«Yangi O‘zbekiston. Yangi nigoh» media-haftaligi bo‘lib o‘tadi
3-may – Butunjahon matbuot erkinligi kunida «Yangi O‘zbekiston. Yangi nigoh» mediahaftaligining ochilishi bo‘lib o‘tadi. Besh kun davomida o‘nlab konferensiyalar, master-klasslar, filmlar namoyishlari, festivallar, ijodiy uchrashuvlar, forumlar va taqdimotlar o‘tkaziladi.
Mediahaftalik tashkilotchilari – O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi (O‘zEOAVMA), MY5 telekanali, Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarni va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘larini boshqarish bo‘yicha parlament komissiyasi, YuNESKO ishlari bo‘yicha komissiya, Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, O‘zbekiston Kinematografiya agentligi, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi.
Haftalikning barcha tadbirlari yosh jurnalistlar, iqtidorli yosh mutaxassislar va talabalarning kasbiy mahoratini, bilim darajasini oshirishga, ijodiy va kasbiy rivojlantirishga yo‘naltirilgan.
Shu munosabat bilan haftalik tadbirlarning aksariyati yoshlarga bag‘ishlangan – maxsus taqdimotlar va media-tadbirlar, mamlakatning oliy ta’lim muassasalari va yetakchi ommaviy axborot vositalari o‘rtasidagi hamkorlik memorandumlarining imzolanishi, iqtidorli yoshlarga maxsus jihozlarni taqdim etish marosimi, yoshlar media-studiyalarining ochilish marosimi, yosh kinoijodkorlar tomonidan suratga olingan filmlarining ochiq namoyishlari va boshqa tadbirlar.
Mediahaftalikda Senat va Qonunchilik palatasi vakillari, milliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarining ijodiy va texnik xodimlari, davlat va jamoat tashkilotlari matbuot xizmatlari rahbarlari, diplomatik korpus vakillari, nodavlat telekanallar rahbarlari, xalqaro tashkilotlar vakillari, jurnalistika fakulteti talabalari, yosh avlod vakillari ishtirok etishadi.
Haftalik doirasidagi tadbirlarga media-ekspert Rene Falkner (Germaniya), «Rossiya segodnya» xalqaro axborot agentligi bosh direktori, «Vesti Nedeli» dasturining muallifi va boshlovchisi Dmitriy Kiselyov, teleboshlovchi va dokumentalist Valdis Pelsh, dokumentalist va telerejissyor Saida Medvedeva kabi mutaxassislar taklif etilgan. Shu bilan birga tadbirda O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan Turkiya va Buyuk Britaniyaning yetakchi nashrlari jurnalistlari ishtirok etishadi.
Haftalikning dasturi turli formatdagi tadbirlarni o‘z ichiga oladi. Xususan, taklif qilingan mehmonlarning maxsus uchrashuvlari va mahorat darslari, «Yangi Zamon» axborot-tahliliy dasturi yangi pavilonining ochilish marosimi, «Yangi O‘zbekiston - yangi media. Muvaffaqiyat siri» mavzusida mamlakatning taniqli jurnalistlari va media-ekspertlari ishtirokida ochiq muloqot, teleboshlovchi va dokumentalist Valdis Pelshning teleboshlovchilar guruhi uchun mo‘ljallangan treningi, «Shum bola-2021» xalqaro kinofestivali.
«Yangi O‘zbekistondagi hayotimiz jadal ravishda rivojlanmoqda va atrofdagi barcha narsalarning, shu jumladan, mediamakonning transformatsiyasini talab qilmoqda. Odamlar ijtimoiy tarmoqlar, televideniyega ko‘proq qiziqyaptilar va shu sababdan media, iste’molchilarning talablariga qarab ishlashi kerak. Shu o‘rinda O‘zbekiston 60 foizi yoshlardan iborat mamlakat ekanini hisobga olish lozim. Shuning uchun yoshlar talabiga javob bera oladigan kontentni yarata bilish muhim. Bunday kontentni faqat har qanday formatda ishlay oladigan, serqirra va mamlakat hayotini tezkorlik bilan yorita oladigan yosh avlod jurnalistlari, multimediya kontent mualliflari yaratishi mumkin», - deya ta’kidladi O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi rahbari Firdavs Abduholiqov.
Mediahaftalik tadbirlari 2021-yil 3-7-may kunlari poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida, shuningdek, mahalliy telekanallarning studiyalarida bo‘lib o‘tadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter