Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yaponiyada «O‘zbekiston madaniyati kunlari» bo‘lib o‘tmoqda

Yaponiyada «O‘zbekiston madaniyati kunlari» bo‘lib o‘tmoqda

Foto: Madaniyat vazirligi

Yaponiyada «O‘zbekiston madaniyati kunlari» boshlandi — Tokio shahridagi mingga yaqin o‘ringa ega «Ginza» saroyida uning doirasidagi tadbirlarining ochilish marosimi o‘tkazildi.

«O‘zbekiston madaniyati kunlari» tadbirlarining ochilish marosimiga bag‘ishlangan konsert dasturida mamlakatimizning taniqli san’atkorlari ishtirok etdi.

«Yaponiyada «O‘zbekiston madaniyati kunlari» — nafaqat madaniy hayotimizdagi muhim voqea, balki O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro hurmatga asoslangan aloqalarning yana bir yorqin ifodasidir. O‘zbekiston va Yaponiya xalqlarini qadimiy tarix, boy madaniyat, an’analarga sadoqat va kelajakka ishonch birlashtirib turadi. Ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar yildan-yilga mustahkamlanib, siyosiy, iqtisodiy va, ayniqsa, madaniy sohalarda izchil rivojlanib bormoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida, jamiyat hayotining barcha sohalari rivojlanmoqda hamda O‘zbekiston ochiq va zamonaviy davlat sifatida dunyoga yanada tanilib bormoqda.

Madaniyat va san’at sohasiga qaratilayotgan alohida e’tibor tufayli, milliy madaniyatni asrab-avaylash, ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash va xalqaro madaniy aloqalarni kengaytirish davlat siyosatining muhim yo‘nalishiga aylangan. Bugungi «O‘zbekiston madaniyati kunlari» tadbiri ana shu siyosatning amaliy natijalaridan biridir», — dedi O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov nutqi davomida.

Konsertda xalq artistlari — Munojat Yo‘lchiyeva, Zulayho Boyxonova, Gulsanam Mamazoitova, xizmat ko‘rsatgan artistlar — Ilyos Arabov, Abdurashid Yo‘ldoshev, Yunus Rajabiy nomidagi «Maqom» ansambli xonandalari, «Tumor» raqs ansambli raqqosalari, «Nihol» mukofoti sovrindori Umid Isroilov, «Zulfiya» nomidagi davlat mukofoti sovrindori Shahnoza Yoqubjonova, O‘zbekistonning Yaponiyadagi madaniyat elchisi Mashu Komazaki va boshqalar ishtirok etishdi.

«O‘zbekiston madaniyati kunlari» doirasida san’at ustalari ishtirokida konsert dasturlari, fotoko‘rgazma hamda bir qator rasmiy uchrashuvlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring