabiyot ixlosmandlariga ayon. Asqar Mahkamning she’rlari, rost so‘zlari, qalb nidolari haqiqiy she’rni bilgichlar, anglagichlar safini kengaytirmoqda.. O‘zbekiston xalq shoiri Xurshid Davron bir maqolasida ta’kidlaganidek: «Ishonchim komilki, oxir-oqibat shoirning hayratli darajada yuksak she’riyati lovullab turgan vulqondek yuraklarni larzaga soladi, asl she’riyatni sog‘ingan sonsiz insonlar uning hayratiga, hasratiga sherik bo‘ladi».
«Vijdoni uyg‘oq shoir edi»
O‘zbekiston xalq artisti Sherali Jo‘rayev shoir haqida bir intervyusida shunday degan: «Asqar do‘stlik shartiga qattiq rioya qiladigan inson edi. Do‘stingni do‘st tutardi, dushmaningdan yuz o‘girardi. Munofiqlik qilolmasdi. Ayrim tanish shoirlarga o‘xshab, har kuni bitta she’r ko‘tarib kelib, «shuni ashula qiling», deb aytmasdi. Suhbatlarimiz hamisha adabiyot, she’riyat, qo‘shiq haqida bo‘lsa-da, suhbat davomida «men»degan so‘zni ishlatmasdan mulohaza yuritishni ma’qul ko‘rardi...
Nabijon Boqiy esdaliklarida shunday yozadi: «Ko‘pincha hazil-huzul aralash Asqarga: «Agar boshimga mushkul ish tushsa, ko‘chaga chiqishdan avval birorta she’ringizni o‘qiyman, faqat ertalab o‘qiyman. Chunki kechasi o‘qisam, jangovar tushlar ko‘raman,uyqumda halovat bo‘lmaydi», derdim. Darhaqiqat, Asqarning she’rlari halovatimizni buzadi; vijdonimizni bedor qiladi, uyg‘otadi. Toki nomusimiz bor ekan, Asqarning she’rlari o‘qilaveradi. Asqarning she’rlari har kuni o‘qiladigan she’rlar emas, ular umr bo‘yi o‘qiladi, umr bo‘yi kitob javonimizning ko‘zga ko‘rinadigan joyida turadi. biz Asqarning kitobidan bitta she’rni o‘qib bir necha kun o‘ylab yuramiz, bir necha kun birga yuramiz...»
Yomonlikning yo‘qdir payg‘ambarlari,
yomonlikning yo‘qdir valiylari ham.
O‘tgan akobirlar, sag‘irlar bari,
yaxshilikka da’vat qildi damodam.
Ko‘kdan kitob indi...
Zamonga qarab
Valiylar soch yuldi...
Bari samarsiz.
Yomonlik avj oldi olovdek yashnab,
yomonlik yashadi payg‘ambarlarsiz...
«Agar hayot shu bo‘lsa»
Asqar Mahkam she’rlari orqali bir paytning o‘zida seva olasiz va nafratlana olasiz. «Agar hayot shu bo‘lsa», she’ri orqali yashayotgan kuningiz besamar o‘tayotganini qalban his qilasiz. Yugurib, yelib topayotganingiz, erishayotganingiz yo‘qotayotgan vaqtingiz oldida hech narsa emas. Siz bundan boshqacha olam borligini, boshqacha yashash ham mumkinligini o‘ylab boshlaysiz. Lekin qanday qilib? Va yana qanday hayot bor. Buni anglash uchun qalbingiz bir soniya bo‘lsada shoir qalbiga aylanishi kerak. She’r o‘sha hisni beradi sizga...
...Dang‘illagan saroylar, ko‘shklar,
o‘rkach-o‘rkach yelkalar to‘shlar,
o‘rgatilgan ko‘ppaklar qushlar,
it yotishlar, mirzaturishlar...
Shu hayotmi?!
Bir qo‘shnisi ochidan o‘lgan,
bir qo‘shnisin tomi to‘kilgan,
birin qaddi yetmish bukilgan,
o‘zi qonlar ichib quturgan...
Shu hayotmi?!
Bir ko‘chada gadolar lak-lak...
Bir ko‘chada «To‘ylar muborak!»
Birin oshi - ushog‘u turshak...
Birida yo‘q na nonu namak...
Shu hayotmi?!...
Rostdan biz hayot deb o‘lib, tirilib yashayotgan shu hayotimi hayotmi?
Qara, devonlarning ilviriq jildi
qorilgan tufroqqa sen-da qorilding...
«Erk» deding, bo‘g‘zingni qilichlar tildi
va so‘zlar doriga osilding...
Kulbalar tomida ungan qizg‘aldoq
bolalar jonidek qizargan kezlar.
Sening-da jonlaring chiqmasin qandoq
Asqar...
Yana qumursqalar devorni kovlar
yana chiqqan jondek yonar lolalar...
Qayda tobutkashlar, qayda go‘rkovlar
Erkning tobutida yotar bolalar... «
Umuman men she’rni qanchalik tushunaman, shoirning ijodi haqida fikr bildirishga qanchalik haqliman, bilmadim, ammo bilganim, har safar shoirning she’rlarini o‘qiganimda:
«Yana chiqqan jondek yonar lolalar»
Ma’lumot uchun: Asqar Mahkam 1958-yil 27-noyabrda Tojikistonning Kofarnihon tumanida tug‘ilgan. Xo‘jand davlat pedagogika institutini tamomlagan (1981). «Navro‘z» (1988), «Tazarru» (1982), «Tavajjuh», «Ishq» (1994), «Ibodat» (1993), «Haq» (1998), «Analhaq», «Tabriz daftari», «Oqkitob» (2003) kabi asarlari nashr etilgan. «Avesto», Xoja Abdulloh Ansoriyning «Kashf ul-asror» (Qur’oni Karimning adabiy-irfoniy tafsiri), Jaloliddin Rumiyning «Ma’naviy masnaviy»sini (1-daftar), Shams Tabriziyning g‘azallari hamda Eron shoirlari she’rlaridan namunalar tarjima qilgan («Tuyg‘ular yaprog‘i», 2005). 2007-yil 6-martda Toshkent shahrida vafot etgan.
Barno Sultonova
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter