Yulduz Usmonovaga... faqat sud demasangiz
Yulduzxonim, sizga ko‘pchilik muxlislaringiz nomidan murojaat etmoqchiman. Albatta, bu satrlarni o‘qib, jazavaga tushmasangiz. Darrov sud deb, po‘pisaga shoshmasangiz. Bu satrlarni sizga qandaydir qitmir jurnalist emas, O‘zbekistondagi bir muxlisingiz sizni sevgan xalqingiz nomidan yozmoqda, deb bilsangiz. Agarda shu ginalarimiz uchun sudga bermoq istasangiz, marhamat, bering, faqat arznomalar 33 mln. dona bo‘lsin.
Bilsangiz, san’atkor sahnaga ilk qadamini qo‘yganidan boshlab, uning shaxsiy hayoti bo‘lmaydi. Shaxsiy gapi, shaxsiy ishi ham. Ayniqsa, siz kabi xalqning sevimli artistlarining har bir harakati diqqat markazda bo‘lsa. Bilsangiz, sizning har bir so‘zingiz yoshlarga o‘rnak, hatto qaynonalarga ibrat. Bilaman, qalbingiz qaynoq, ta’sirchansiz, hayot sinovlaridan o‘tgansiz, toblangansiz. Ammo sizning keyingi, ijtimoiy tarmoqlarda, ko‘cha-ko‘yda ko‘p va xo‘b muhokamalarga sabab bo‘layotgan «chiqish»laringiz ko‘pchilik muxlislaringiz qatori meni ham ranjitdi.
Yulduzxon! O‘zi shu kunga qadar estradamizda betakror qo‘shiqlaringiz orqali, qolaversa, shaddodligingiz bilan yangi maktab yaratgansiz. Buni ehtimol o‘zingiz ham bilmassiz. Avvallari iymanib intervyu beradigan ko‘pchilik ayol xonandalarimizga, sizdan o‘rnak olishdimi, sharaqlab kuladigan, uzib-uzib gapiradigan bo‘lishdi. Bugun siz yaratgan «shaddodlar maktabi»ning vorislari shunchalik ko‘payib ketganki, maktabingiz «a’lochilari» Dilfuza Ismoilova, Mavluda Asalxo‘jayevalardan tortib, Zuhra Soliyevayu, Munisa Rizayevalar ham har harakatida unga sadoqatli.
Bugun sizga o‘sha o‘zingiz ham sog‘inadigan asl Yulduzni eslatmoqchiman va cheksiz energiyangizni bir paytlardagi kabi so‘nmas qo‘shiqlar yaratishga sarflashingizni so‘ramoqchiman. Zero, siz kabi san’atkorga oxirgi tralivalelar, e uzr, taralladalilar yarashmas — sen san’atni tushunarmiding, deysizmi? Yo‘q, men san’atshunos emasman, shunchaki muxlisingizman. Unutmang, asl qo‘shiqlar oddiy xalq uchun, san’atshunoslar uchunmas.
Aslida bilsangiz, men siz bilan ilk bora 1990-yillar boshlarida tanishganman. O‘shanda uyimizga yangi plastinka kelgandi. «Sen meni ishontir» degan. O‘sha plastinkadagi rasm hamon esimda. O‘sha davrdagi so‘nggi urfda bo‘lgan «Zolotaya ribka» ko‘ylagida, nimtabassum bilan porlab turgan, iymanishga moyil chiroyli ko‘zlar. O‘shanda o‘n yoshli bola bo‘la turib, sizni va qo‘shiqlaringizni sevib kolgandim.
Ana shu davrdan boshlab, bu plastinkalar audiokassetlarga aylanib, barcha xonadonlarni zabt eta boshladi. Yulduz samoga intilgani sayin, o‘sha iymanishga moyil ko‘zlar ham kundan-kunga porlab, shaddodlasha bordi. U har mavsum yangi albom bilan, yangitdan-yangi shedevrlari bilan barchani maftun etardi. «Nastarin», «Qizil olma», «Sen meni ishontir» kabi o‘nlab qo‘shiqlari xalqimiz yuragidan joy olgandi. Yulduz tobora ko‘kka intilardi. Uning qo‘shiqlari yoshligimizning eng shirin xotiralari bo‘lgan bayram, tavallud ayyomlarida doim biz bilan hamroh edi. Hatto ilk muhabbat tantanasiyu ayrilig‘ida ham bizga sirdosh, yupanch Yulduz va uning qo‘shiqlari edi. Xalqona yo‘nalishdagi, milliy estradada kuylangan qo‘shiqlar goho sho‘x kayfiyatda, goh sokin, ba’zan falsafiy mavzularda bo‘lar va ular albatta o‘z muxlislarini topardi. Bu ijodida cheksiz intilish, ishtiyoq va mehnat bo‘y ko‘rsatib turgan, asosiysi, sahnada hamon samimiy, soddadilligicha qolayotgan o‘sha Yulduzimiz edi. O‘shanda uning raqslariga hattoki professional raqqosalar ham havasda bo‘lardi. «Binafsha» qo‘shig‘iga tushgan raqsini eslaysizmi?! Xullas, Yulduz o‘shanda kuchli ijod mashinasiga o‘xshardi.
Unga mehrim shu qadar ediki, hatto Farrux Zokirov bilan kuylagan duet ashulasidagi sahna ko‘rinishidan so‘ng uni rosa rashk qilgandim. Beg‘ubor qalb bilan Yulduzimdan malomatli araz qilgandim. Yillar sayin u samo peshtoqiga pillapoyalardan qadamlab emas, parvoz ila ko‘tarila bordi. Qo‘shiqlari zalvori ham ham shunga mos edi.
Yulduzning Vatan haqidagi qo‘shiqlari shu darajada ta’sirli ediki, eng mudroq qalblarda ham yurtga muhabbat uyg‘otar, har bayramda undan shunday madhiyalar kutardik. «Hech kimga bermaymiz seni, O‘zbekiston!» — ushbu qo‘shiqni ko‘zda yoshsiz tinglab bo‘ladimi?!
2000 yillar... Bu yillarda Akrom Ibodullayev va Ruslan Sharipovlar bilan hamkorlikda ijod qila boshlagan Yulduz Usmonovaning yana ko‘plab qo‘shiqlari dunyo yuzini ko‘rdi: «Dunyo», «Hasrat», «Oqqan daryo — oqaveradi», «O‘zingdan qo‘ymasin, xalqim», «Sanamgina», «Nozanin».
Bugun biz sizni sog‘indik: ijtimoiy tarmoqlarda goh tanqidchi, goh otinoyi sifatida «porlayotgan yulduz»ni emas, sevimli vatan madhiyachisi, qalblarni larzaga soluvchi, ko‘zlarni yoshlovchi mo‘jizakor san’atkorimiz — Yulduz Usmonovani. Ishoning, har bayramda sizning o‘sha madhlaringizga intiqmiz, sizning o‘rningiz esa hamon bo‘sh. Sizdek bo‘lolmas o‘zga «yulduz»lar. Qayting!
Shuhrat Normurodov
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter