Yaponiyalik qo‘shiqchi «O‘zbek madaniyati elchisi» etib tayinlandi (video)
Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi hamda Yaponiya elchixonasi bilan hamkorlikda yaponiyalik taniqli qo‘shiqchi va sozanda – Komazaki Mashuni «O‘zbek madaniyati elchisi» etib tayinlash marosimi o‘tkazildi.
Madaniyat vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, elchi Muhsinxo‘ja Abdurahmonov «O‘zbek madaniyati elchisi», degan maqom birinchi bo‘lib Yaponiya fuqarosiga berilgani va bu ishonch Komazakiga Yaponiyada O‘zbekistonning madaniyati va san’atini bundan-da keng ravishda targ‘ib qilishida keng imkoniyatlar yaratib berishini alohida ta’kidlab o‘tgan.
Marosimda ishtirok etgan Madaniyat vazirligi vakillari tomonidan Mashu Komazakining «O‘zbek madaniyati elchisi» sifatidagi faoliyati har tomonlama qo‘llab-quvvatlanishi, ya’ni milliy madaniyatimizni targ‘ib qilishda zarur bo‘lgan liboslar, musiqa cholg‘ulari, adabiyotlar, hunarmandchilik va madaniyatimizni targ‘ib qiluvchi boshqa mahsulotlar taqdim qilinishini ma’lum qilindi.
«Shu kungacha Yaponiyada tashkil qilinayotgan madaniy tadbirlarda o‘zbek milliy kuy va musiqalarini ijro etganimdan so‘ng, ko‘plab yapon tomoshabinlari «Mashu xonim, sizning ijrongiz orqali Buyuk ipak yo‘lidagi sirli mamlakat haqida yorqin tasavvur hosil bo‘ldi, biz siz bilan O‘zbekistonga tashrif buyurishni xohlar edik», degan fikrlarni eshitganimda musiqa va kuylar inson qalbiga naqadar ta’sir o‘tkazishidan hayratlanaman. Bu meni yanada ijod qilishimga va Yaponiyada yurtingiz ixlosmandlarini oshirishga ilhomlantiradi», — dedi Mashu xonim Komazaki.
Tadbir davomida elchixona bilan hamkorlikda Yaponiyada mamlakatimizning madaniy salohiyatini keng targ‘ib qilib borish, qo‘shma loyihalarini amalga oshirish, Yaponiya ommaviy axborot vositalari orqali O‘zbekiston haqida ko‘rsatuvlar tayyorlash va maqolalar chop qilish bo‘yicha kelishib olindi.
Ma’lumot uchun: Mashu Komazaki Tokio shahrida tug‘ilgan, Tokio musiqa universiteti fortepiano fakultetini tamomlagan. 2015–2017 yillarda Yaponiyaning xorijdagi hamkorlik ko‘ngillilari dasturi bo‘yicha O‘zbekistonning Buxoro shahridagi o‘rta umumta’lim maktabida ko‘ngilli ravishda musiqa o‘qituvchisi sifatida faoliyat yuritgan. O‘zbekistondagi faoliyati davomida milliy musiqamizdan tahsil olib, o‘zbek dutorini o‘rgangan. 2018 yilda O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan Birinchi Xalqaro maqom san’ati anjumanida o‘zbek dutorida «Sunbula» kuyini ijro etib, faxrli uchinchi o‘rinni egallagan. 2022 yil O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining Faxriy yorlig‘i bilan taqdirlangan. O‘tgan yili O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan «Sharq taronalari» xalqaro musiqa va «Boysun bahori» xalqaro folklor festivallarida ishtirok etgan va faxrli o‘rinlarni egallagan. Shuningdek Mashu xonim Tokio shahridagi «Takinogava» tadbirlar zalida «Buyuk ipak yo‘li» musiqalari bo‘yicha konsert dasturini tashkil qilib, unda O‘zbekiston musiqasi va kuylarini yapon hamjamiyatiga taqdim qilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter